$1mld sarmoya istayotgan o‘zbek delegatsiyasi prezident safari oldidan Parijga keldi

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jean-Marc Ayrault 2017 yil 15 aprel kuni Toshkentda hamkasbi Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan edi.

O‘zbekiston hukumati tizimlarida ishlovchi bir necha mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ prezident Shavkat Mirziyoevning Fransiyaga qiladigan rasmiy safariga tayyorgarlikni yakunlashga mas’ul delegatsiya 4 oktabr kuni Parijga kelgan.

Safarga oid ma’lumotlarni ochiqlash vakolati yo‘qligi uchun shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan rasmiylarga ko‘ra¸ Ishchi delegatsiyaga O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining 1-o‘rinbosari¸ sobiq Tashqi ishlar vaziri Sodiq Safoev boshchilik qilmoqda.

Delegatsiya tarkibiga¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Senat¸ Tashqi ishlar¸ Tashqi savdo va Axborot texnologiyalari vazirliklari¸ Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi¸ shuningdek, “O‘zavtosanoat” va “Dori-Darmon” kabi davlat aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari kirgan.

Maqsad – investitsiya jalb qilish

Ozodlik gaplashgan Toshkent mulozimiga ko‘ra¸ prezident Parijga kelishi arafasida rasmiy delegatsiya Fransiyadan 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi investitsiyani O‘zbekistonga olib kirishga oid kelishuvlar paketi ustidagi muzokaralarni yakunlab¸ imzolaniladigan hujjatlarga oxirgi nuqtani qo‘yishi kerak.

Fransiya tomoni investitsiya kiritishga qiziqayapti. Ular yuqori axborot texnologiyalari¸ telekommunikatsiya¸ meditsina¸ atom energiyasi sohasiga pul kiritmoqchi. Lekin fransuzlarni bu investitsiyalar himoyasi qanday bo‘ladi¸ degan savol javobi qiziqtirayapti va safar arafasida ana shu masalaga yechim topilishi kerak”¸ dedi Toshkent delegatsiyasi kun tartibi tafsilotlaridan bilvosita xabardor mulozim.

"Fransuzlarning Jizzaxda mashina zavodi qurish-qurmasligi prezident safari davomida hal bo‘ladi"

Prezident Mirziyoevning Fransiyaga qiladigan safari tafsilotlariga yaqin boshqa bir Toshkent mulozimi¸ o‘tgan yili tantana bilan e’lon qilingan Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive zavodi taqdirining ham safar davomida hal bo‘lishini bildirdi.

2017 yilning 13 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Jizzaxda yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan Peugeot va Citroën rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqaruvchi zavod qurish haqidagi 3053-sonli qarorga qo‘l qo‘ygan edi.

Bu qarorga muvofiq¸ bir yilda 16 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive joriy yilning 1 mayiga qadar ish boshlashi kerak edi.

2017 yil noyabrida Jizzax erkin iqtisodiy hududiga borgan prezident Mirziyoev¸ bu zavodni 2018 yilning 10 dekabriga qadar tugatib¸ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqida topshiriq bergan edi.

Ammo 2018 yilning oktabr oyi boshlanganiga qaramay¸ Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan “O‘zavtosanoat” va hukumat rasmiysi¸ bu zavod qurilishining boshi berk ko‘chaga kirib qolganini bildirdi.

Bu zavodga deb joy ajratishdi¸ qurilish boshlandi¸ bino bor. Lekin hozirga kelib fransuzlar qo‘ygan shart bo‘yicha kelishuv yo‘qligidan to‘xtab yotibdi. Fransuzlar Peugeot brendi bilan zavod ochish uchun garantiya puli so‘ramoqda. Bular ishlab chiqarish texnologiyalari olib kirib¸ mahalliy kadrlarni o‘qitib¸ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yar-qo‘ymas¸ puliga kuyib qolishdan qo‘rqmoqda. Ular so‘rayotgan kafolat puli katta - yuzlab millionga boradi. Ular bu garantiya pulini yo O‘zbekiston hukumati¸ yoki uchinchi tomon qo‘yishini so‘rayapti. Toshkentda buncha pul yo‘q. Shunga Fransiya safari oldidan Islom taraqqiyot banki¸ Osiyo taraqqiyot banki bilan kafolat puli masalasida muzokara qilishdi. Hozir zavod direktori Erkin Yusupov ham Parijda. Kafolat masalasi hal bo‘lsa¸ Mirziyoev safari davomida moliyalashga oid kelishuv ham imzolanadi. Bo‘lmasa¸ bu reja yo‘qqa chiqadi”¸ dedi “O‘zavtosanoat” mulozimi 5 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Siyosiy obro‘

8-9 oktabr kunlari Fransiyaga qilinadigan rasmiy safar Shavkat Mirziyoevning prezident sifatida Yevropa Ittifoqi davlatiga birinchi tashrifi bo‘ladi.

2016 yilning 8 sentabrida prezident vakolatida ish boshlaganidan so‘ng Mirziyoev¸ YeI va unga a’zo davlatlar bilan Karimov davridagi sovuqlikka barham berish urinishini boshladi.

O‘tgan ikki yil davomida YeIning Tashqi siyosat masalalari bo‘yicha namoyandasi Federika Mogerini ikki marta – 2017 yil noyabr va 2018 yilning martida Toshkentga safar qildi¸ bevosita Shavkat Mirziyoev bilan uchrashdi.

2005 yilning 13 may kuni Andijonda ro‘y bergan qonli voqealar ortidan YeI O‘zbekistonga sanksiyalar joriy qildi va shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ittifoqqa kiruvchi davlatlar poytaxtida istalmagan mehmonga aylandi.

Shavkat Mirziyoevning prezident sifatidagi siyosati¸ ayniqsa¸ mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish¸ iqtisodni isloh etish urinishlari YeI va uning yetakchi davlatlari tomonidan ijobiy qarshi olindi.

O‘zbekiston mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan tabrigida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron¸ Mirziyoevning “Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikka qo‘shgan hissasi”ni olqishlagan va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yaqinlashayotganidan mamnunligini bildirgan edi.

Emmanuel Makron Germaniya kansleri Angela Merkel barobarida nafaqat YeI¸ balki demokratik G‘arbning asosiy lideri sifatida ko‘rilayotgan bir paytda O‘zbekiston 2-prezidentining Parijga kelishi va erkin dunyo yetakchilaridan biri tomonidan iliq qarshi olinishi¸ Islom Karimov davrida G‘arbdan uzoqlashgan O‘zbekiston tashqi siyosati uchun ijobiy yo‘nalishni boshlab berishi kutilmoqda.

Islom Karimov 1993 va 1996 yillardan ikki marta rasmiy safar bilan Parijga kelgan va shundan so‘ng Fransiyaga boshqa safar qilmagan.