Yapon olimlari bir tomchi qondan odam yaratish tomon dastlabki qadamni tashladi

Qon hujayralari

Yapon olimlari tarixda birinchi marta inson qon hujayralarini yetilmagan tuxumhujayralarga aylantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu natija bir kun kelib laboratoriyada qarindoshlar qoni yoki to‘qimasidan bola o‘stirishga imkon yaratishi mumkin.

Tajribada qatnashgan olimlardan biri, Kioto universiteti xodimi Mitinori Saitou bundan avval ildiz hujayralardan sichqon tuxum hujayralari va sperma yetishtirishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Inson tuxumhujayralarini yaratish uchun boshqacha yondashishga to‘g‘ri kelgan. Xususan, inson qon hujayralari istalgan tana hujayrasiga aylana oladigan plyuripotent hujayralarga aylantirilgan. Buning ortidan ushbu hujayralar sichqonlardan olingan embrion hujayralardan tayyorlangan tuxumdonlarga kiritilgan.

Mazkur metod bilan hosil bo‘lgan tuxumlar urug‘latish uchun yetarli darajada rivojlanmagan. Ammo olimlarning aytishicha, bu texnologiya tirik yoki vafot etgan qarindoshlar genetik materialidan bola o‘stirishga yo‘l ochib beradi. Shuningdek, ushbu texnologiya bepusht yoki bir jinsli juftliklar o‘z DNKlariga ega farzand katta qilishlariga imkon beradi.

Endilikda olimlar laboratoriyada inson spermasi hamda urug‘lanish uchun yetarlicha rivojlangan tuxumhujayralarni yasash ustida bosh qotirmoqdalar.

Ayrimlar ushbu yangi texnologiya ruxsatsiz boshqa odamlar hujayralaridan bola katta qilib olinishiga yo‘l ochib berishidan xavotirda. Boshqalar esa laboratoriyada tayyorlangan bolalar jiddiy genetik kasalliklarga chalinishi mumkinligini aytmoqda.