Tarmoqdagi tanqiddan so‘ng Samarqand hokimi Registonda qurilgan temir devorni olib tashlatdi

Registonni o‘rab olgan temir devor

Samarqandning Registon maydonini 14 iyundan beri o‘rab turgan temir devor viloyat hokimi Turob Jo‘raev buyrug‘i bilan 3 iyul kuni olib tashlandi. Bu xabarni Ozodlik gaplashgan hokim yordamchisi Botir Abdullaev tasdiqladi.

Registon maydoni dizayni bilan shug‘ullanuvchi mahalliy shirkat vakiliga ko‘ra¸ bu devor “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi sponsorligida tashkil qilingan lazer shouga biletsiz kirayotganlarga to‘siq sifatida qurilgan.

Ko‘rinishidan Berlin devori bloklarini eslatadigan bu devor ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida faoliyat yuritadigan blogerlar tarafidan tanqid qilingan edi. Blogerlar tanqidiga Facebook orqali javob bergan “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi vakili Behzod Mamajanovga ko‘ra “Registondagi lazer shouning asosiy egasi “Toshshaharnur” emas.

Niyat yaxshi edi

“Toshshaharnur” davlat unitar korxonasining Samarqandagi sho‘’basida ishlaydigan muhandis Ozodlik bilan suhbatda bu devorning vaqtinchalik qurilma bo‘lganini bildirdi:

- Niyatimiz yaxshi edi. Samarqandda turizm rivojlansin deb “Toshshaharnur” Registonda har kuni kechqurun lazer qurilmasi orqali 3D nur-slayd shou namoyishiga sponsor bo‘ldi. Svetoshouni “Toshshaharnur”ning docherniy korxonasi¸ ya’ni biz amalga oshirdik. Shahar hokimligi esa lazer shouga kirishni pullik qilib qo‘ydi. Chet ellik turistlarga 140 ming so‘m¸ mahalliy aholiga 25 ming so‘m. Biletsizlar kirmasin¸ deb svetoshou atrofini yengil alyuminiydan bo‘lgan bloklar bilan o‘rab oldik. Buni ham svetoshou boshlanishidan 20 minut oldin o‘rnatar edik¸ lazer shou tugaganidan keyin olib qo‘yardik. Bir-ikkita o‘rischa yozadigan bloger Facebokda dod-voy solganidan keyin 3 iyul kuni "devorni o‘rnatmanglar" degan buyruq keldi va biz devorni o‘rnatmadik¸ deydi muhandis.

Tarmoq e’tirozi

Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmenti¸ xususan Facebookda Registon maydonining temir devor bilan o‘rab olinishi jiddiy tanqid qilindi. Xususan¸ Facebook faoli Fotima Arifjanova lazer shou tashkilotchilariga qarata “Registondan boshqa joyda pul ishlang! Registon barchaga oid milliy obidadir! Registon to‘laligicha xalqqa oiddir!” deya ta’kidladi.

“Bunday razolatga¸ xalq mulki bo‘lgan qadim obidani xalqdan to‘sishga kim huquq berdi sizga¸ dunyo turizm markazlarining qaysi biri o‘z xalqidan to‘silgan?- deb yozdi Fotima Arifjanova.

Arifjanovaning bu yozganlariga qo‘shimcha qilgan tarmoq faollari lazer shou davomida ovoz kuchaytirgichlardan chiqqan kuchli detsiballi shovqin qadimiy obidaga zarar berayotganidan xavotir bildirishgan.

Tilanchilar uchun filtr

Samarqand shahar hokimligi madaniyat bo‘limida ishlovchi mulozim lazer shou bo‘layotgan paytda atrof to‘silganligini maqullaydi.

"Shou bor-yo‘g‘i 20 minut davom etadi. O‘sha paytda to‘sib qo‘yilishi normadaku. Men o‘tkan yili dekabrda Venaga borganimda shahar markazidagi attraksion atrofi ham to‘silganini ko‘rdim. Tashkilotchilar elektr sarflashgan¸ ishchilar maosh olayapti. O‘zini oqlashi kerakku! Yana bir tomoni¸ o‘sha 25 ming so‘mlik chipta puli bu aslida tilanchilar uchun filtr. Tumanlardan kelib tilanchilik qilishadi¸ suv¸ salfetka¸ yegulik va yodgorliklarni sotib ol¸ deb turistlarga tixirlik qilishadi. Agressiv marketing¸ tilanchilik kabi qoloq mamlakatlarga xos bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish¸ turistlarga dam olish imkonini berish hokimlik vazifasiku. Masalan uyingizga mehmon kelsa¸ unga gilamimni sotib ol¸ tixirlik qilmaysizku¸ dedi o‘z shaxsi ochiqlanishini istamagan hokimlik mulozimi.

1972 yilda qabul qilingan va O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan konvensiyaga ko‘ra¸ YUNESKOning “Umumjahon madaniy merosi” ro‘yxatiga kiritilgan Samarqandning Registon maydonida zamonaviy inshootlar qurish¸ binoga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan elektron qurilmalar o‘rnatish mumkin emas.