Atmosferadagi o‘zgarishlar millionlab odamga ochlik xavfini solmoqda

Nature Climate Change jurnalida chop etilgan maqolada yozilishicha, atmosferada karbonat angidrid (CO2) gazi miqdori ko‘payib borayotgani bug‘doy, guruch hamda boshqa boshoqli ekinlardagi ozuq moddalari ozayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, millionlab odam ozuqa taqchilligidan aziyat chekishiga sabab bo‘ladi.

Maqola mualliflariga ko‘ra, karbonat angidrid gazi miqdori hozirgi sur’atlarda o‘sishda davom etadigan bo‘lsa, asr o‘rtasigacha ekinlardagi temir va rux miqdori 17 foizga ozayishi mumkin.

Tadqiqot mualliflaridan biri Metьyu Smit AFP agentligiga bergan intervyusida:

- Asosan Afrika, janubi-sharqiy Osiyo, Hindiston va Yaqin Sharqda yuz millionlab odam ushbu ozuqa moddalar tanqisligiga duchor bo‘lishi mumkin, - dedi.

Protein hamda temir va rux kabi minerallar inson tanasi uchun muhim rizqli moddalar hisoblanadi.

Rux taqchilligi immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, malyariya, o‘pka infeksiyalari hamda boshqa kasalliklarga chalinish xavfini oshiradi.

Temir yetishmovchiligi esa onalarning tug‘ruq paytida halok bo‘lishi xavfini oshiradi va anemiyaga olib keladi.

Dunyo bo‘ylab bug‘doy, guruch va jo‘xori kishilar iste’mol qiladigan oziq-ovqatdagi protein, rux va temir miqdorining taqriban 40 foizi manbasidir.

Atmosferadagi qo‘shimcha CO2 2050 yilgacha global miqyosda aholi sog‘ligiga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlash uchun Smit hamkasblari bilan 151 davlatda yetishtiriladigan 225 xil ekin uchun modellarni hisoblab ko‘rgan.

Bundan avval o‘tkazilgan izlanishlar iqlim o‘zgarishi natijasida harorat oshishi, qurg‘oqchilik hamda boshqa holatlar global oziq-ovqat tizimiga salbiy ta’sir qilishini ko‘rsatgan. Xususan, iqlim o‘zgarishi hosil ozayishiga, chorvani issiq urishiga hamda okeanlardagi baliqlar soni o‘zgarishiga olib keladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda bir milliarddan oshiq odam bir yoki undan ko‘p oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekadi.