"Obodonlashtirish" qurboni - Diana Yenikeeva o‘limida ayblanganlar ustidan hukm o‘qildi

23 yashar Diana Yenikeeva ortida uning eri Yegor kichkina o‘g‘li bilan qoldi.

Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeevaning o‘limiga aloqadorlikda ayblanganlar ustidan hukm o‘qildi.

14 mart kuni ko‘cha tozalashga chiqarilgan 23 yoshli Diana Yenikeevani urib ketgan yuk mashinasi haydovchisi Akram Elmurodov Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi hukmi bilan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) da ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga nisbatan 6 yillik qamoq jazosi tayinlandi. Diana o‘limiga sabab bo‘lgan halokat aybdori¸ shuningdek¸ uch yil davomida transport vositasini boshqarish haqqidan ham mahrum etildi.

Bu haqda Gazeta.uz nashri Oliy sud matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi. Hozircha bu yangilik Oliy sud rasmiy saytida yo‘q.

Akram Elmurodov ustidan hukm 1 may kuni o‘qilgan¸ ayni paytda¸ uning advokati mazkur hukm ustidan shikoyat arizasi bilan Samarqand viloyat sudiga murojaat qilgan.

Diana Yenikeevaning otasi Aleksandr¸ fojia yuzasidan Kattaqo‘rg‘onda ikkita alohida mahkama bo‘lib o‘tgani va ikkinchi sud bu fojiaga bilvosita mas’ul amaldorlar ustidan o‘tkazilganini aytdi.

- Ikkinchi sudda Kattaqo‘rg‘on hokimining o‘rinbosari va Xalq ta’limi bo‘limi rasmiysi sudlandi. Ularga shartli jazo berildi¸ dedi Diananing otasi Aleksandr Yenikeev 14 may kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Gazeta.uz nashrining yozishicha¸ Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining yoshlar siyosati va ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Musaxon Muzafffarov va Kattaqo‘rg‘on tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbari Alisher Jumanazarovlar Jinoyat Kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) da ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va ikki yillik axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Sud hukmiga ko‘ra¸ ikkala sobiq mas’ul o‘z ish haqining 20 foizini davlatga to‘laydi va ularning bir yil davomida rahbarlik lavozimiga tayinlanishi taqiqlanadi.

Diananing otasi Ozodlik bilan suhbatda¸ haydovchi ustidan apellyatsiya sudi qanday hukm chiqarishi noma’lum bo‘lib qolayotgani bois¸ bu hukmlarga aniq munosabat bildirishga qiynalishini aytdi.

- Jarayon hali tugamadi. Mas’ullar tegishli jazosini oldi deb o‘ylayman. Haydovchiga ham to‘g‘ri hukm chiqdi¸ ammo u bundan norozi. Ko‘ramiz¸ viloyat sudi qanday hukm chiqarishini¸ dedi Yenikeevaning otasi Aleksandr.

Ayni paytda¸ Diananing yaqinlari 42-maktab sobiq direktorining mahkamaga tortilmaganidan hayratda ekanlarini yashirmadilar.

- Dianani o‘ldirgan haydovchi bizga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplashi kerak va sud shunday hukm chiqardi. Umid qilamiz¸ appelyatsiya sudi dastlabki sud qarorini kuchda qoldiradi. Rasmiylarga kelsak¸ bu bardak uchun javobgarlarning hammasi jazosini oldi¸ deyolmayman. Lekin hali jarayon tugamadi¸ boshqalarning ham gali kelib qolar¸ dedi Diananing otasi.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeevaning prezidentning Samarqand viloyatiga safari arafasida katta magistral yo‘l o‘rtasidagi beton to‘sinlarni oqlayotgan paytda yuk mashinasi urib yuborgani haqida birinchi bo‘lib Ozodlik 15 mart kuni xabar qilgan edi.

Diana Yenikeevaning vafoti Maxsus tekshirish komissiyasi xulosasiga binoan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa deb topildi.

Ayni paytda¸ Yenikeevaning o‘limi O‘zbekistondagi majburiy mehnat¸ xususan¸ ta’lim sohasi xizmatchilarining hokimiyat hammoliga aylantirilganini ko‘rsatuvchi fojeiy misolga aylandi.

Ozodlik ortidan mahalliy matbuotda ham keng yoritilgan bu fojiaga o‘tgan oy Sirdaryoga qilgan safari davomida munosabat bildirgan prezident Shavkat Mirziyoev¸ yosh o‘qituvchining o‘limidan iztirobga tushganini bildirdi.

“Men viloyatlarga safar oldidan 2-3 kun oldin qaysidir viloyatga borishim haqida e’lon qilinadi. Biron bir viloyatga ko‘rinmas odamdek kelib-keta olmayman. Men sharoiti og‘ir tumanlarni tanlashga harakat qilaman. Mana Samarqandda bir o‘qituvchi vafot etdi. Prezident tashrifigacha uch kun oldin ro‘y bergan bu, lekin mening yuragimda bu men tufayli bo‘lgandek qoldi", dedi Sayxunobod tumanida viloyat faollari bilan uchrashgan prezident.

Diananing yaqinlari¸ mahalliy va xalqaro matbuotda keng yoritilganiga qaramay¸ uning yetim qolgan bolasiga nafaqa va pensiya tayinlash kabi moliyaviy masalalar yechimining hozirga qadar yakuniga yetmaganini bildirdilar.