28 avgust kuni O‘zbekistonga aynan turizm sohasiga sarmoya yotqizish rejasini muhokama qilish uchun kelgan yevropalik tadbirkor Toshkent aeroportidan chiqarilmadi.
DXX Chegara xizmatining Toshkent xalqaro aeroportidagi chegarachilari¸ vizasiz tranzit rejimining kelib-ketish biletini “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatidan olgan sayyohlargagina tegishli ekanini ta’kidlab¸ boshqa davlat aviakompaniyalari orqali kelib-ketmoqchi bo‘lganlarning tranzit zonasidan chiqarilmasligini aytgan.
Bunday talab esa¸ prezidentning 101 davlatdan kelgan sayyohlarning O‘zbekistonga besh kungacha vizasiz kirishiga ruxsat etilgan 4 iyul kungi qarorida ham¸ O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida tranzit sayyohlardan so‘raladigan hujjatlar rasmiy ro‘yxatida ham yo‘q.
29 avgust kuni Ozodlik suhbatlashgan turizmni rivojlantirish uchun mas’ul idoralar¸ prezident qarorining amalda ijro etilmayotgani uchun bir-birlarini aybladilar.
Yevropalik potensial sarmoyadorning Toshkent xalqaro aeroportidagi sarguzashtlari
28 avgust kuni Toshkentdagi tadbirkorlardan biri Ozodlikka quyidagi xabarni yubordi:
“Bugun ham kulgulik¸ ham yig‘lagulik axmoqona vaziyat bilan yuzma-yuz keldik. Bir investitsion loyiha bilan YeIdan mehmon kelishi kerak edi. Ish grafigi nihoyatda tig‘izligi uchun faqat bir kunga kelib¸ biz bilan biznes rejani muhokama qilib¸ yana uchib ketadigan bo‘ldi. U uchib kelib¸ aeroportdan chiqarishmayapti¸ deb telefon qildi. Nega desa¸ Toshkentdan uchib ketish bileti ham “O‘zbekiston havo yullari”niki bo‘lishi kerak ekan!!!”
Ehtimoliy biznes sherigi bunday talabdan “yoqa ushlaganini” ta’kidlagan toshkentlik tadbirkor¸ Tashqi ishlar vazirligi saytida 5 kunlik O‘zbekistonga kirish vizasini olish uchun uchinchi davlatga qaytish bileti bo‘lishi kerakligi aytilgani¸ ammo bu biletning aynan “O‘zbekiston havo yo‘llari”niki bo‘lishi kerakligi aytilmaganini ta’kidlaydi.
O‘zbekistonda aynan turizm sohasiga sarmoya yotqizish istiqbolini muhokama qilish uchun to‘xtab o‘tishga qaror qilgan yevropalik tadbirkor¸ Toshkentdagi biznes sheriklarining uch soatlik yugur-yuguridan so‘ng¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” reyslaridan biriga bilet sotib olgan va chegaradan chiqib¸ Toshkentga kirgan.
“Biz zudlik bilan aeroportga yetib keldik, u yerda o‘tirgan Tashqi ishlar vakili “men hech narsani bilmayman¸ bu mening vakolatimda emas”¸ deb turib oldi. Mehmonni chegaradan o‘tkazish uchun Moskvaga bilet sotib olmoqchi bo‘ldik¸ ammo yaqin kunlarga Moskvaga bilet umuman yo‘q! Yalinib-yolvorib qariyb 900 dollarga biznes klassga bilet oldik. Shundan keyin karaxt bo‘lgan mehmonimizni olib chiqdik. Bir necha soatga kirish uchun shuncha vaqt¸ shuncha asab va shuncha pul zoe ketdi. Bu voqeadan keyin bu odam sarmoya kiritish u yoqda tursin¸ O‘zbekistonga boshqa kelmasa ham kerak endi”¸ dedi 29 avgust kuni Ozodlik bilan qayta gaplashgan toshkentlik mezbon-tadbirkor.
Vizasiz tranzit kirish rejimi nega ishlamayapti?
28-29 avgust kunlari yevropalik mehmon Toshkentga kirib-chiqishda duch kelgan muammolarga izoh so‘rab¸ Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi¸ Tashqi ishlar vazirligi va «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi rasmiylari bilan bog‘landi.
Turizm va tashqi ishlar idorasi vakillari prezident qaroriga ishonib¸ O‘zbekistonda to‘xtab o‘tishga qaror qilgan tranzit sayyohlar duch kelayotgan bu muammo uchun boshqa aviashirkatlar bilan O‘zbekistonga kelayotgan yo‘lovchilarga oid ma’lumotlar bazasini bo‘lashishga oid mexanizmni yaratmagan milliy avikompaniyani aybladi:
«Bu ishni «Havo yo‘llari qilishi kerak edi. Ular qilmagan. Chegarachilar bizda faqat «Havo yo‘llari»ning ma’lumotlar bazasiga dostup bor¸ boshqasiga kirolmaymiz¸ demakki ular bilan kelib-ketadiganlarni kirita olmaymiz¸ deb turib olayapti».
23 avgustda Bokudan Toshkentga uch kunga uchib kelgan xitoylik turistning uchinchi mamlakat chiptasiga ega bo‘lib turib¸ "O‘zbekiston havo yo‘llari" biletini sotib olmagunicha¸ pasport nazoratidan o‘ta olmagani haqida 28 avgust kuni Gazeta.uz nashri yozgan edi.
Turizm qo‘mitasi rasmiysiga ko‘ra¸ mazkur maqolada keltirilgan muammo yuzasidan tegishli tizimlar 28 avgust kuni Davavianazorat idorasida maxsus yig‘ilish o‘tkazgan:
«Bugun (29 avgust kuni) kechki soat 6 gacha Chegara qo‘shinlari¸ Tashqi ishlar vazirligi¸ Turizm qo‘mitasi va «O‘zbekiston havo yo‘llari» bu muammoni bartaraf qilish bo‘yicha o‘z takliflarini berishi kerak. Ungacha aeroportlardagi bu muammo davom etsa kerak. Bunaqa voqealar turizmni rivojlantiraylik¸ deb turilgan bir paytda¸ albatta¸ uyat».
Turizm qo‘mitasining Ozodlik gaplashgan rasmiysi mazkur yig‘ilish yakuniga oid Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi rasmiy saytida ma’lumot berilishini bildirdi.
Rasmiy izoh
Mazkur maqola e’lon qilinishi arafasida rus tilida chop etilgan rasmiy bayonotda¸ vizasiz tranzit kirish rejimidan faqat "O‘zbekiston DXX Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga ma’lumot beradigan aviatashuvchilar yo‘lovchilari foydalana olishi mumkinligi" va hozircha bunday ma’lumotni faqat "O‘zbekiston havo yo‘llari"gina taqdim etayotgani aytildi.
Bu mexanizmdan foydalanuvchilar sonini ko‘paytirish maqsadida¸ bayonotga ko‘ra¸ 28 avgust kungi maxsus yig‘ilishda qatnashgan aviakompaniyalar vakillari belgilangan tartibda yo‘lovchilarga oid ma’lumotlarni taqdim qilishga qiziqish ko‘rsatgan.
Aytilishicha¸ xitoylik yo‘lovchi bilan yuzaga kelgan vaziyat takrorlanishi oldini olish maqsadida Utair aviakompaniyasi bilan tranzit yo‘lovchilarga oid ma’lumotlarni o‘zbek chegarachilariga taqdim etish borasida dastlabki kelishuvga erishilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston turizm qo‘mitasi¸ vizasiz tranzit rejimidan foydalanmoqchi bo‘lgan xorijliklarga bilet olishdan oldin aviakompaniyalarning O‘zbekiston Chegara xizmati bilan ma’lumotlar ayirboshlash to‘g‘risida kelishuvi bor-yo‘qligini aniqlab olishni tavsiya etgan.
Hozircha bunday ma’lumotni ehtimoliy tranzit sayyoh qaerdan topishi mumkinligiga oid aniq ma’lumot yo‘q.