Statqo‘m 100%ga qimmatlagan gaz narxini nega 5,3% ga qimmatladi deganini izohladi

“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati esa, avtomobillarga quyiladigan propan-gaz narxiga aloqasi yo‘qligini bildirdi.

Avtomobillarga quyiluvchi propan gazi narxiga oid Jizzax va Samarqand viloyatlaridan 5 iyun kuni olingan qo‘shimcha ma’lumotlar shu paytgacha Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlaridan kelgan xabarlarni yana bir bor tasdiqladi: so‘nggi bir oy ichida yonilg‘ining bu turi 100% va undan ortiqroqqa qimmatlab ketdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining hisob-kitobicha esa, propan gazi narxi may oyida 5,3 foizga oshgan xolos.

Statqo‘m mulozimining 5 iyun kuni Ozodlikka tushuntirishicha, gaz narxi dinamikasiga oid statistik ko‘rsatkich bilan real narxlar orasidagi tafovut inflyatsiyani hisoblash metodikasi bilan bog‘liq.

Narxga oid ko‘rsatkichlardagi yer bilan osmoncha farq qaerdan paydo bo‘ldi?

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimi Ozodlikning “Statistika qo‘mitasi: gaz narxi 5,3% ga oshdi. Iste’molchilar: gaz narxi 2 martaga oshdi” sarlavhasi ostidagi xabaridan paydo bo‘lgan “Nega shunday?” degan savoliga javobni xabarni o‘qiganini pisanda qilish bilan boshladi.

Masalaning mohiyati yuzasidan mulozim aynan mana bunday dedi:

“Bizning kuzatuvlarga qaraganda, propan gazi narxi 4 ta viloyatda oshdi. Aprelda narx tushgan ham edi. May oyida Buxoroda hatto 78 foizga oshgani kuzatildi. Lekin biz mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichni olamiz. O‘rtacha ko‘rsatkich esa, 5,3 foizni tashkil qildi”, - dedi Statqo‘m mulozimi.

Uning bu gapiga Ozodlik, “axir deyarli barcha viloyatlarda Buxorodagiday o‘sish kuzatilyaptiku?” deb e’tiroz bildirdi.

“Biz may oyi uchun hisobotimizda narx oshgan viloyatlardagi ko‘rsatkichlarni ko‘rsatdik. Qolganlari iyunning hisobotida aks etadi”, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi.

Avtomobillarga quyiluvchi propan-gaz narxi nima uchun bu qadar oshib ketdi?

So‘nggi 1 oyda paydo bo‘lgan bu dolzarb savolni “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining suyultirilgan gaz (propan) ta’minotiga mutasaddi mutaxassislaridan biriga berdik.

“Biz (“O‘ztransgaz” – tahr.) gazni aholiga yetkazib berish bilan shug‘ullanamiz. Avtomobillarga quyiladigan propan gaziga bizning aloqamiz yo‘q. U birjalarda shakllanadigan narxlarda sotiladi. Gaz sotuvchi har bir sub’ekt gazni birjadan sotib oladi. Birjadagi narxlar esa, o‘ynab turadi”,- dedi “O‘ztransgaz” vakili.

Avtoyonilg‘i-gazning birjalardan sotib olinishi to‘g‘risida, propan-gaz narx ko‘tarilib ketgani uchun shahobchasini so‘nggi bir oydan buyon ishlatmayotgani to‘g‘risida Kattaqo‘rg‘on shahridagi tadbirkor Ozodlikka 5 iyun kuni aytdi.

Mustaqil mutaxassis nima dedi?

Gaz ta’minoti bo‘yicha qirg‘izistonlik mutaxassisning aytishicha, O‘zbekiston suyultirilgan gaz narxini jahon narxlari darajasiga ko‘tarmoqchi.

“Masalan, biz Qirg‘izistonda suyuq gazning Xitoydan 1 tonnasini 400 dollardan sotib olamiz. O‘zbekiston ham suyuq gazini jahon narxlariga ko‘tarayapti. Mendagi ma’lumotlarga qaraganda, 375 dollardan Tojikiston va Afg‘onistonga sotayapti”,- dedi qirg‘izistonlik mutaxassis. Lekin ochiq manbalardan uning bu ma’lumotini, ya’ni O‘zbekiston suyultirilgan gazni qo‘shnilariga sotayotganini tasdiqlovchi informatsiya topmadik.

"Aholiga ajratilgan gaz mashinalarga quyilayapti"

Qirg‘izistonlik mutaxassisning aytishicha, “O‘zbekiston suyultirilgan gazni aholiga deyarli tannarxida sotib kelgan va hozir ham shunday. Bundan esa, avtomobillarga gaz quyuvchilar foydalanayapti. Ular shahar va tuman gaz ta’minoti idoralari bilan til biriktirib aholi xonadonlari uchun mo‘ljallangan gazni avtomobil yonilg‘isi sifatida sotib yuborayapti”.

Hukumat tan olgan illat

Qirg‘izistonlik mutaxassis tilga olgan korrupsiya holatlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil, 29 dekabrdagi qarorida tan olingan. Muqaddimasida aytilishicha, mazkur qaror gaz ta’minoti sohasidagi o‘g‘irliklar va suiiste’mol qilish holatlari oldini olish uchun qabul qilingan.

Hukmatning o‘sha qarori bilan aholiga sotiladigan suyultirilgan gaz narxlari belgilab qo‘yilgan. Hujjatga binoan 2018 yil 1 apreldan aholiga sotiladigan 1,0 kilogramm suyultirilgan gazning narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 720 so‘m, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida 700 so‘m, qolgan hududlarda 500 so‘m etib belgilangan.

2018 yil 1 avgustdan boshlab esa barcha hududlarida suyultirilgan gaz aholiga 1 kg uchun 800 so‘mdan yetkazib beriladi.

Lekin bu qaror suyultirilgan gaz ta’minoti sohasidagi hukumatning o‘zi tan olayotgan korrupsiyani yo‘q qila olmasligi oyday ravshan ko‘rinib turibdi: suyuq gazning 1 kilosi shu kunda o‘rtacha 600 so‘m, 1 avgustdan 800 so‘m, AYoQShlarda esa, shu kunda 2500 so‘m atrofida.

Yechimi ko‘rinmayotgan bu masalani hukumatning 2017 yil, 11 oktabrdagi qarori ijrosi hal qilishi mumkin. Qarorga binoan mavjud propan-gaz stansiyalari 2019 yilgacha metan-gaz stantsiyalariga aylantirilishi lozim.

Metan-gaz (siqilgan tabiiy gaz) narxida o‘tgan oydagi o‘sish 0,9 foizni tashkil qilgan xolos. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining bu ma’lumotini oddiy iste’molchilar Ozodlik bilan 5 iyun kungi muloqotlar davomida tasdiqladi.