Mirziyoev Toshkent hokimini o‘zgartirdi. Qolgan hokimlarga 6 oy muddat berdi

Tashkent City direktori Jahongir Ortiqxo‘jaev (o‘ngdan birinchi) 23 aprel kuni Toshkentda Ashxobod bog‘ining ochilishida prezidentlarga hamrohlik qildi.

26 aprel kuni Toshkent shahriga olti yil davomida hokimlik qilgan Rahmonbek Usmonov boshqa ishga o‘tkazildi va uning o‘rniga Jahongir Ortiqxo‘jaev tayinlandi.

Kunning ikkinchi yarmida Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida Artikxodjaev Jaxongir Abidovichning Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani bildirildi.

43 yashar Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jaev (Artikxodjaev Jaxongir Abidovich) – hokimlikka tayinlangunga qadar Tashkent City davlat unitar korxonasi direktori¸ ayni paytda¸ «Artel Injiniring» (Artel Engineering) mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori bo‘lib ishlagan; O‘zbekiston alyuminiy va plastik eshik-oynalar bozoridagi asosiy o‘yinchi hisoblangan Akfa guruhi egasidir.

Ortiqxo‘jaev keyingi yillar davomida¸ xususan¸ Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekistondagi yirik biznes loyihalarni o‘z nazoratiga olgani ortidan Toshkent biznes va siyosiy doiralarida tanilgan shaxs.

Tashkent City korxonasining Ozodlik gaplashgan xizmatchisiga ko‘ra¸ Jahongir Ortiqxo‘jaev 25 aprel kuni Toshkent shahar hokimi etib tayinlangan.

- Kecha hokim etib tayinlandilar. Bizga har qalay kecha bildirishdi¸ dedi Ozodlik suhbatdoshi.

Toshkent shahar hokimiyati mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ Ortiqxo‘jaevning Toshkentning yangi hokimi etib tayinlanganini Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Bosh vazir Abdulla Aripov e’lon qilganini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan yana bir Toshkent mulozimi¸ masalaning Turkmaniston prezidenti Toshkentga kelgan kuni hal bo‘lganini bildirdi.

“Prezidentning yonida Ashxobod bog‘ining ochilishida Usmonov emas¸ Ortiqxo‘jaev yurdi. O‘shandayoq yangi hokim kimligi aniq bo‘lgan edi”¸ dedi hukumatga yaqin bu mulozim.

58 yashar Rahmonbek Usmonov marhum prezident Islom Karimov tomonidan 2012 yili O‘zbekiston poytaxtiga hokim etib tayinlangan edi.

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov o‘z lavozimidan ozod etilgani haqida birinchi bo‘lib xabar tarqatgan Kun.uz sayti Usmonovning O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini bildirdi.

Prezident yangi tayinlovga izoh berdi

26 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoev "Obod qishloq" loyihasi ijrosiga oid videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi va Kun.uz nashri keltirilgan iqtibosga ko‘ra¸ Toshkent shahriga yangi hokim tayinlanganiga izoh berdi.

“Toshkent shahri hokimi etib kimni tayinlaganimizdan xulosa qilinglar. Munosib odamlar ko‘p, oddiy, vatanparvar, hisob-kitobni biladigan, yangilikka intiladigan... Bitta kafolat – xalqimizni rozi qilish. Qanday qilib? Har kuni tashabbus, izlanish, intilish kerak. O‘tirib, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilingan ishlar kerak emas.

Toshkent shahridagi tumanlar hokimlari, rahbarlar xorijdan 1 mln dollardan investitsiya olib kelmasa, menga undaylar kerak emas. Hammani bo‘shataman. Yana 6 oy ko‘ramiz, bo‘lmasa Toshkentda bitta shahar hokimi qoladi, 11 yordamchi bo‘ladi. Soliq, militsiya, prokuror, hammasini qisqartirib tashlayman. Yana bir marta aytaman: olti oy chidayman. Olti oyni ichida o‘zgarish bo‘lmasa, hammasini yopamiz, bitta Toshkent shahar hokimi va 11 yordamchisi bo‘ladi. IIB ham, prokuror ham, soliq ham bo‘lmaydi. Bu o‘zgarishlar bekorga bo‘lmayapti. Aravani torta olmayapsizlar, hozirgi zamonga munosib bo‘la olmayapsizlar.

Toshkent shahridagi hamma rahbarlar bilsin: hammangizlar Xorazmga o‘xshab vaqtinchalik ishlayotganlar. Shuncha vaqtdan beri Toshkent bo‘yicha chidadim, lekin endi chiday olmayman. Toshkentning bunday toshbaqa qadamlari bilan shahar xalqini munosib turmush darajasiga ko‘tara olmaymiz. Shuning uchun bunday o‘zgarishlarni qilishga majbur bo‘ldim”, - degan Shavkat Mirziyoev.

Bu izohdan prezidentning Rahmonbek Usmonov faoliyatidan qoniqmagani¸ Jahongir Ortiqxo‘jaevni esa¸ tashabbus va izlanishdan qo‘rqmagan¸ shaharga investitsiya olib kelgan boshqaruvchi sifatida hokimlikka tayinlaganini tushunish mumkin.

Oligarx hokim

26 aprel kuni Ozodlik Toshkent shahar yangi hokimini bevosita tanigan ayrim tadbirkor va mulozimlar bilan gaplashdi.

Ularning aytishicha¸ poytaxt yangi hokimi hozirga qadar davlat hokimiyati tizimlarida umuman ishlamagan ishbilarmon shaxsdir.

“Biznesdan chiqqan ¸ organizatorlik talanti kuchli¸ mehnatkash yigit. Jahongir o‘n yildan ko‘proq vaqtdan beri Toshkentda tanilgan oligarxlardan biri. Plastik olib kelib¸ eshik-deraza romlarini yasab¸ boyib ketdi. Akfachi boy¸ deyishadi. Tashkent City bilan prezident nazariga tushdi. O‘tgan hafta Ashxobod bog‘ida prezident Rahmonbek Usmonovdan so‘ragan savoliga tuzuk-quruq javob ololmadi¸ Ortiqxo‘jaev dadil-dadil gapirdi. Shunda prezident qarorini berdi”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston hukumat tizimlariga yaqin toshkentlik tadbirkor.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ Jahongir Ortiqxo‘jaevga qarashli "Akfa" va "Artel" shirkatlari Karimov davrida avvaliga gullab¸ so‘ngra jiddiy bosimlarga uchragan¸ uning o‘zi¸ otasi va aka-ukalariga tazyiqlar bo‘lgan.

“Shunga qaramay¸ Jahongir Baho shakarga o‘xshab¸ qochib ketmadi. Hammasidan tirik chiqdi”¸- deb qo‘shimcha qildi toshkentlik tadbirkor.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik boshqa tadbirkor¸ Jahongir Ortiqxo‘jaev biznesiga uzoq yillar marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova homiylik qilib kelganini iddao qildi.

Ortiqxo‘jaevlar biznesiga hujumlarning aynan Gulnora Karimovaga nisbatan munosabatning o‘zgara boshlagani bilan bir paytga to‘g‘ri kelgani kuzatiladi.

Xususan¸ 2013 yil mart oyida Ozodlik Ortiqxo‘jaevlarga qarashli Artel shirkatining Toshkentdagi do‘konlari va unga qarashli INDIGO ELECTRONICS tekshiruv bois yopilgani haqida xabar bergan edi.

2013 yil 15 mart kuni e’lon qilingan blogida Gulnora Karimova¸ bu shirkatga qarshi boshlangan kampaniyalarni o‘z otasining ichki ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga qarshi harakat sifatida baholagan edi.

"Biroz muqaddam... mahsulotlarini uzoq yillardan beri bilishadigan va foydalanishadigan, uy-ro‘zg‘or buyumlarini Artel, Samsung brendi ostida yaxshi bilishadigan Akfa kompaniyasidan xat keldi. Xatda yozilishicha, keng ko‘lamli bosim va aslida ishlab chiqarishning yo‘q bo‘lishiga, go‘yoki "elektr energiyasini noto‘g‘ri hisob-kitob qilish" bahonasida boshlangan tekshiruv sabab bo‘lgan. Garchi "qayta hisobdan chiqqan summa korxona tomonidan to‘langan bo‘lsada, tekshiruv 2013 yilning apreliga qadar bir necha bor uzaytirilgan", deya Akfa shirkati xatidan iqtibos keltirgan edi Gulnora Karimova.

Gulnora Karimova 2012 yil yozida Shveysariya prokuraturasi pul yuvish va katta miqdordagi korruptsiya shubhasi bilan ochgan jinoiy ishning bosh figurantiga aylanganidan so‘ng¸ uning O‘zbekistondagi faoliyati ustidan ham tekshiruvlar boshlangan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2017 yil 28 iyulda o‘z rasmiy saytida Gulnora Karimovaga¸ Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganini va uning ustidan qo‘shimcha ayblovlar bo‘yicha tergov jarayoni davom etayotganini bildirgan edi.

Yangi tayinlovda manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qmi?

Toshkentda oligarx sifatida tanilgan yirik tadbirkorning O‘zbekiston poytaxtiga hokim etib tayinlanishi¸ ayrim kuzatuvchilarda bu tayinlovning huquqiy jihatdan qanchalik to‘g‘ri ekaniga oid savollar uyg‘otdi.

“Ortiqxo‘jaev O‘zbekistonning eng katta loyihasi – bir necha milliard dollarlik Tashkent Cityni qurayotgan odam edi. Uning "Artel" va "Akfa" shirkatlari O‘zbekistondagi elektronika va eshik-deraza bozoridagi qariyb monopolist. Endi bu shirkatlar egasi Toshkent hokimi sifatida shahar bilan bog‘liq har qanday kontraktning kimga berilishini hal qiladi. Bu tenderlarda endi uning shirkatlariga ochiq bo‘lmasa ham¸ yashirincha imtiyoz berilmasligiga¸ mo‘may kontraktlarni oilasiga qarashli shirkatlar olmasligiga kim kafolat beradi?” - deydi Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik iqtisodchilardan biri.

Bu savollarga Ortiqxo‘jaevni hokimlikka tayinlagan rahbarlardan izoh olishning imkoni yo‘q.

Ayni paytda¸ Ortiqxo‘jaevlar biznesiga yaqin tadbirkorlardan biri¸ bu oila manfaatlariga Toshkentda maxsus imtiyozlar berilmasligi¸ Toshkentdagi har qanday tenderning shaffof bo‘lishini kafolatlash davlat tizimlariga qolganini ta’kidladi.

“Prokuraturada butun boshli departament shu narsani kuzatish bilan shug‘ullanadi. Qarasin¸ kuzatsin endi shular. Tenderlar ochiq va shaffof bo‘lsin¸ yutgan kompaniyalarning asl egalari ochiqlansin. Hozir ko‘pchiligi offshordagi xorijliklar nomiga ochilgan shirkatlarni investor qilib ko‘rsatib¸ soliq va boj imtiyozlarini olib yuribdi. Shularni tekshirsin¸ ochsin. Karimovalarnikiga o‘xshagan soyaki biznes imperiyalar yana tug‘ilmasligiga boshqa kafolat yo‘q”¸ - dedi O‘zbekiston hokimiyatiga yaqin yirik tadbirkorlardan biri.

O‘zbekiston hokimiyat tizimlarida borayotgan kadr o‘zgarishlari¸ kimlarning nega kelayotganiyu¸ kimlarning nima sababdan ketayotganiga oid tafsilotlar¸ hujjatli ma’lumotlar bo‘lsa¸ ularni Ozodlikka yo‘llashingiz va jamoatchilik bilan baham ko‘rishingiz mumkin.

O‘zbekiston va xalqaro hayotga oid eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli foto-video tasvirlarni Ozodlikning Instagram sahifasida kuzating!