Britaniyada istiqomat qilayotgan sobiq josusni zaharlashi Kremlning maxfiy amaliyotlar o‘tkazish yo‘li bilan G‘arbni bo‘lib tashlash, so‘ngra mas’ul shaxslar o‘rtasidagi shubha va kelishmovchilarni keltirib chiqarishga urinishidir, dedi AQSh mudofaa vaziri Jim Mettis.
20 dan oshiq mamlakat hukumatlari sobiq josus zaharlangandan so‘ng 144 nafar rus diplomatini chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgach, Mettis 27 mart kuni jurnalistlarga bayonot berdi. Unda aytilishicha, Sergey Skripal bilan qizi Yuliyani Solsberida “o‘ldirishga urinish”dan so‘ng Putinning jinoyatni inkor qilganiga ishonib bo‘lmaydi.
Mettisga ko‘ra, Solsberida ro‘y bergan noxush voqea “ommaviy qirg‘in quroli”dan “aniq” foydalanilganini ko‘rsatdi. Britaniya hukumati ushbu qurol Rossiya sovuq urush vaqtida harbiy maqsadlarda ishlab chiqargan va asabni falajlovchi “Novichok”gazi ekanini aniqladi.
Vazir ushbu xatti-harakat Rossiya 2014 yilda Ukrainada boshlagan amaliyotlarning bir qismi ekanini aytdi. O‘sha paytda Moskva Qrimga tanituvchi belgilari bo‘lmagan harbiy xizmatchilarni jo‘natgan, Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarga yashirincha jangarilar va qurol-yarog‘ yetkazib bergan edi.
Rossiya 2016 yilgi AQSh prezidenti sayloviga aralashish maqsadida bunday hiylalarini yashirin tarzda davom ettirdi, dedi vazir.
− Ular tanituvchi belgilari yo‘q harbiy kiyim kiygan askarlarni Qrimga jo‘natadi. Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni tartibga chaqirish qo‘limizdan kelmaydi, deb bahona qiladi, − deya qo‘shimcha qildi u.
NATO 27 mart kuni Rossiya xatti-harakatlariga qarshi yagona front bo‘lib kurashish uchun 20 dan oshiq mamlakat qatoriga qo‘shildi. Dunyo mamlakatlaridagi Rossiya elchixona va vakolatxonalaridan 144 nafar diplomatning chiqarib yuborilishi sovuq urush davridagi josuslik mojarolari bilan bog‘liq choralardan ham oshib tushdi.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg, bunday chiqarib yuborish holatlari Rossiyaga “nomaqbul xurmacha qiliqlari javobsiz va oqibatsiz qolmasligi”ni ko‘rsatib qo‘yishdir, deb aytdi.
Britaniya rahbariyati ayni keskin choralarni potensial “burilish nuqtasi” sifatida olqishladi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey shunday dedi:
− Rus diplomatlarini chiqarib yuborgan mamlakatlar soni 26 martda 18 ta edi. O‘tgan kecha ular soni yana 7 taga ortib, 25 taga yetdi. Yana 27 mart kuni tushdan keyin NATO bosh kotibi Rossiyaning NATOdagi missiyasi vakillari soni 30 nafardan 20 nafargacha qisqartirilishini tasdiqladi. Men xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanayotganimizni olqishlayman. Kecha Jamoalar palatasida aytganimday, bu Britaniya pozitsiyasi yoki Britaniya bilan ishlash masalasi bo‘libgina qolmay, tegishli mamlakatlarning milliy xavfsizligi masalasi hamdir”.
Ayni damda rasmiy Moskva diplomatlarni chiqarib yuborish holatlari AQShning “qattiq” bosimi ostida ro‘y berganini aytib, ularni javobsiz qoldirmaslikka va’da berdi.
Stoltenberg NATO Rossiya bilan “muloqot uchun ochiq”ligini, Mettis esa, “Rossiya hali ham Yevropa bilan sherik bo‘lish potensialiga ega ekani”ni aytdi.
Ammo Pentagon rahbari fikricha, Moskva buning o‘rniga “strategik raqib bo‘lish, hatto beo‘y xatti-harakatlardan ham top tortmaslik yo‘lini tanladi”, dedi.
Ayni choqda Rossiyaning Avstraliyadagi elchisi Sergey Logvinov ushbu masala yuzasidan gapirib, agar G‘arb mamlakatlari shu yo‘lni davom ettiraversa, yana sovuq urush boshlanib ketishidan xavotir izhor qildi. U Skripalning zaharlanishidan keyin ro‘y berayotgan voqealarga izoh berib, shunday dedi:
− Hozir ro‘y berayotgan voqealar yaxshi uyushtirilgan kampaniyadir. Kecha 27 mart kuni Tashqi ishlar vazirligimiz vakili aytganiday, bu G‘arbning surbetlarcha xatti-haraktlaridir va biz bunga javob qaytaramiz. Bugun hammasi G‘arbga bog‘liq, G‘arb mamlakatlari esini yig‘ib olishi va tushunishi kerak: Rossiyaga qarshi kampaniya uyushtirish bilan hech narsaga erisha olmaydilar.