Qashqadaryoda oilaviy nizo asosida mudhish qotillik sodir etildi. O‘zbekistonda ajrashishlar tufayli 22 ming bola tirik yetim bo‘lib qolmoqda. Toshkent bozorlarida pomidor narxi keskin ko‘tarildi
_____________________________________________________________
Mol achchig‘ida xotinini chavaqlagan qashqadaryolik 17 yilga qamaldi
Qashqadaryo viloyatida oilaviy nizo asosida mudhish qotillik sodir etildi (“Huquq”, 13 sentabr). Bu haqda viloyat prokuraturasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Jahongir Ro‘zimurodov xabar beradi. Shahrisabzlik erkak shar’iy nikoh asosida yashab kelgan ikkinchi xotinidan ikkita farzand ko‘rgan. Ammo er-xotinning orasiga sovuqchilik tushib, katta farzandlari 14 yoshga to‘lganida ajrashishgan. Ismi oshkor etilmagan erkak xotiniga tegishli do‘konni sud orqali o‘z nomiga o‘tkazishga uringan. Ammo sud do‘konni ayolning o‘zida qoldirgan. Shundan keyin erkak mol achchig‘ida xotinini va pushtikamaridan bo‘lgan 14 yoshli o‘g‘lini pichoqlagan. O‘smirning hayoti saqlab qolingan, ayol esa vafot etgan. Xabarga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi qotillikda ayblangan erkakni 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan.
Ajrashishlarning asosiy sababi – er va xotinning xarakteri to‘g‘ri kelmagani
O‘zbekiston bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida 11 ming 287 ta oila sudga ajrashish haqida ariza bergan (“Oila davrasida”, 13 sentabr). Oliy sud raisi o‘rinbosari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Xolmo‘min Yodgorovga ko‘ra, shu tariqa 22 ming bola tirik yetim bo‘lib qolmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova ham oilaviy ajrimlar eng og‘riqli muammo bo‘lib qolayotganini tan olgan. Tahlillarga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha ajrimlarga asosan er va xotinning xarakteri to‘g‘ri kelmagani sabab bo‘layapti. Bundan tashqari, farzandsizlik, er yoki xotinning xiyonati, nikohlanuvchilarning oilaga ruhan va jismonan tayyor emasligi ham ajrimlarga olib kelmoqda.
Bozorlarda pomidor narxi keskin ko‘tarilgani sababi aytildi
Toshkent bozorlarida pomidorning bir kilosi narxi 7 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha chiqdi (“Darakchi”, 13 sentabr). Holbuki, yozning dastlabki oylarida uning narxi ancha arzon bo‘lgan edi. Dehqonlarga ko‘ra, chilla paytidagi anomal issiq sabab ko‘plab pomidorlarning guli va hosil tugunchalari to‘kilgan, barglari esa qurib-qovjirab, hosil bermay nobud bo‘lgan. Bundan tashqari, suv tanqisligi va zararkunandalar ko‘paygani ham pomidorning qimmatlashuviga olib kelgan. Odamlar orasida mazkur sabzavotning qimmatlab ketganiga uning xorijga eksport qilinayotgani ham sabab bo‘lmoqda, degan fikrlar mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 8 oyida O‘zbekistondan Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi yaqin xorij, Buyuk Britaniya, AQSh, Singapur kabi uzoq xorij davlatlariga 45,8 ming tonna pomidor eksport qilingan.