Prokuror va’dasiga ishonib O‘zbekistonga qaytgan aka-uka dindorlar 6,5 yilga qamaldi

Aka-uka Abrol va Shuhrat Do‘smuhammedovlar 28 may kuni Toshkent aeroportida hibsga olingandi.

8 oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi, qamalmasligi haqida prokuror va’dalariga ishonib, O‘zbekistonga qaytgach hibsga olingan aka-uka dindorlar – 56 yashar Abrol va 53 yashar Shuhrat Do‘smuhammedovlarning har birini 6.5 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Sud aka-ukalarni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244- moddasida (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish; diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) va 223-moddasida (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) aybdor deb topdi.

Aka-ukalarning jinoiy sherigi deya ko‘rilgan 51 yashar Jo‘raboy Satiboldievga esa 5 yillik qamoq jazosi tayinlandi.

Besh yildan buyon qidiruvda bo‘lgan toshkentlik dindor aka-ukalar 28 may kuni Istanbuldan Toshkentga qaytgach, aeroportda qarindoshlariga birrov ko‘rsatilganidan so‘ng qo‘lga olingan edi.

Besh daqiqa davom etgan yakuniy sud

Yaqinlaridan birining aytishicha, yakuniy sud majlisi shunchalar qisqa davom etganki, ular hukmni tinglashga ham ulgura olmaganlar.

- Besh minutdan o‘qib chiqarib yuborishdi. To biz kirib boramiz degunimizcha, hukmni o‘qib chiqarib yubordi. E’tirozlarimizga ham qaramasdan, sudьya hukmni o‘qib, chiqib ketdi. Bo‘ldi. Boshqa hech qanaqa gap-so‘z bo‘lmadi. Olti yarim yil aka-ukalarga, dedi, besh yil Jo‘raboy Sotiboldievga, dedi. Biz etib kirishga ham ulgura olmadik, - deb aytdi sudda qatnashgan ayblanuvchilar yaqinlaridan biri.

Shuhrat Do‘smuhammedovning xotini Maxsudaning Ozodlikka aytishicha, sudya hukmni o‘qirkan, ayblanuvchilarning sog‘ligi va o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytganini e’tiborga olmagan.

Qo‘yilgan ayblov

Aka-uka Do‘smuhammedovlar ustidan chiqarilgan tergov xulosasi

Toshkentning Shayxontohur tumanida yashagan Abrol va Shuhrat Do‘smuhammedovlar 28 may kuni Istanbul-Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga qaytgach, militsiya xodimlari tomonidan ushlangan edi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan tergov xulosalaridan ma’lum bo‘lishicha, "Jihodchilar" qurolli guruhiga a’zolik va ekstremistik adabiyotlarni saqlashda" ayblangan aka-ukalar jazolanishdan qo‘rqib, 2013 yilning fevralida Turkiyaga chiqib ketgan, Jo‘raboy Sotiboldiev esa, O‘zbekiston ichkarisida yashirinib yurishga majbur bo‘lgan.

Unda shuningdek, aka-ukalarning O‘zbekistonda "Vahobiylik" oqimi rahnamolari sifatida ko‘riladigan ulamolar Abduvali Mirzaev va Obidxon Nazarov va’zlaridan ruhlangani" aytiladi.

Ozodlik Toshkent shahar prokuraturasining 16-bo‘lim prokurori Jahongir Ismoilov bilan bog‘landi.

Prokuror bu haqda telefon orqali hech qanday ma’lumot bermasligini aytdi.

"Xalq prezident qaroriga qanday ishonsin?"

Maxsuda Do‘smuhammedova prezident Shavkat Mirziyoevning chaqiriqlari va Toshkent shahar prokurorining eri va qaynisi "O‘zbekistonga qaytib kelsa, qamalmaydi", degan gapiga chippa-chin ishonib, qaytganini aytadi.

- Bizning harakatlarimiz, prezidentimizning qarorlari qaerga ketdi? Qo‘li qonga botmagan bo‘lsa, harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa, deyilgan qarorda. Ular hech birini qilmagan-ku?! Endi xalq prezident qaroriga qanday qilib ishonsin? Prezident qaroriga qarshi shuncha ish qilishayapti pastdagilar, - dedi Maxsuda Do‘smuhammedova.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

"Endi xalq prezident qaroriga qanday qilib ishonsin?"

Ammo, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, qidiruvda bo‘lganligi sababli ixtiyoriy qaytayotgan bo‘lsa ham, rasmiy ravishda "qidiruv natijasida umumiy ushlanganlar", deb hisoblanadi.

"Ushlanganlarga nisbatan protsessual tartibda jinoiy javobgarlikdan ozod qilish yoki qilmaslik masalasi ko‘riladi," deyiladi huquqni muhofaza qiluvchi idoralaridan biri bergan ma’lumotda.

Prezident siyosati

2017 yil 15 iyunda prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida o‘tkazgan videoselektor majlisida "qora ro‘yxat"ga tushgan dindorlarni qayta tekshirish, qamoqdagi dindorlarning oilasi bilan ishlash haqida topshiriq bergan edi

2017 yilning 1 sentabrida Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasasida imom xatiblar bilan uchrashar ekan, prezident "qora ro‘yxat"da turgan 17 ming musulmondan 16 ming nafari ro‘yxatdan chiqarilganiva ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini aytgan edi.

O‘zbekiston Prezidentining "qora ro‘yxat"ga tushgan dindorlarni qayta tekshirib vatanga qaytarish haqidagi topshirig‘idan keyin, ommaviy bo‘lmasada, ammo qidiruvdagi shaxslarning mamlakatga qaytishi kuzatilmoqda.

Mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining biridan olingan ma’lumotga qaraganda, ​“2018 yil, 1 avgust holatiga jami qidiruvdagilar soni 8936 nafarni tashkil etadi".

Diniy ekstremistik oqimlar tarkibida jinoyat sodir etganligi uchun jami 3390 nafar shaxsga qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, 2018 yilning o‘tgan davrida ularning 134 nafari ushlangan.

"Ushlanganlarning 78 nafariga (36 nafari ixtiyoriy ravishda qidiruvdan qaytib kelganligi, 42 nafari tuzalish yo‘liga o‘tganligi sababli) muqaddam qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan", deyiladi O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralaridan olingan ma’lumotda.