O‘zbekiston hududidagi barcha fuqarolar yig‘inlari huzurida to‘ylar va boshqa oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tashkil etiladi. Bu boradagi qaror Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan qabul qilindi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Senat to‘ylar borasidagi uchinchi qarorni qabul qildi
Senat matbuot xizmatining bildirishicha, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari Senat Kengashining 13 avgust kuni o‘tgan majlisida muhokama qilingan. Yig‘ilishga Senat Raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev raislik qilgan.
Yig‘ilish yakunida «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
“Unga ko‘ra, mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan birgalikda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, oilaviy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan marosimlarga, nomaqbul odatlarga va ularning salbiy oqibatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borish, urf-odatlarni mensimaslik, isrofgarchilik holatlarini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish kabi masalalar komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilandi”, deyiladi Senat matbuot xizmati rasmiy xabarida.
Qarorda. barcha fuqarolar yig‘inlari huzurida to‘ylar va boshqa oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tashkil etish ham belgilangan.
Bundan avval Senat 30 mart kuni oilaviy tadbirlarni tartibga solish yuzasidan keng jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida Respublika ishchi guruhini tashkil etgan edi. Mazkur guruh tafsiyasi bilan Senat 2018 yil 29 iyunda «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qilgandi. Bu qaror bilan to‘y va boshqa oilaviy tadbirlarga monitoring yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangandi.
13 avgust kuni qabul qilingan qaror yuqoridagi ikkita qarorda belgilangan vazifalarning samarali ijro etilishini ta’minlash maqsadida qabul qilingani aytilmoqda.
Prezident Mirziyoev mart oyidan beri shu kungacha oilaviy tadbirlarni ixchamlashtirish masalasida bir necha marotaba gapirdi.
Bunday qarorga ehtiyojni izohlagan prezident¸ to‘y-ma’raka o‘tkazishning hamma uchun bir xil me’yorlarini ishlab chiqish jamiyatda adolat o‘rnatish¸ davlat amaldorlari orasidagi korruptsiyani kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlagan edi.
Prezidentning oilaviy tadbirlar mavzusini ko‘targani ortidan 5 iyulda "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi "to‘ylarga boradigan san’atkorlarning imtiyozli narxga ega ro‘yxati"ni e’lon qilgan.
Oshga borish 500 mingdan 800 minggacha¸ to‘yga borishi 800 mingdan 1¸5 million so‘mgacha qilib belgilangan ro‘yxatda o‘zbekistonliklar orasida tanilgan biror san’atkor yoki guruh yo‘q. Keyinroq esa mazkur muassasa to‘ylarda aytiladigan qo‘shiqlar ro‘yxatini tuzishga kirishgan edi.
Bir necha oy oldin prezident Mirziyoev Toshkent shahar Olmazor tumanini poytaxtda namunali to‘ylar o‘tkazish tajribasini boshlab berishga mas’ul qilgandi. O‘shandan beri Olmazor tumanida namunali to‘ylar o‘tkazilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda.