Tbilisida tungi klublardagi reydga qarshi namoyish bo‘ldi (VIDEO)

12 may kuni kech Gruziya poytaxti Tbilisida minglab odam poytaxtdagi ikki mashhur tungi klubda o‘tkazilgan politsiya reydlariga qarshi namoyishga chiqdi.

Namoyishchilar politsiya oshiqcha kuch ishlatganini aytib, ichki ishlar vaziri iste’fosini talab qildi.

Namoyishda qatnashgan ayrim shaxslar esa giyovhand moddalar qonuniylashtirilishini ham talab qildi.

11 maydan 12 mayga o‘tar kechasi o‘tkazilgan reydni qoralab 12 may kuni taqriban 4000 odam Gruziya parlamenti oldida to‘plandi. Ko‘pchilik reydlar davomida politsiya xodimlari oshiqcha kuch ishlatganini qoralamoqda.

Tunga yaqin namoyishchilar soni oshdi va namoyish rejalashtirilmagan kechaga aylandi: baland musiqa yangray boshladi, chodirlar tikildi.

Ichki ishlar vazirligi “Basiani” hamda “Galereya” klublarida o‘tkazilgan reydlar davomida giyohvand modda tarqatishda ayblangan sakkiz gumonlanuvchi qo‘lga olinganini bildirdi. Ularning ikki nafari keyin qo‘yib yuborilgan.

Reydlarga Tbilisida keyingi haftalarda giyohvand moddalar tufayli bir necha odam halok bo‘lgani turtki bo‘lgani aytilmoqda.

Ayrimlar politsiya giyovhand moddalarni klubga borganlar cho‘ntagiga atayin tashlab qo‘yganini iddao qildi.

“Gruziya demokratiya tashabbusi” nodavlat tashkiloti yetakchisi Georgiy Mshvenieradze Gruziyada ayrimlar klublarni amoral va axloqsiz joy o‘laroq ko‘rishini ta’kidladi.

- Bu yaxshi emas. Bundan-da yomoni, hukumat o‘yin o‘ynashni boshladi va juma kuni kech sakkiz nafar odamni qo‘lga olish uchun tungi klubni bir necha yuz maxsus kuchlar xodimlari bilan shturm qila olishini ko‘rsatdi, - dedi faol.

Gruziyadagi bir necha inson huquqlari tashkilotlari hukumatni amaliyotni amalga oshirganlarni javobgarlikka tortishga chorladi.

Bu guruhlar o‘tkazilgan reydlar inson huquqlarining buzilishiga teng ekanini aytishdi.

Tbilisi meri Kaxa Kaladze 12 may kuni jurnalistlarga tungi klublar o‘z faoliyatini davom ettirishini, ammo giyohvand moddalar savdosi jiddiy xavotir tug‘dirishini aytdi.

- Aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz halok bo‘lyapti. Hozir parlament oldida turgan yoshlar bizni qo‘llab, giyohvand modda sotuvchilarga qarshi birga kurashishlariga ishonaman, - dedi mer.