Tirik tovuqlar qaynoq suvga tashlab ovqat qilinadigan oshxona ustidan jinoyat ishi ochildi

So‘g‘d viloyat prokuraturasi Bobojon G‘ofurov tumanidagi tirik tovuqlarni issiq suvga tashlab ovqat tayyorlanadigan “Muhammad” oshxonasi mudiri ustidan jinoyat ishi ochdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda oshpaz antisanitariya sharoitida tirik tovuqlarni suv qaynab turgan qozonga tashlab olganidan keyin tozalayotgani aks etgan videorolik tarqatilganidan so‘ng nazorat idoralari mazkur oshxonani yopgandi.

So‘g‘d viloyat prokuraturasi xodimi Muhammadali Pardazodaning aytishicha, o‘tkazilgan tekshiruvlar va sanitariya me’yorlari qo‘pol buzilishi aniqlanganidan so‘ng “Muhammad” oshxonasi faoliyati to‘xtatilib, Fayzullo Olimovga tegishli bo‘lgan oshxona rahbariyatiga nisbatan protokol tuzilib va chora ko‘rish maqsadida tuman prokuraturasiga yuborilgandi.

Uning qo‘shimcha qilishcha, Fayzullo Olimov ustidan Jinoyat kodeksining 209- moddasi, ya’ni “Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish, mahsulot ishlab chiqarish, uni saqlash va tarqatish” ayblovi bilan jinoyat ishi ochildi.

Ushbu modda asosida, ayblanuvchiga 10 ming somoniydan 25 ming somoniygacha (1125 dollardan qariyb 3 ming dollargacha) miqdorida jarima solinishi yoki 2 yil qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

So‘g‘d viloyat prokuraturasiga ko‘ra, oxirgi bir yil ichida “Firdavs” restorani, “Nasiba” va “Sim-Sim” oshxonalarida o‘tkazilgan tekshiruvlar va sanitariya me’yorlarining qo‘pol buzilishi aniqlanganidan so‘ng ularning rahbarlari ustidan jinoyat ishlari ochilgan.

Shu davr ichida So‘g‘d viloyatida sifatsiz ovqatdan 47 kishi zaharlanib, 5 kishi vafot etgan.

O‘tgan yil 30 dekabrida Xo‘jand shahrida 4 kishi sifatsiz palov iste’mol qilishi oqibatida halok bo‘lgandi.

Tibbiy ekspertiza oshpaz ehtiyotsizlik qilib ovqatga osh tuzi o‘rniga “natriy nitrati” solganini aniqlagan.