Niderlandiyada Muhammad payg‘ambar haqidagi karikaturalar tanlovi bekor qilindi

Niderlandiya parlamentining ashaddiy o‘ngchi deputati Gert Vilders.

Niderlandiya parlamentining ashaddiy o‘ngchi a’zosi Gert Vilders payg‘ambar Muhammadning karikaturalari tanlovini bekor qildi. Bunga Pokistonda avj olib ketgan ommaviy norozilik namoyishlari sabab bo‘ldi.

U tuzgan rejasi uchun o‘ldirish tahdidlarini olgandan so‘ng 30 avgust kuni “odamlarni islom zo‘rovonligi qurboni qilmaslik maqsadida” tanlovni bekor qilishga qaror berganini aytdi.

“Odamlarning xavfsizligi muhimroq”, deb yozdi 54 yashar Vilders Feysbukda.

Olloh yoki payg‘ambarning suratini hatto ijobiy qilib chizish ham Islomda dinni tahqirlash deb hisoblanadi va taqiqlanadi. Pokistonda bunday tahqirlash o‘lim bilan jazolanadi.

Vildersg kuchli muxoliflar “faqat meni emas, butun boshli Niderlandiyani nishonga oladi”, dedi. Pokistondagi norozilik namoyishlari tashkilotchilari rasmiy Islomobodni ushbu tadbirni uyushtirgani uchun Niderlandiya bilan diplomatik aloqalarni uzishga chaqirdi.

10 ming pokistonlik mamlakat sharqidagi Lahor shahridan Islomobod sari norozilik yurishini davom ettirganidan so‘ng Vilders tanlovni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Namoyishga Pokiston “Tahriki Labaik” islom partiyasi homiylik qildi.

30 avgust kuni namoyishchilar Islomobodga yetib keldi. Shundan so‘ng Pokiston hukumati diplomatlar yashaydigan mavzeni himoya qilish uchun minglab askarlardan iborat qo‘shin joylashtirdi.

Poytaxtdagi elchixonalar joylashgan va himoyasi mustahkam diplomatlar mavzesini minglab politsiyachilar va harbiylashgan bo‘linmalar qo‘riqlab turgan edi. Endi ular safiga 700 harbiy xizmatchi kelib qo‘shildi, dedi politsiya vakili.

Namoyishchilar Islomobodga yetib kelishidan oldin bir oz muddat Jhelum shahrida to‘xtatib turildi. Ammo ular politsiyaga qarshilik ko‘rsatish bilan tahdid qilgandan so‘ng qo‘yib yuborildi va yo‘lida davom etdi.

− Biz payg‘ambarimiz sharafini himoya qilish uchun o‘limga ham tayyor ekanimizni dunyoga ko‘rsatib qo‘yish uchun yo‘lga chiqdik, − dedi Labaik partiyasi rahbari Husayn Rizvi yig‘ilganlarga qarata.

“Tolibon” Niderlandiya qo‘shinlariga hujum qilishga da’vat etmoqda

Reyter axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Vilders karikatura tanlovini bekor qilishidan bir necha soat oldin “Tolibon” harakati afg‘on askarlariga qarata NATO qo‘shinlari safidagi niderland harbiy xizmatchilariga hujum qilish da’vati bilan chiqqan.

NATOning Afg‘onistondagi 16 ming kishilik “Qat’iy ko‘mak” missiyasida 100 ga yaqin niderland askari xizmat qiladi.

Vilders tashkil qilmoqchi bo‘lgan ushbu munozarali tanlov 2005 yilgi shu xildagi tanlovni esga tushiradi. O‘shanda Muhammad payg‘ambar haqidagi karikaturalar Daniyadagi bir gazetada chop qilingan va bu ko‘plab musulmon mamlakatlarida buzg‘unchiliklarni keltirib chiqargan edi.

30 avgust kuni kelib chiqishi pokistonlik bo‘lgan 26 yashar yigit Feysbuk orqali Vildersga tahdid qildi. Va u gaagalik sudya qarori bilan hibsga olindi. Unga boshqa jinoyatlar qatori qotillik va terrorchilik ig‘vogarligi ayblari qo‘yilmoqda.

Niderlandiya hukumati ushbu tanlovdan o‘zini chetga olishga urinmoqda.

Bosh vazir Mark Ryutte o‘tgan hafta Vildersning tanlovni tashkil qilmoqchi ekanini tanqid qilib, “uning maqsadi islom haqida bahs uyushtirish emas, balki fitna uyushtirishdir”, deb aytdi.

Lekin u Niderlandiya xalqining so‘z erkinligi huquqi borligini, shu sabab hukumat tanlovni bekor qilishga intilmasligini qo‘shimcha qildi.

Vildersning rejasi Pokiston xalqining qahru g‘azabini qo‘zg‘atgandan so‘ng Niderlandiya hukumati vatandoshlariga u yerga sayohat qilmaslikni tavsiya qildi va Islomobodga savdo missiyasi yuborishni qoldirdi.