Berdimuhammedovning bevaqt vafot etgani aytilayotgan muovini aslida o‘zini osgan

Ozodlik manbalari Botir Ereshov o‘zini o‘ldirganini iddao qilmoqdalar.

Turkmaniston prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedovning sobiq o‘rinbosari o‘z joniga qasd qilgan. Ozodlikning turkman xizmati manbalari iddaosicha, 3 may kuni Turkmaniston ommaviy axborot vositalari bevaqt vafot etgani haqida xabar qilgan 50 yoshli Botir Ereshov aslida bundan bir necha kun oldin o‘zini osgan.

Manbalarga ko‘ra, Turkmaniston Vazirlar mahkamasining rais o‘rinbosari, ishlab chiqarish sohasi uchun mas’ul Botir Ereshov o‘g‘li yirik miqdorda pul bilan hibsga olinganidan bir necha kun o‘tgach - 29 yoki 30 aprel kuni o‘z joniga qasd qilgan.

Ereshovning o‘zini o‘ldirgani haqida 21 may kuni “Xronika Turkmenistana” sayti ham xabar qilgan.

Rasmiy tuzilmalarga yaqin bo‘lgan va ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikning turkman xizmatiga gapirgan manbalardan biri o‘g‘li hibsga olinganidan keyin Ereshovning ortidan kuzatuv o‘rnatilganini¸ uning o‘ziga ham hibsga olinishi haqida norasmiy xabarlar yetkazilganini iddao qildi.

Bu manbaning aytishicha, marhum amaldor o‘g‘lining hibsga olinishiga Lebap viloyatidagi tsement zavodida (bu korxonada poraxo‘rlik holatlarini fosh etilgan) o‘tkazilgan tekshiruv sabab bo‘lgan.

"Hammasi Ereshov tasarrufida bo‘lgan Lebap tsement zavodidagi tekshiruvdan boshlandi. Huquq-tartibot idoralari aprel oyi o‘rtalarida semzavodga reyd uyushtirishdi, kamomad topishdi, yirik miqdordagi poraxo‘rlik faktlari fosh bo‘ldi. Shundan keyin uning o‘g‘lini yirik miqdordagi pul bilan qo‘lga oldilar", - dedi ayni manba.

U sobiq amaldorning ismi va yoshini hamda uning Lebap sement zavodi yoki otasi faoliyatida qanaqa rol o‘ynashini bilmasligini aytdi. Biroq Markaziy Osiyo respublikalarida amaldorlarning yaqinlari, odatda, o‘g‘illar ota-onalarining tasarrufida bo‘lgan sohalar ishida faol ishtirok etadilar.

Xavfsizlik vajidan ismi oshkor qilinmasligi sharti bilan gapirgan yana bir manba Ereshov uning o‘limi rasman e’lon qilinganidan bir necha kun avval o‘z joniga qasd qilganini bildirdi. Uning iddaosicha, Ereshovning o‘g‘li bu xudkushlikdan bir necha kun avval – taxminan 24-25 aprelь kunlari qo‘lga olingan. Sobiq vazir esa 29 apreldan 30 aprelga o‘tar kechasi o‘zini osgan.

"Uning o‘g‘li katta miqdordagi pul bilan ushlangan. Kuzatuv boshlangan, Ereshovni har tomondan hademay uning o‘zini ham hibsga olishlari to‘g‘risida ogohlantira boshlaganlar. Shundan keyin o‘zini osib qo‘ydi. Jasadni olib ketib, uch kungacha berganlari yo‘q. Keyin jasadni berishgan va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘zi tug‘ilgan O‘zbekiston hududida ko‘milgan. O‘g‘li esa hali ham hibsxonada", - deya ta’kidlaydi bu manba.

“Xronika Turkmenistana” sayti xabarida Ereshovning O‘zbekiston Buxoro viloyatidagi ajdodlari ko‘milgan qabristonda dafn etilgani aytiladi. Ozodlik manbasi ham Botir Ereshovning O‘zbekistonda tug‘ilganini iddao qiladi.

Biroq amaldorning o‘limi haqida 3 may kuni chiqqan rasmiy xabarda Botir Norqulievich Ereshovning 1966 yil 13 iyun kuni Lebap viloyati Garashsizliq etrapi (tumani) S.A.Niyozov qishlog‘ida tug‘ilgani qayd etilgan. Sobiq ittifoq davrida bu tuman Moskovskiy deb atalgan va hozir u O‘zbekistonning Buxoro viloyati chegarasidadir.

Manbalar iddaosicha, mayitni yaqinlariga 3 may kuni rasmiy nashrlarda o‘lim e’loni chiqqanidan keyin topshirganlar va oshig‘ich dafn etishni buyurganlar. Jasadni O‘zbekistonga olib ketish bo‘yicha rasmiylar tomonidan ko‘rsatma bo‘lganmi, yo‘qmi¸ bu ham ma’lum emas.

Ereshov o‘lgani haqida 3 may kuni – Turkmaniston bosh prokurori Amanmirat Xalliev ishdan olingan (4 maydagi) hukumat majlisidan bir kun oldin e’lon qilingani ham e’tiborga sazovordir. Davlat telekanali orqali namoyish qilingan majlisda prezident Qurbonquli Berdimuhammedov bosh prokuror bilan birgalikda prokuratura va Ichki ishlar vazirligidagi qator amaldorlarni ham vazifasidan ozod qilgan.

Bu voqeadan so‘ng Ozodlikning turkman xizmati o‘z manbalariga tayangan holda, sobiq bosh prokuror va kuch ishlatar tuzilmalarda ishlagan yana 50 mansabdorning hibsga olingani haqida xabar qilgandi.

Ozodlik manbalari Xalliev va boshqa amaldorlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun badavlat tadbirkorlar va vatandoshlardan pul yig‘ish bo‘yicha prezident buyrug‘ini bajarolmaganlari sababli ishdan olinganlarini bildirdi. Manbalardan biri prezident Berdimuhammedov prokurorlardan birining uyi tintuv qilinganida u yerdan 15 million dollar naqd pul chiqqanini eshitib, g‘azab otiga minganini aytadi.

Ozodlik xabaridan keyin Turkmaniston davlat televideniesi o‘nlab mansabdor hibsga olingani haqida lavha namoyish qilgan.

Bu Turkmanistonda mansabdor shaxs o‘zini o‘ldirishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. O‘tgan yil iyunida “Turkmenneft” davlat konserni viloyat boshqarmasi bo‘limlaridan birining boshlig‘i bo‘lgan Bayram ismli kishi ish kabinetida o‘zini osib qo‘ygan edi.