O‘zbekiston prezidenti Mirziyoevning dabdabali to‘ylarga qarshi chaqiriqlari ortidan Ozodlik to‘y biznesida band bo‘lgan o‘nlab mutaxassislar ishsiz qolganini aniqladi.
Toshkent to‘ylaridagi raqslarni sahnalashtiradigan 36 yashar Temur Ozodlik bilan suhbatda boshqa ish qidirayotganini aytdi.
Unga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentining "to‘ylarni tartibga solish" haqidagi chaqirig‘idan keyin bir nechta to‘yxona uning hizmatidan voz kechgan¸ vals raqsi o‘rganish bo‘yicha o‘nga yaqin buyurtma bekor bo‘lgan. Temur kelin va kuyovga vals va boshqa xorijiy raqslarni soatiga 50 ming so‘m olib o‘qitib kelardi. Shuningdek, Temur rahbarligidagi raqqosalar guruhi to‘ylarga shou-balet hizmatini ko‘rsatardi.
"Hozircha gruppam bilan Chimkentga borib ishlab turaman¸ aksilto‘y kampaniyasi o‘tib ketguncha kutib turaman¸" deydi Temur.
Ikkita kitob¸ to‘rtta she’r va bir mulla
O‘zbekiston prezidenti Mirziyoev 11 avgust kuni Olmaliq shahriga tashrif tashrifi davomida to‘y mavzusiga to‘xtalib¸marosim o‘tkazishning "Olmaliq shahar tajribasi"ni taqdim etdi.
"Olmaliq" formatidagi to‘yda "Valьs va balet-shou" yo‘q.
- Bu to‘yda 2ta kitob, 4ta she’r o‘qiydi. Unda yevropacha odam eshitmaydigan har xil diskoteka qo‘shiqlar bo‘lmaydi. Odam tushunadigan ashulalar aytiladi. Munojotga ozgina raqs tushiladi tamom, - dedi prezident.
3 avgust kuni Shavkat Mirziyoevning ijodkorlar bilan o‘tgan uchrashuvda to‘y-hashamlar va ulardagi ortiqcha dabdaba, “kelinnavkar” haqida aytgan fikrlaridan keyin to‘yxona egalari o‘z “repertuarni” qayta ko‘rib chiqib, “ortiqcha yevropalashgan xizmat turlarini to‘xtatishgan” edi.
To‘yxonalar repertuaridan badarg‘a bo‘lgan ilk xizmatlardan biri "yevropacha raqslar" bo‘ldi.
- Bu raqslarni ijro qiladiganlar davlat ansamblida ham ishlashadi va mana ikki oydirki, ular davlatdan maosh olishmadi. To‘ylar orqali ularning tirikchiligi o‘tib turuvdi. Endi shuniyam ko‘p ko‘rishdi¸ - deydi prezident chaqirig‘i ortidan ishi kasod bo‘lgan Temur.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
To‘y haqidagi lavha
60 million turadigan sevgi hikoyasi
To‘y bois zarar ko‘rgan bitta Temur emas. To‘ylarda maxsus Love Story olish bilan shug‘ullanadigan guruh vakili ham Ozodlik bilan suhbatda o‘nga yaqin buyurtma bekor bo‘lganini aytdi.
Bu guruh to‘ydan oldin maxsus xozirlangan "dekorativ zona"larda kelin va kuëvni "xushbaxt"ligini video va fotoga oladi.
To‘y bazmida bu "film" barchaga namoyish qilinadi.
O‘tgan yili to‘yi bo‘lgan Nigora ismli Toshkentlik kelin Love Story uchun 60 million so‘m to‘laganini aytadi.
O‘z to‘yiga 40 ming AQSh dollari sarflagan suhbatdoshga ko‘ra¸ bitta to‘y atrofida o‘nlab kasb-hunar egalari tirikchilik qiladi:
-Dekorator¸ sahnani gul bilan bezovchi¸ chiroq ustasi¸ tarvuz va mevalarni gul qilib kesadigan va muzdan haykal qiladigan rassomlar. Sartarosh¸ chevar va qandolatchilar. Bularning hammasi O‘zbekiston prezidenti “dabdabali to‘y” deb atagan tadbirning ajralmas komponentlaridir. Bularsiz to‘y to‘yday bo‘lmaydi ¸ - deydi Nigora ismli Toshkentlik kelin.
Shunga o‘xshash gapni taniqli rassom va libos dizayneri Lola Sayfiy o‘zining Feysbukdagi sahifasida ham yozdi.
"Men progressiv Prezidentimizning kechagi farmonini tushunmadim. Nimaga to‘y industriyasini buzish kerak?" - deya savol qo‘yadi rassom.
Sayfiyga ko‘ra¸ to‘y industriyasi yaratgan o‘nlab ish o‘rinlari bois butun boshli oilalar tirikchilik o‘tkazmoqda:
"Artistlar, qo‘shiqchilar, raqqoslar, o‘rtakashlar, ssenariychilar, shoirlar, rassomlar, dizaynerlar, floristlar, suratkashlar, operatorlar, videoinjenerlar, tikuvchilar, modellar, hunarmandar, mebelchilar. Shuningdek restoran ahli oshpazlar, ofitsiantlar. Poligrafiyachi? Va albattaki, oddiy hammollar, haydovchilar va farroshlarni ham alohida sanab o‘tish joiz!" deya yozadi Sayfiy.
Unga ko‘ra¸ boy oilaning to‘yida xizmat qilganlar ish haqini olib, oilasiga yegulik, kiyim, dori-darmon xarid qiladi.
Ozodlik bilan yozishgan rassom “Chegaradan oshib-toshib ketgan to‘ylarda xizmat qilayotganlarni ishsiz qoldirmaslik kerak” deya ta’kidladi.
Prezident bois armonga aylangan orzu-havas
Ayni paytda yillar mobaynida orzu havas qilib “dabdabali to‘y” formatida shodiyona qilmoqchi bo‘lganlar ham to‘yning Olmaliq “formatiga” o‘tishidan norozi.
Uzoq yillar “O‘rikzor” bozorida do‘konchilik qilib topgan ona puliga uylanayotgan 25 yashar kuyov prezident chaqirig‘i bois besh ming dollar zarar ko‘rganidan noliydi.
O‘z to‘yining “aksil to‘y” targ‘iboti davriga to‘g‘ri kelgan kuyov bir oy davomida kelini bilan birga raqs kursida o‘qigani bekor ketganidan hafa. Bundan tashqari oldindan puli to‘langan shou-balet va Love Story ham bekor bo‘lgan. Kelin navkarlar uchun tiktirilgan bir hil kiyim va dekoratsiyalar ham keraksiz deb topilgan.
- Mening orzu-havaslarimning amalga oshishiga halaqit bergan Mirziyoevdan noroziman, - deydi orzusi armonga aylangan kuyov.
O‘tgan haftada Toshkent shahar hokimiyati to‘ylarni tartibga solish to‘g‘risida navbatdagi farmoyishni chiqargan edi.
Internetga sizdirilgan farmoyish ilovasida kelin-kuyov mashinasidan tashqari boshqa mashinalarni taqiqlashdan tortib muchal va aqiqa to‘ylarini o‘tkazmaslik tavsiya qilingan.
O‘zbekistonda to‘ylardagi dabdabani kamaytirish o‘tgan asrdan bayon muhokama qilinib kelinadigan mavzu.
Lekin bu mavzu muhokamasi fonida to‘ylarda dabdaba yana oshgani kuzatiladi.