AQSh Davlat departamenti kuni kecha e’lon qilgan din erkinligiga oid navbatdagi hisobotda Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikiston va Turkmanistondagi vaziyat tashvish uyg‘otayotgani aytilgan.
Hisobotda Tojikistonda diniy tashkilotlar davlat nazorati ostida ekani va diniy faoliyatda cheklovlar mavjudligi tanqid etilgan.
29 may kuni e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, 2017 yili Tojikistonda ekstremistik guruhlar, jumladan, “Salafiya” va “Islom davlati” tashkilotlariga a’zolik ayblovi bilan 220 dan ortiq odam huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan.
Davlat departamenti Tojikistondagi jamoat tashkilotlaridagi manbalarga tayanib xabar berishicha, mamlakatda turli texnik va ma’muriy bahonalar bilan diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olishga to‘siqlar qo‘yilmoqda.
Jumladan, hisobotda aytilishicha, Tojikistonda “Iegovo guvohlari” faoliyati ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan va yahudiylarning yagona sinagogi haligacha ro‘yxatga olinmagan.
2017 yili Tojikistonda qariyb 2 ming masjid madaniy va jamoat muassasalari ixtiyoriga berilgan va hozirda mamlakatda 3900 masjid rasman faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘tgan yil avgustida Tojikiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tarqatgan xabarga ko‘ra, bu tashkilot Dushanbe ko‘cha va bozorlarida ayollar orasida tushuntirish ishlari olib borgani natijasida 8 ming ayoldan 90 foizi diniy libosdan voz kechgan.
O‘tgan yil ichida mamlakat bo‘ylab o‘nlab masjidlar yopildi.
Mamlakatda 18 yoshga to‘lmaganlarning masjidga, 35 yoshga to‘lmaganlarning hajga borishi rasman taqiqlangan.
Diniy masalalar bo‘yicha tahlilchi Faridun Hodizodaning 31 may kuni Ozodlikka aytishicha, Amerika Davlat departamentining Tojikistonda diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyat borasidagi tanqidi o‘tgan yillarga nisbatan ancha keskin bo‘lib, vaziyat “juda tashvishli” deya baholangan.
“Hisobotda aytilishicha, Tojikiston davlati din erkinligi to‘g‘risidagi xalqaro hamjamiyat talablarini ijro etishi zarur. Vaziyat “juda tashvishli” degani Tojikiston bu masalada qizil chiziqqa yaqinlashgani deganidir. Agar diniy erkinlik bilan bog‘oiq vaziyat mamlakatda yaxshilanmasa, Tojikistonga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishi ehtimoli mavjud,” - dedi Faridun Hodizoda.
Tojikiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, din davlatdan ajratilgan.
Ammo oxirgi 5 yil davomida Tojikiston hukumati diniy ekstremizmga qarshi kurash bahonasida barcha turdagi diniy faoliyatni o‘z nazorati ostiga oldi: Jome’ masjidlar imomlarini tayinlashdan boshlab, ayollar libosi, erkaklar soqoli, masjid va hajga boruvchilar yoshi ustidan nazoratni kuchaytirdi.
Bularning bari so‘nggi yillarda Tojikistonda dindorlarga o‘tkazilayotgan tazyiqning davomi sifatida ko‘rilmoqda.
Tojikistondagi diniy erkinliklar ustidan cheklovlar xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar, jumladan, AQSh Davlat departamenti tomonidan muntazam tanqid qilib kelinmoqda.