"Rustambank" asoschisi 19 yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi

Rustam Usmonov

O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank - "Rustambank" sobiq xo‘jayini 69 yashar Rustam Usmonov 19 yillik qamoqdan so‘ng, ozodlikka chiqdi. Iqtisodiy jinoyatlar sodir etganlik aybi bilan avvaliga 1998 yilning oktyabr oyida 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, 2012 yilda jazo muddati yana besh yilga uzaytirilgan tadbirkor tutqunlikning so‘nggi besh yilini “Jasliq” qamoqxonasida o‘tkazdi.

O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank egasi Rustam Usmonovning qamoqdan ozod bo‘lganini uning yaqinlaridan biri tasdiqladi:

“Amakimga 13 fevral kuni jazo muddati tugagani munosabati bilan javob berishdi. Jasliqdagi qamoqxonadan kutib oldik va Toshkentga olib keldik. Sog‘liklari unchalik yaxshi emas. Hozir uydan turib, davolanishga borib kelyaptilar. Kayfiyatlari yaxshi. Mirziyoevga rahmat aytyaptilar”, dedi sobiq tadbirkorning qarindoshlaridan biri.

Rustam Usmonov O‘zbekiston qamoqxonasida eng ko‘p o‘tirgan tadbirkorlardan biri sanaladi.

U amnistiya bo‘yicha emas, balki qamoq jazosi muddati tugagani munosabati bilan bilan ozod qilindi.

1948 yili Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida tug‘ilgan asli iqtisodchi Rustam Usmonov¸ Gorbachyovning qayta qurish davrida xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshlagan edi.

1987 yili O‘zbekistonda asalarichilik shirkatini ochdi. Kanada yomg‘ir chuvalchanglarini ko‘paytirib sotib, millionlar egasiga aylandi.

1992 yilda ochilgan O‘zbekistondagi ilk xususiy bank "Rustambank" egasi ham aynan Rustam Usmonov bo‘ldi.

1990-yillarda Rustam Usmonov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov e’tiboriga tushgan tadbirkorlardan biri bo‘lgan.

Ammo Karimov nazariga tushganidan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonda samarali faoliyat ko‘rsatgan “Rustambank” yopildi va Rustam Usmonovning o‘zi qora kursiga o‘tqazildi.

1998 yil 19 oktabr kuni Andijon viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy olish-sotish kabi moddalarda ayblanib, 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jazo muddati tugashiga sanoqli oylar qolganida 2012 yilning oktabr oyida Usmonovga qamoqxona ichki tartibini buzganlik kabi qator ayblar qo‘yilib¸ qamoq muddati yana 5 yilga uzaytirilgan edi.

Rustam Usmonov tovlamachilik, valyutani noqonuniy oldi-sotdisiga doir moddalarda ayblanib qamalgan bo‘lsa-da, oila a’zolari uning siyosiy mahbus ekanini ta’kidlab kelishgan.