Germaniya avtomobil shirkatlari dizel yonilg‘isi ta’sirini o‘rganish uchun odamlar va maymunlar ustida tajriba o‘tkazgani fosh bo‘lishi ortidan keskin tanqidga uchradi.
Ushbu holat Germaniyada ko‘pchilik, jumladan, kansler Angela Merkel tomonidan qoralandi.
Dushanba kuni Sueddeutsche hamda Stuttgarter Zeitung kundalik gazetalari Volkswagen, Daimler va BMW shirkatlari moliyalashtirgan tadqiqot guruhi Germaniyada 25 sog‘lom shaxs orasida azot oksidi ta’sirini o‘rganish bilan shug‘ullangani haqida xabar qilgan edi.
Bir necha kun oldin esa, New York Times mazkur guruh AQShda 2014 yilda maymunlar orasida o‘xshash testlarni o‘tkazgani haqida yozgan edi. New York Times maqolasida yozilishicha, izlanuvchilar 10 maymunni havo chiqmaydigan qafasga solib, Volkswagen Beetle avtomobilidan chiqqan tutunni yutishga majburlagan. Volkswagen mazkur tajriba uchun kechirim so‘radi.
Germaniya hukumati uch avtomobil shirkati bilan maxsus uchrashuv o‘tkazishga qaror qildi.
Tajribalarni 2013–2014 yillarda «Transport sohasida atrof-muhit va sog‘liq bo‘yicha Yevropa izlanish guruhi» (European Research Group on Environment and Health in the Transport Sector) deb atalgan tashkilot amalga oshirilgan. Tashkilot 2016 yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Xabarlarga ko‘ra, izlanuvchilar azot oksidlari inson sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi, deya xulosa qilgan. Ammo Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi izlanishlar bu gazlar astma va turli infeksiyalarga olib kelishini ko‘rsatishini aytib keladi.