Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan 17 avgust kuni ertalab davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Shavkat Mirziyoev kutib oldi.
Oliy martabali mehmonni aeroportda kutib olish marosimi O‘zbekiston tarixida birinchi marta “O‘zbekiston 24” telekanali orqali jonli efirda namoyish etildi.
Тожикистон президентининг Тошкент аэропортида кутиб олиниши
Emomali Rahmon Prezidentimiz hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov Feysbukdagi sahifasida Emomali Rahmonning davlat tashrifi dasturini jamoatchilikka e’lon qilgan edi.
Allamjonovning xabar qilishicha, Tojikiston prezidenti Toshkentda Mustaqillik monumentiga gul qo‘yadi va shundan so‘ng Ko‘ksaroyda davlat rahbarlarining muzokaralari boshlanadi. Muzokaralar avval tor, keyin keng doirada o‘tkaziladi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Kunning ikkinchi yarmida “O‘zekspomarkaz”da Tojikiston mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘ladi. Emomali Rahmon poytaxtdagi “Artel” zavodiga ham tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.
Shu kuni O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida o‘tkaziladigan kontsertda qatnashishi rejalashtirilgan.
Tojikiston Prezidenti 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Emomali Rahmon shu kuni Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor maskanlarni ziyorat qiladi.
Tashrif davomida dasturga o‘zgarishlar kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yil 9-10 mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘lgan edi.