Samarqand viloyat hokimligining bosh mutaxassisi lavozimida uch oy ishlagan 44 yashar Bahodir Ho‘jaqulovning otasi Yusupali Ho‘jaqulov joriy yilning 10 iyul kuni hibsga olingan o‘g‘li uchun Samarqand viloyat prokuraturasi tergovchilariga 75 ming AQSh dollarini nima asosda berganini bilmasligini aytmoqda.
Prokuratura vakili esa¸ bu pulning “mavjud qonun doirasida¸ yetkazilgan zararni qoplash maqsadida vaqtincha” olib qo‘yilganini bildirdi.
Hozir hibsda qolayotgan Bahodir Xo‘jaqulov 10 iyul kuni Samarqand viloyat sobiq hokimi Turob Jo‘raev bilan birga ushlangan yuqori lavozimli mulozimlardan biridir.
Joriy haftada uning otasi¸ qashqadaryolik tadbirkor Yusupali Ho‘jaqulov “O‘g‘lim va biz huquq-tartibot organlari tarafidan talanyapmiz”, degan mazmunda mamlakat Prezidentiga shikoyat yozdi.
Ozodlik bilan 11 oktabr kuni suhbatlashgan Ho‘jaqulov “Tergovchilar bizni chalg‘itib pulimizni olib qo‘ydi”, deb iddao qildi:
- Hozir Toshkentda IIV yerto‘lasida saqlanayotgan o‘g‘lim Bahodir, ukasi Nuriddinga qamoqdan telefon qilib, 75 ming dollar keltirib berishni yolvorib so‘ragan. "Shuni to‘lasam qo‘yvoradi", debdi. Men o‘zim jamg‘argan 75 ming dolarni Nuriddinni qo‘liga berdim¸ ber deb.
O‘zining chorvadorlik qilib jamg‘argan 82 ming dollaridan 75 minggini tergovchiga qanday berilganligini Yusufali Ho‘jaqulov aniq qilib aytib berdi:
- Kichik o‘g‘lim Nuriddinga telefonda 11 iyul kuni Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek haykali tagiga borib turing deyishdi. Borib turdi. 01. 757 TST nomerli Lacettidan uch formasiz kishi tushgan. Shulardan biri "men Akbarman", deb o‘zini tanishtirib kichik o‘g‘limga telefon tutgan. Qamoqdagi katta o‘g‘lim ukasiga "pulni ber", degan. Nuriddin pulni bergan. Ular pulni olib ketib qolishdi. O‘g‘limni bugungacha ozod qilishmadi.
O‘tgan haftada Yusupali Ho‘jaqulov bu pul taqdirini advokat ishtirokida prokuratura tergovchisi Dilshod Shermatovdan so‘raganini aytdi:
- Men undan "qani men bergan 75 ming AQSh dollari?" deb so‘radim. Tergovchi Shermatov esa, “Bu pul yetkazilgan zararni qoplash uchun depozitga qo‘yildi”, dedi. Men unga "hali sud qarori yo‘qku?" desam, Shermatov “Bu tepadan buyurildi”, deb qo‘ydi. "Tepa" degani prezident bo‘lsa kerak, deb Mirziyoevga shikoyat yozdim. Nega men jamg‘argan pulimni o‘g‘lim uchun olib qo‘yishdi¸ deb. Shikoyatim yetib boribdi. Adolat qilinishiga ishonaman.
Yusupali Ho‘jaqulov bilan birga tergovchi bilan suhbatda ishtirok etgan advokat ham tergovchi Shermatov 75 ming AQSh dollari zararni qoplash uchun depozitga qo‘yildi deb aytganini tasdiqladi.
Tergov siri
Ozodlik O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatidan 10 oktabr kuni Bahodir Ho‘jaqulov ishi yuzasidan quyidagi bildiruvni oldi:
“Ustidan jinoyat ishi ochilgan Bahodir Ho‘jaqulov protsessual qoida va muddatlarga amal qilingan holda tergov qilinmoqda. Undan O‘zbekiston qonunlarida belgilgan tartibda moddiy mablag‘ olib qo‘yilgan. Ya'ni jinoiy yul bilan olingan daromadlarni sud ularni taqdiri hal etgunga qadar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan”.
Prokuratura taqdim etgan ma’lumotda “Bahodir Ho‘jaqulov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismida (katta miqdorda pora olish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgani” bildiriladi.
Prokuratura rasmiysi¸ ayblanuvchining otasi yozgan shikoyat o‘rganilayotganini ham bildirdi.
Prokuratura mulozimiga ko‘ra¸ “jinoiy yul bilan olingan daromadlarni sud ularni takdiri xal etgunga qadar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgani bilan bog‘liq tafsilotlar” tergov siridir.
Ozodlik suhbatlashgan huquqshunosning aytishicha¸ O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 207-moddasiga ko‘ra¸ "Narsani ashyoviy dalil deb e’tirof etish va uni jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Ushbu qaror yoki ajrimda ashyoviy dalilni ishda qoldirish yoki uni saqlash uchun topshirish masalasi ham hal qilinishi lozim".
***
Ozodlik Bahodir Ho‘jaqulovning o‘g‘li ishiga o‘xshash boshqa ishni 13 iyun kuni e’lon qilingan "Toshkent prokurori eks-muovinining boyligi qidirilmoqda. Qarindoshlari uyida tintuv o‘tkazildi", degan sarlavha ostidagi maqolada o‘rgangan edi. O‘sha maqolada quyidagi ma’lumotlar mavjud:
Jinoiy ish figurantlari qarindoshlarinikida tintuv o‘tkazish va mulkni olib ketish qonuniymi?
Ozodlikning bu savoliga tushuntirish bergan toshkentlik huquqshunos¸ O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq¸ tergov doirasida prokuratura xodimlari gumonlanuvchi shaxslar uyida tintuv o‘tkazish va mulkiga arest qo‘yishga haqli ekanini bildirdi:
"Tintuv va olib qo‘yish haqida qarorni faqat sud chiqarsin¸ degan takliflar bo‘layapti. Ammo hozirgi qonunchilikka ko‘ra¸ tergovchida bunday huquq bor. Jinoyat-protsessual kodeksining 20-bobida yozib qo‘yilgan".
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining "Olib qo‘yish uchun asoslar" deb nomlangan 157-moddasida:
"Jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik narsa va hujjatlarning aynan kimda va qaerda ekanligi ma’lum bo‘lib, ularni qidirishning hojati bo‘lmasa, surishtiruvchi, tergovchi va sud ularni olib qo‘yishga haqlidir"¸ deb yozilgan.
"Tintuv o‘tkazish uchun asoslar" deyilgan 158-moddaga ko‘ra:
"Surishtiruvchi va tergovchi biror turar joy, xizmat, ishlab chiqarish binosida yoki o‘zga joyda yoxud biror shaxsda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan narsa yoki hujjatlar bor deb o‘ylash uchun yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda tintuv o‘tkazishga haqlidir".
***
Samarqand viloyat hokimligining bosh mutaxassisi lavozimida uch oy ishlagan 44 yashar Bahodir Ho‘jaqulovning otasi Yusupali Ho‘jaqulov 75 ming AQSh dollarini nima asosda berganini tergovchining o‘zidan so‘rab, javob ololmaganidan shikoyat qilmoqda:
- Men tergovchi Erkin Xalimovning qabuliga kirib, nima asosda 75 ming dollar oldingiz, deb so‘radim. Javob bera olmadi va birorta hujjat ko‘rsatmadi. Nega o‘g‘limni ovora qildingiz Toshkentga chaqirib, men Samarqandda prokuratura kassasiga ham to‘lardimku, desam yana javob bermadi. Nega yozma emas og‘zaki talab qildingiz pulni desam, yana javob yo‘q. Javobni endi Shavkat Miromonovichdan kutyapman.