Muhojirni pichoqlagan "millatchi"ga 10 ming rubl jarima solindi

Abdulhakim hujumga uchragandan keyingi ahvoli, 05.02.2017 y.

Rossiyaning Moskva shahri Bobruyskiy tumani sudi 25 yoshli o‘zbek muhojirini chavaqlab ketgan smolensklik yigitni “mayda bezorilik uchun” 10 ming rubl yoki 165 dollarlik jarimaga tortdi va sud zalida ozod qildi. Ozodlik bilan suhbatda 25 yashar Abduhakim va uning himoyachilari sudyaning bu qaroridan hayratga tushganini bildirdi.

Jinoyatda aybdor deb topilgan 20 yashar smolensklik Vladislav Valuev sud mahkamasida o‘z harakatlarini “aynan o‘zbek va tojiklarni yomon ko‘rishi” bilan izohladi.

Moskvaning Bobruyskiy tuman mirovoy sudi sudyasi Trembachyova Smolensk viloyatidan Moskvaga kelib, qurilishda ishlab yurgan 20 yashar Vladislav Valuevni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 115 moddasi, 2 qismi “b,v” bandlari bo‘yicha 300 soatlik majburiy mehnat ishlariga jalb qildi va 10 ming rubl miqdoridagi jarimaga tortdi. Sud uni “bezorilik mayli bilan yengil tan jarohati” yetkazganlikda aybdor topdi.

Mayda bezorilik deb sudya Valuevning tojikistonlik taksichi Abdulhakim Kenjaevga 6 marotaba pichoq urganlikni baholadi.

Sudya Trembachyova o‘z qarorini muhojir Kenjaev Vladislav Valuevga ham tan jarohati yetkazgani bilan izohlashga urindi.

Sud hakamining yashin tezligida ishni ko‘rib chiqishi va hukm chiqarishi ko‘plab kuzatuvchilar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Abdulhakim sudda saqich chaynab o‘tirgan Vladislav Valuev o‘z qilmishi uchun yengil jazo olishiga boshidan ishonganini Ozodlikka aytadi.

20 yashar Vladislav Valuev oldin ham sudning yengil jazosi bilan qutulib ketgan

Uch farzandning otasi bo‘lgan Abdulhakim oxiri oqibat o‘zi aybdor bo‘lib qolmaganidan xursandligini kinoya qildi:

- Oxiri oqibat u haq, biz nohaq bo‘lib chiqdik. Uni qo‘yib yuborishdi, 10 ming rubl “ma’naviy zarar” jarima solishdi, tamom! “Xohlasang, 5-10 ming rubl beradi”, degan gap qilishdi.

- Sizga necha marotaba pichoq solgandi u?

- Olti marotaba. Moskvada davolandim bir hafta, uydagilar xavotir olganidan keyin uyda uch hafta davolandim. Jami 1 oy ketdi davolanishga. Samolyotga biletimning o‘zi 30 mingdan oshgandi. Endi boshqa erga murojaat qilamiz-da... Bularni tushunib bo‘lmaydi – sudyani aytgan gapi mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi haqiqatga, dedi Abdulhakim.

Valuev Abdulhakimning olti joyiga pichoq urgan

Abdulhakim Kenjaevga bo‘lgan hujum haqida Ozodlik oldinroq xabar bergandi.

2017 yilning 5 fevralida Tojikistonning Yovon tumanilik Abdulhakim Kenjaev Moskvaning Strogino tumaniga o‘z avtomashinasida olib borib qo‘ygan shaxs tomonidan hujumga uchragan edi.

Jinoyatchi Valuevni u o‘zi ushlab, hodisa joyida politsiyaga topshirgandi.

Shifoxonada Abduhakim peshonasidan, jag‘idan, yelkasidan, qo‘lidan va bo‘ynidan pichoqlangani aniqlangan.

Sud hukmi

Ozodlik bilan suhbatlashgan Kenjaevning suddagi himoyachisi, “Grajdanlik ko‘mak” tashkiloti advokati Magomedshomil Shabanov tergov boshidan mahalliy rus yigiti tarafini olib kelgani va sudga “yengil tan jarohati yetkazish” moddasi asosida belgilanganini so‘zladi.

- Men sudga uning jarohatlari yuzasidan qayta ekspertiza tayinlash zarurligini bildirib davo kiritgan edim - sudya uni ham qabul qilmadi. Vaholanki, Kenjaevga yetkazilgan jarohatlar ekspertizasi uning yo‘qligida qilingan! Shuning o‘zi ob’ektiv qaror chiqarilishini shubha ostiga qo‘yadi. “Sizning Kenjaevga nisbatan bu harakatlaringiz nima bilan asoslangan edi?” deya bergan savolimga, Valuev sud oldida ochiqchasiga “Men ularni - o‘zbek va tojiklarni yomon ko‘raman!”, degani ham sudning e’tiboridan tashqarida qoldi. Biz sudning bu qarori ustidan albatta yuqori idoralarga arz qilamiz va jinoyatchiga adolatli jazo tayinlanishini talab qilamiz, dedi advokat Magomedshomil Shabanov.

Suhbatdosh o‘zbek muhojirini o‘ldirmoqchi bo‘lgan Vladislav Valuev 2012 yilda bir nechta mayda bezorilik, o‘g‘rilik va boshqa jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgani, biroq sud o‘shanda ham unga shartli jazo tayinlangani aniqlanganini bildirdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Advokat Magomedshomil Shabanov bilan suhbat