OzodDayjest: Buxoroda Kashpirovskiy “izdosh”i ko‘p odamni chuv tushirdi

Illyustrativ surat.

Davlat test markazi rahbari amaldagi test tizimi zamondan ortda qolganini e’tirof etdi. Viloyatlarda yo‘l nozirlari yo‘lto‘sarlik qilmoqda. Buxoroda mashhur ekstrasens sudlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

DTM rahbari test tizimi zamondan orqada qolganini tan oldi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (DTM) direktori Majit Karimov amaldagi test tizimi – sinovlarni tashkil etishdan tortib natijalarni hisoblashga qadar zamondan orqada qolib kelganini tan oldi (“Xalq so‘zi”, 7 iyun). “Tan olishimiz kerak, bugungi kunga qadar o‘tkazilgan test sinovlari ko‘p tomonlama zamonaviylikdan, ilg‘or tajribalardan orqada qolayotgan edi. Buni tayyogarlik ishlarida ham, sinovlarni tashkil etish, natijalarni hisoblash va e’lon qilishda ham ko‘rdik”, deydi markaz rahbari. Qayd etilishicha, bu yildan test sinovlari adolatli bo‘lishi uchun bir qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yildan imtihon odatdagidek bir kunda (1 avgust) emas, 1 avgustdan 15 avgustga qadar ikki smenada o‘tkaziladi. Test sinovi jarayoni turli shubhali xatti-harakatlar oldini olish maqsadida uzluksiz videokuzatuv ostida o‘tadi. Natijalar test o‘tkazilgan kunning ertasigayoq DTM rasmiy saytida e’lon qilinadi. Hozirga qadar DTM rahbariyati test tizimiga oid tanqidiy fikrlarni butkul inkor qilib kelgan.

Viloyatlarda yo‘l nozirlari yo‘lto‘sar-qaroqchilik qilmoqda

Viloyatlarda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan belgilangan tartibga zid ravishda haydovchilarni to‘xtatish va jarimaga tortish davom etmoqda (“XXI asr”, 7 iyun). Amaldagi tartibga ko‘ra, tezlik radar orqali nazoratga olingani xususida yo‘llarda maxsus belgilar o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Ammo maxsus ogohlantiruv belgilari o‘rnatilmagan joylarda ham nozirlar yashiringan holda reydlar o‘tkazmoqda. Bu holat esa “yo‘lto‘sar-qaroqchilik” deb atalgan. “YPXga yaqin manbalarimizning aytishicha, xodimlar har kuni rahbarlaridan “plan” olib ko‘chaga chiqishadi. U qanaqa “plan” deysizmi? Masalan, bir kunda o‘nta ma’muriy bayonnomani to‘ldirish shart! 5 tasi – xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun, yana 5 tasi – boshqa qoidabuzarliklar uchun! Endi o‘zimizga savol beraylik, harakat xavfsizligi posboni bismilloni nimadan boshlaydi? Nima qilib bo‘lsa ham “plan”ni bajarish payida bo‘ladi. Bajarmay ham ko‘rsin-chi, yo maoshi, yo amali!..” deb yozadi gazeta.

Buxoroda mashhur ekstrasens mahkamaga tortildi

Buxoro shahrida o‘zini Kashpirovskiyning shogirdi deb tanishtirgan ekstrasens ayol ko‘plab odamlarni chuv tushirgani fosh etildi (“Darakchi”, 7 iyun). Bu haqda Buxoro shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi Oybek Primov ma’lum qilgan. Ismi oshkor etilmagan ayol ruhiy tushkunlikka uchragan odamlarga noodatiy muolajani taklif etgan. Xususan, u tumor, suv va ilohiy nur bilan davolashni iddao qilgan. Shu tariqa Kashpirovskiyning ekstrasens “izdoshi” ko‘plab odamlarning millionlab mablag‘iga ega chiqqan. Qayd etilishicha, odamlarga firib berib kelgan ekstrasens jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi hukmiga binoan aybdor, deb topilib, eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarimaga tortilgan. “Eng qizig‘i, “ekstrasens”ga xavfni oldindan bilish va bartaraf etish qobiliyati yordam bermadi”, deb yozadi tergovchi O.Primov.