Dunyo bo‘ylab kasalxonalarda dori ta’sir qilmaydigan kuchli bakteriya tarqalmoqda

Avstraliyalik olimlar dunyo bo‘ylab shifoxonalarda kuchli, hatto o‘limga olib kelish mumkin bo‘lgan kuchli infeksiya yoki bakteriya tarqalayotgani haqida ogohlantirdi. Ularning aytishicha, bakteriya dunyoning turli burchaklariga tarqalmoqda.

Melburn universiteti xodimlari hozirda mavjud hech bir dori ta’sir qilmayotgan bakteriyaning uch varianti aniqlanganini aytishdi.

Staphylococcus epidermidis deb nomlanuvchi bakteriya inson terisida tabiiy holda uchraydi va asosan yoshi keksalar yoki prostetik implant o‘rnatilgan shaxslarga yuqadi.

Universitet xodimlari dunyoning turli burchagidagi 78 shifoxonadan olib kelingan yuzlab Staphylococcus epidermidis bakteriyasini o‘rgangan. Bakteriyaning ayrim kulturalari o‘z DNKsini o‘zgartirib, ikki keng qo‘llaniladigan antibiotikka qarshilik ko‘rsata boshlagani aniqlangan.

Olimlarning fikricha, intensiv davolash bo‘lmalarida antibiotiklardan keng qo‘llanilayotgani kuchli bakteriyalar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti uzoq yillardan beri antibiotiklardan haddan tashqari ko‘p foydalanish dori ta’sir qilmaydigan kuchli bakteriyalar tarqalishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirib keladi.

O‘tgan oyda chop qilingan yana bir ilmiy maqolada shifoxonalardagi bakteriyalar dezinfeksiya qilishda foydalaniladigan spirtlarga qarshilik ko‘rsata boshlagani e’tirof etilgan edi.