Rauf Parfining Oybek uy-muzeyiga ko‘chirilgan yubileyi ham "tepaning buyrug‘i" bilan to‘xtatildi

O‘zbekiston Xalq shoiri Rauf Parfi milliy va ma’naviy hurlik shoiri sifatida tanilgan.

25 sentabr kuni o‘zbek milliy shoiri Rauf Parfi tug‘ilganiga 75 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazish rejalangan madaniy tadbir ikkinchi marta to‘xtatildi.

Birlamchi rejaga ko‘ra¸ 25 sentabrda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan “Turkiy dunyoning g‘olib xayoli” deb nomlangan tadbirga sanoqli kun qolganda¸ uni Milliy kutubxonada o‘tkazish taqiqlandi.

Bu haqda tadbir tashkilotchilari va Milliy kutubxona xodimlari 19 sentabr kuni Ozodlikka bildirgan edi.

O‘zini "Milliy kutubxona matbuot xizmati xodimi", deb tanishtirgan mulozim Ozodlik bilan suhbatda Rauf Parfi yubileyini milliy kutubxonada o‘tkazish “yuqorining buyrug‘iga ko‘ra bekor qilingan”ini bildirgan¸ ammo yuqori deganda qaysi tizim yoki shaxsni nazarda tutayotganiga ochiqlik kiritmagan edi.

- "Zudlik bilan bekor qilib o‘rniga boshqa tadbir qo‘yinglar", degan og‘zaki buyruq bo‘ldi¸ degan edi 19 sentabr kuni Ozodlik gaplashgan Milliy kutubxona matbuot xizmati vakili.

Shundan so‘ng tashkilotchilar¸ bu tadbirning 25 sentabr kuni Oybek uy-muzeyida o‘tkazilishini e’lon qildi.

Ammo 25 sentabr kuni ertalab¸ Oybek uy-muzeyiga ham “tepadan” bosim qilib¸ bu tadbirni taqiqlashdi¸ deb xabar qildi Ozodlikka tadbir tashkilotchilaridan biri¸ tarixchi olim Anvar Nazir.

- Hozircha davlat nomidan kimning milliy shoirimiz xotirasiga bag‘ishlangan tadbirni taqiqlayotgani aniq emas. Taxminlarga ko‘ra¸ prezident devoni¸ shaxsan¸ Xayriddin Sultonov qilayotgan bo‘lishi mumkin. Uzoq yillar davomida Karimov atrofida jadidlar¸ millatparvar shoirlardan qo‘rqadigan¸ ular nomini imkon qadar yo‘qotishni orzu qilgan bir guruh ideologlar shakllandi. Xayriddin Sultonov o‘zbek milliy adabiyoti¸ madaniyati va tilini "rasvosini chiqarganlardan biri". Afsuski¸ ayni odamlar Mirziyoev davrida ham ma’naviyat va ma’rifat sohasida ana shu abjaq siyosatni davom ettirmoqda. Ular Rauf Parfi kabi millatparvar shoirdan¸ o‘lganidan keyin ham qo‘rqadi¸ dedi Ozodlik bilan 25 sentabr kungi suhbatda Anvar Nazir.

Oybek uy-muzeyining 25 sentabr kuni Ozodlik bog‘langan xodimasi¸ tadbirning bekor qilinganini tasdiqladi¸ ammo uning kim tomonidan¸ nima sababdan bekor bo‘lganiga oydinlik kiritishni istamadi.

-Tashkilotchilar¸ tadbirni boshqa joyda o‘tkazamiz¸ deyishdi. Bizning muzeyda bo‘lmaydi¸ dedi “nega” degan savolga javob berishga qiynalgan muzey xodimasi.

Tashkilotchilarning Ozodlikka bildirishicha¸ 25 sentabr kuni Rauf Parfi xotirasiga hurmat ko‘rsatishni o‘z milliy burchi deb bilgan bir guruh ziyoli va ijodkorlar Toshkentdagi “Shosh” restoranida yig‘ilib¸ kichik xususiy tadbir o‘tkazishga kelishib olgan.

2005 yilda olamdan o‘tgan O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining tavvalud kunini nishonlash O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 2018 yil 17 yanvarda imzolagan 01-07-1-3356 raqamli rejaga ko‘ra¸ Milliy kutubxonaning 150 kishilik zalida o‘tkazilishi kerak edi.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan bu hujjatda tadbir tashkilotchi sifatida Madaniyat vazirligi va Milliy kutubxona ko‘rsatilgan.

Tadbir tashkilotchilarining Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ o‘tkazilishi kutilayotgan kecha davomida Rauf Parfi she’rlari, uning ijodi to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qilishi, Shoir she’rlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishini namoyish qilish rejalangan edi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida Rauf Parfi 75 yilligi tadbirining o‘tkazilishi taqiqlanishi ortidan 20 sentyabrda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida shoir muxlislari #parfimaniya xeshtegi ostida aktsiya boshlagan edi.

Hayotligida Ozodlik bilan suhbatlashgan Rauf Parfi¸ kitob chiqarish yoki ijodi haqida madaniy tadbir o‘tkazish rejasini hamisha "tushunib bo‘lmaydigan falokat" ta’qib qilishi haqida iztirob va kulgi bilan gapirgan edi:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Rauf Parfi kitob va tadbir o‘tkazishda o‘zini ta’qib qiladigan "falokat" haqida