28 sentabr kuni Ozodlikka yuborilgan videoda chegaraning O‘zbekiston tomoniga o‘tgan ayollar qo‘lidagi yuklarning chegara va bojxona xizmati formasidagilar¸ shuningdek, formasiz shaxs tomonidan kuch bilan tortib olinayotgani ko‘riladi.
Bu voqeani videoga olib¸ Ozodlikka yuborgan toshkentlikning aytishicha¸ u chegarachi va bojxonachilarning bunday noqonuniy harakatiga 27 sentabr kuni kechqurun guvoh bo‘lgan.
Tort-tort
Videodagi voqea joyi¸ guvohga ko‘ra¸ Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish maskanining O‘zbekiston tomoni - Toshkent viloyat bojxona boshqarmasiga qarashli “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona postidir.
“Chegara va bojxona tekshiruvidan o‘tib¸ O‘zbekiston tomonga kirishingiz bilan tashlanishadi. Ikki davlat o‘rtasida neytralniy zona bor. O‘zbek chegarachi va bojxonachilari tortqilashni ana shu neytral zonadan boshlaydi. Videodagi voqeada¸ e’tibor bersangiz¸ forma kiyib¸ ovcharka etaklagan chegarachilar ham bor¸ formali va formasiz bojxonachilar bor. Ular hamma tekshiruvdan o‘tib¸ avtobusga chiqayotgan joyida¸ odamlarning yukini tortib oldi. Ayolning qo‘lidagi yukiga chang solgan formasiz bola ham tamojnyachi¸ uni bu postdan o‘tib-qaytadagilar yaxshi taniydi”¸ dedi chegara va bojxonachilarning “qora ro‘yxati”ga tushish xavfidan hadiksiraganidan shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan toshkentlik suhbatdosh.
Ayni paytda¸ suhbatdosh videodagi formali va formasiz bojxonachilar shaxsiga oid aniq ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
Bojxona qo‘mitasining videodagi voqea yuzasidan sharhi
Ozodlik 28 sentabr kuni videotasvirga olingan voqeaga sharh berishni so‘rab¸ O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasiga murojaat qildi.
Qo‘mitaning mutasaddi rasmiysi¸ videoda aks etgan voqeaning kameraga olinguncha bo‘lgan tarixi borligini ayta turib¸ “ odamlar chegaradan bojsiz olib o‘tiladigan yuklar tartibini buzganidan so‘ng¸ bojxonachilar shunday qilishga majburligini” tushuntirishga urindi.
“G‘ishtko‘prik chegara-bojxona postida fuqarolar tomonidan amaldagi bojxona qoidalariga amal qilmaslik holatlari sodir etilmoqda. Biz fuqarolarga qoidalarni tushuntirayapmiz. Bo‘ysunishni istamaganlar tartibga chaqirilayapti. Videodagi fuqaro bojxona nazorati talablariga bo‘ysunmasdan o‘tgan fuqaro. Bu holatda¸ bizning xodimimiz fuqaroni haqorat qilmayapti¸ unga nisbatan kuch ishlatmayapti e’tibor bergan bo‘lsangiz. Faqat uning noqonuniy olib o‘tgan mahsulotini rasmiylashtirish uchun¸ chetga chaqirayapti. Bungacha bo‘lgan holat bor - birinchi unga yaxshi gap bilan aytilgan¸ bojxona qoidalari tushuntirilgan. Qoidaga rioya qilishni istamaganidan keyin¸ shunday holat yuzaga kelgan”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiysi.
Ayni paytda “mazkur postda fuqarolar uchun yanada keng qulayliklar yaratiladi” degan bu rasmiy¸ qoidabuzarlikni to‘xtatish uchun dahanaki jang va zo‘ravonlik qo‘llash qanchalik qonuniyligi¸ videodagi bojxona xodimlariga biror chora ko‘rilish-ko‘rilmasligi haqidagi savollarga javob bermadi.
Bojxonachi nega yukni tortib olmoqchi bo‘layapti?
Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 463-son qaroriga binoan¸ o‘zbekistonliklar boj to‘lamasdan qo‘shni davlat¸ xususan¸ Qozog‘istondan bir oyda bir marta 20 turdagi maishiy texnika buyumlari va ofis texnika buyumlarini faqat 1 donadan (qiymati 300 dollardan oshmasligi lozim - tahr.)) olib o‘tishi mumkin.
Shuningdek, har bir o‘zbekistonlik qo‘shni davlat hududidan bir kunda bir marta besh xil turdagi oziq-ovqat mahsulotini ikki kilodan jami 10 kilogramgacha bojsiz olib o‘tishi mumkin.
Chegara va bojxona xodimlari ta’kidicha¸ bu qaror kuchga kirgandan so‘ng¸ uni suiste’mol qiluvchilar ko‘paygan va qarorda ko‘zda tutilgani kabi¸ shaxsiy foydalanish uchun emas¸ balki xizmat haqi evaziga olibsotarlar uchun chegaradan bojsiz oziq-ovqat va maishiy texnika tashuvchilar armiyasi paydo bo‘lgan.
Videoda qo‘lidagi yuki bojxonachi tomonidan tortqilanayotganlar¸ aytilishicha¸ 463-sonli qarorni buzayotganlardir.
Bojxona qo‘mitasi chegaradan bojsiz o‘tayotgan tovarlar ro‘yxatini yana cheklashni so‘radi
2018 yil 19 sentabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar muhokamaga qo‘yiladigan hukumat saytida¸ Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan hozirlangan yangi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 22 iyun kungi 463-son qarori ilovasiga o‘zgartish kiritish haqidagi yangi loyihada¸ iyun oyida liberallashgan ro‘yxatni yana cheklash ko‘zda tutilgan.
4 oktabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bu hujjat¸ hozirda bir shaxs bir kunda 10 kilogacha olib o‘tishi mumkin 5 turdagi oziq-ovqatni bir oyda bir martaga¸ har oyda bir marta bojsiz olib kirishga ruxsat berilgan qiymati 300 AQSh dollaridan oshmaydigan maishiy texnikani esa har 6 oyda bir martaga qisqartirishni ko‘zda tutadi.
Bu loyiha¸ aksar mutaxassis va oddiy o‘zbekistonliklar tomonidan Karimov davridagi "10 dollarlik cheklov"ga qaytish sifatida baholanib¸ jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Hukumat saytidagi muhokamalarda firk bildirganlarning ko‘pchiligi¸ Bojxona qo‘mitasi taklif etgan yangi cheklovlarni¸ O‘zbekiston import bozorini monopoliya qilgan guruhlar manfaatini himoyalash va bojxonachilar uchun yangi korrupsiya manbai yaratish urinishi sifatida tanqid qildilar.