Toshkentlik oila chaqalog‘ining tug‘ruqxonada almashtirilganini iddao qilmoqda

Muhammadalining suratini uning otasi To‘rabek Rahimov Ozodlikka taqdim etdi.

Toshkentdagi 6-tug‘ruq markazida 4 mart kuni tug‘ilgan Muhammadali oradan ikki kun o‘tib o‘lik holda ota-onasiga topshirilgan. Ammo o‘zlari ko‘rgan chaqaloq bilan jasadi berilgan bolaning farqli ekanini aytayotgan ota-ona¸ bolaning atayin almashtirilganini iddao qilmoqda va bu gumonni tasdiqlash yoki inkor qilish uchun jasadni eksgumatsiya qilib¸ DNK analizi o‘tkazilishini talab qilmoqda. Ammo, hozircha, prokuratura bu talabni asosli, deb topmayotir.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi To‘rabek Rahimov va Dilfuza Yunusbekova (hujjatga ko‘ra Djunusbekova)ning 4 mart kuni 6-tug‘ruq markazida tug‘ilgan birinchi farzandi Muhammadali "7 mart saharda o‘ldi", deb aytilgan.

7 oylik tug‘ilgan chaqaloq ahvolining og‘irlashgani haqida ham¸ uning nobud bo‘lgani haqida ham vaqtida ogohlantirilmaganini aytayotgan ota-ona qariyb olti oydan beri o‘lgan chaqaloq o‘z farzandi ekaniga ishonmayotir.

Negaligini chaqaloqning otasi To‘rabek Rahimov aytadi:

- 7 mart kuni hujjatlashtirib¸ bolaning jasadini olib chiqdik. Ayolimning davleniesi oshib¸ o‘zidan ketib qolavergani uchun¸ bolani unga ko‘rsatmadik. Yuvib-tarab¸ kafanladik. Yuvish paytida kirib ko‘rdim¸ sochlari sariq ekan. Ko‘mib keldik. Keyin ayolim tug‘ilganidan ko‘p o‘tmay telefoniga rasmga olgan ekan¸ ochib qarasam¸ butunlay boshqa bola. Bizning bolamizning sochi qora¸ jingalak¸ ko‘mib kelgan chaqaloqniki sariq. Darrov aytdim¸ bu bizning bolamiz emas¸ deb. O‘sha zahotiyoq chaqaloqni almashtirib qo‘yishgan¸ degan gumon tug‘ildi¸ deydi To‘rabek Rahimov.

Suhbatdosh¸ o‘zining bunday shubhasini kuchaytiradigan qator jihatlar borligini ta’kidlaydi:

- Inkubatorda¸ shishaning ichida ko‘rdim. Yaxshi edi ahvoli¸ qimirlab turuvdi. Yonimda bitta konsultant kelib¸ ahvoli yaxshi¸ sut beringlar¸ deb ketdi. Uning yonida yotgan bolaning ahvoli juda og‘ir edi¸ unga qo‘l bilan havo berishayotgan edi¸ degan Rahimov¸ o‘lgan o‘z chaqalog‘i emas¸ uning yonida yotgan chaqaloq ekani gumon tinchlik bermay qo‘yganini aytadi.

8 mart kuni Rahimovlar oilasi 6-tug‘ruq markaziga borib¸ chaqaloq almashgani haqidagi o‘z gumonini rahbariyatga bildirgan. Bunga nisbatan “bo‘lishi mumkin emas”¸ degan qat’iy javob olgan To‘rabek Rahimov¸ shundan so‘ng o‘z gumoni yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishi talabi bilan barcha rasmiy tizimlarga murojaat qilishni boshlagan.

To‘rabek Rahimovning prezident portaliga yozgan maktubi nusxasi.

Bu murojaatida ota o‘z chaqalog‘i tug‘ilishiyu¸ uni o‘ldi deb e’lon qilinishi jarayonida tug‘ilgan qator savollarga javob berilishini so‘ragan.

Prezident portaliga yo‘llangan xatda qator savollarga javob so‘ralgan.

​Prezident portalidan boshlangan murojaat Sog‘liqni saqlash vazirligi va Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasiga kelib tushgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining To‘rabek Rahimovga bergan javobi nusxasi.

​“Bu jarayon davomida 6-tug‘ruq markazi vrachlari tomonidan noto‘g‘ri ma’lumot berib chalg‘itishlar bo‘ldi va bu bizning gumonimizni yanada kuchaytirdi¸ shundan keyin biz DNK analiz o‘tkazilishni talab qildik”¸ deydi Rahimov:

- Bolani o‘rab kelgan choyshabda¸ bolani kesganda (o‘lim sababini hujjatlashtirish uchun chaqaloq jasadi ochilgan - tahr.) tekkan ikkita qon dog‘i bor edi. Shundan DNK qilishdi. DNKdan o‘lgan bola sizniki¸ degan hujjat berishdi. Prostinani ko‘rsatinglar¸ qaysi qondan DNK qilishdi¸ deb so‘rasam¸ prokuratura bir oy ko‘rsatmay yurdi. To‘polon qilganimdan keyin ko‘rsatishdi¸ qarasam¸ choyshabda boshqa dog‘lar paydo bo‘lipti. Bu gumonimni yana kuchaytirdi va prokuraturadan jasadni eksgumatsiya qilib¸ yangidan DNK qilishni so‘radim¸ deydi Rahimov.

Otaga ko‘ra¸ to‘rt oydan beri uning bu so‘rovi jiddiy qabul qilinmayapti va bu raddiya o‘zi va ayolida¸ chaqaloqning almashtirilgani gumonini faqat kuchaytirmoqda.

Rahimovlar eksgumatsiya va qayta DNK analizi so‘rashga haqlimi?

Bu savolga Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi mutaxassisi¸ qolaversa¸ markazning Toshkent shahri va viloyati ekspertlari tasdiq javobini berishdi.

Agar ota-ona¸ ko‘milgan jasadning o‘z bolasi ekaniga ishonmasa¸ uni qabrdan ochib¸ DNK analizi o‘tkazishni so‘rashga haqlidir. Lekin bu ishni ular o‘zicha qilolmaydi. Biz fuqarolarning bunaqa so‘rovini qondirish vakolatiga ega emasmiz. Bu ishni faqat ichki ishlar¸ prokuratura yoki sud so‘rovi bilan qilamiz. Bunaqa analiz qancha tez qilinsa¸ natijasi shuncha aniq va bizga osonroq bo‘ladi"¸ dedi markazning Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislaridan biri.

Eksgumatsiyaga nega ruxsat berilmayapti?

Ozodlik bilan suhbatda To‘rabek Rahimov¸ o‘z talabining qondirilishi "O‘zbekiston tug‘ruqxonalarida sodir etilayotgan ulkan jinoyatlarning fosh bo‘lishiga turtki bo‘lishi mumkinligi va bu jinoyatni sodir etayotgan uyushgan to‘da bunga har tomonlama qarshilik ko‘rsatayotganini" iddao qiladi. Unga ko‘ra¸ prokuratura bu jinoyatni jiddiy taftish qilish o‘rniga¸ uni “bosdi-bosdi qilish¸ yashirish bilan ovora”.

Prokuratura javobi nusxasi.

Rahimovning bunday iddaosiga munosabat bildirgan Mirzo Ulug‘bek tuman prokuraturasining bu voqeani bevosita o‘rganib chiqqan tergovchisi¸ uni inkor qildi.

Biz bu ota-onaning avholini tushunib turibmiz¸ ularga og‘irligini bilamiz¸ farzandidan ajrashdi. Lekin biz voqeani qonuniy tarzda tekshirib chiqdik¸ ular gumonini tarqatish uchun lozim ishni qildik¸ DNK analiz ham o‘tkazdik. Bu analizni biz emas¸ sud ekspertiza mutaxassislari berdi. Ularning xulosasiga ishonmaslik uchun biror asos yo‘q. Bolaning o‘limi yoki almashgani bo‘yicha jinoiy ish ochishga ham asos yo‘q. Ota-ona eksgumatsiya qildirmoqchi bo‘lsa¸ buning uchun sudga murojaat qilishlari kerak¸ bu vakolat sudlarga berilgan”¸ dedi prokuratura tergovchisi.

To‘rabek Rahimovga ko‘ra¸ Mirzo Ulug‘bek tuman sudi raisiga eksgumatsiya va jasaddan DNK analizi olish so‘rovi bilan murojaat qilgani¸ biroq sud raisi bunday qaror uchun prokuraturadan tegishli so‘rov lozimligini aytgan.

- Xullas¸ unisi bunisiga¸ bunisi unisiga tashlayapti. Men eskgumatsiya qilib¸ mustaqil DNK test o‘tkazilishini so‘rayapman. Pulini o‘zim to‘lashga tayyorman. Kerak bo‘lsa¸ chet elda¸ mustaqil ekspertizaga yubormoqchiman. Lekin bunga jiddiy qarshilik davom etayapti. Bu esa¸ o‘lgan bola meniki emas¸ degan gumonni faqat kuchatirayapti. To mustaqil DNK testi bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘ymaguncha¸ mendagi bu gumon yo‘qolmaydi¸ deydi To‘rabek Rahimov.