O‘zbekistonda internetni cheklashga rasmiy tus berildi

O‘zbekiston - "Internet tahdidlaridan himoya" kitobi taqdimoti

O‘zbekistonda shu paytgacha amalda bo‘lgan internet ustidan senzura qonuniy ko‘rinish kasb qildimi? Bu savol javobini Ozodlikning Qurultoy eshittirishida qidirdik.

Rasmiy matbuotda 6 sentabr kuni e’lon qilingan “Internet tarmog‘i veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra¸ “Taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan butunjahon Internet tarmog‘idagi axborot resurslari reestri yuritiladi va reestrga kiritilgan axborot resurslaridan foydalanish cheklanadi”.

“Yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan senzura”

O‘zbekistonlik olim va tarmoq faoli Mirza Anvar Hamidov bu cheklovni “Yaltiroq qog‘ozga o‘ralgan senzura” deb atadi:

- Agar bu nizom amalga oshadigan bo‘lsa, xuddi Karimov davridagidek ta’qiq, tazyiqlar ostida qolib ketamiz! - deydi Mirza Anvar Hamidov. - Bu to‘g‘rida G‘arb demokratik davlatlari qonunchiligida nima deyilgan?! O‘sha qonunlarni o‘zimizda tadbiq etib qo‘ya qolish kerak, har safar "velosiped ixtiro qilavermay”.

Taqiqlangan saytlar reestri

6 sentabr kuni e’lon qilingan nizom amalda taqiqlangan veb-sahifalar tarmoq faollarining "maxsus ro‘yxatga" tirkalishini bildiradi.

Shu paytgacha “O‘zbekistonda internet nazorat qilinmaydi” degan iddaoada bo‘lgan hukumat amalda muxolif va mustaqil saytlarni blok qilib kelmoqda.

Ammo shu paytgacha qonuniy asosda taqiqlangan saytlarning rasmiy ro‘yxati yo‘qligi "aytilar edi"

"Huquqiy axborot" kanalida e’lon qilingan ma’lumotda ta’kidlanishicha, rasmiylar internetda taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan axborot resurslari reestrini joriy qilmoqda.

Ushbu Reestrga kiritilgan axborot resurslaridan foydalanish cheklanadi.

Ozodlkik suhbatlashgan jurnalist Shohida Yoqub bu reestrning amaldagi qonunchilikka zid ekanligini ta’kidlaydi.

- "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, ommaviy axborot vositasining faoliyatini taqiqlash faqat sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin, - deydi jurnalist.

Uch bosqichli “Senzura”

Nizomga ko‘ra ¸“Taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan” tarmoqdagi kontentlarni cheklash uch bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan resurslarni aniqlanadi. Ushbu bosqichdagi harakatlar Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi tomonidan amalga oshiriladi. Markazga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan tartibda kelib tushgan murojaatlar ham monitoring olib borishga asos bo‘ladi.

Monitoring natijasida taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i axborot resursi aniqlangan taqdirda Markaz bu bo‘yicha xulosa tayyorlaydi.

Ikkinchi bosqichda axborot resursi Reestrga kiritiladi. Reestrga kiritish uchun Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazining xulosasi hamda Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi Ekspert komissiyasinig qarori asos bo‘ladi.

Uchinchi bosqichda vakolatli organ - Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan internet tarmog‘idagi axborot resurslarini cheklash bo‘yicha tashkiliy texnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Porno va diniy adovat yana taqiqlanadi

Nizomda qaysi o‘lchovlar asosida kontentning taqiqlanishi ko‘rsatilgan.

Hujjatda aytilishicha, ”konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat¸urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini va pornografiyani targ‘ib qilingan kontentlar taqiqlanadi.

O‘zbekiston - "Internet dushmani"

O‘zbekistonda Internet, ayniqsa UZ milliy domenida ro‘yxatdan o‘tgan resurslar qattiq nazorat ostiga olingani aytiladi.

Ko‘plab veb-saytlar, jumladan, Ozodlik saytiga mamlakat ichkarisida to‘siq qo‘yilgan.

O‘zbekiston har yili "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining "Internet dushmanlari" bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida tilga olinadi.

Lekin to‘siqlar va Internet tezligining pastligiga qaramay o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi oshib borayapti.

O‘zbekistonning 2016 yilda olamdan o‘tgan prezidenti Islom Karimov Internetni cheklab bo‘lmasligini ta’kidlab, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar uchun “balo” ekanligini gapirgan edi:

-Mana Internet deganni¸ albatta¸ foyda tomoni juda ko‘p. Internetni to‘xtatishga kim urinsa bu axmoqona. Unga chegara qo‘yish mumkin emas. Lekin ba’zi tomonlari shunda ichadiki, anavu ijtimoiy tarmoqda tarqaladigan tvitter bo‘ladimi, boshqasi bo‘ladimi, hammasini inobatga oladigan bo‘lsak agar, bu shunday balo bo‘layaptiki, buni to‘xtatib bo‘lmas ekan. Faqat bolaning o‘zi qorani oqdan ajratishga qurbi yetishi kerak. Boshqa yo‘li yo‘q, hech qanday Internetni to‘xtatib bo‘lmaydi, - degan edi marhum Islom Karimov.