OzodMikrofon: 24 yil paxta chopgan ayolimga qonunda belgilangan pensiya to‘lanmayapti

Illyustratsiya

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidan murojaat qilgan 57 yashar Sotliq Zulfiqorov sovet zamonidagi kolxozda 24 yil ishlagan nogiron rafiqasiga qonunda belgilangan miqdorda pensiya to‘lanmayotganidan arz qildi.

OzodMikrofon rukniga murojaat qilgan tinglovchiga ko‘ra, 24 yil davomida haftasiga 7 kun kolxozning paxta dalasida ishchi bo‘lib ishlagan xotini - Halima Menglieva shu kunda 240 ming so‘m pensiya olmoqda.

- Mening ayolim 24 yil ish staji bor. Shunga hujjatlarini to‘plab olib borsam, ijtimoiy ta’minot bo‘limini boshlig‘i, imtiyozli pensiya olishi uchun bir yilda 365 ish kuni bo‘lishi kerak, deyapti. Qanday qilib, 365 ish kuni bo‘lishi mumkin - dam olish kunlari bor, bayram bor, bu kunlarda prokuror dam oladi, siz dam olasiz, dedim. Lekin, baribir pensiyasini oshirishmayapti - 240 ming so‘m. Aslida, 20 yildan ortiq staji bo‘lgan ayollarga pensiya 400 ming so‘mdan kam bo‘lishi kerak emas. Hozir ayolim nogiron, 24 yil kolxozda ishlagan - qani endi adolat?! - deydi Sotliq Zulfiqorov.

Quyida u kishi bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodMikrofon: 24 йил пахта чопган аёлимга қонунда белгиланган пенсия тўланмаяпти

Pensiya jamg‘armasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Menglievaga, agar zarur hujjatlarni to‘liq taqdim etgan bo‘lsa, oyiga kamida 400 ming so‘mdan ortiq pensiya to‘lanishi lozim.

"Bu ayol agar 24 yil ishlagani haqida mehnat daftarchasi va shu yillar ichida ish kuni belgilangan kolxoz raisining qarorlari bo‘lsa, u holda bu ayol uchun minimal pensiya miqdori 400 ming so‘m bo‘lishi kerak. Ammo, aniq javob berish uchun bu ayolning hujjatlarini ko‘rishimiz lozim. Marhamat, bizga ariza bilan murojaat qilsinlar", dedi jamg‘armaning o‘zini tanishtirmagan mutaxassisi.

Shuningdek, bu mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, shu yilning 1 oktabridan boshlab, sobiq sovet davrida ishlagan kolxoz ishchilari uchun pensiya tayinlash tartibi o‘zgargan.

"Sovet davrida kolxozda bir yilda bir marta qaror chiqarilgan va misol uchun, 3 bolali ayol uchun minimum ish kuni 150, 2 bolali ayolga 160 kun qilib belgilangan. Agar ana shu qarorlari qo‘lida bo‘lsa, o‘shandan kelib chiqqan holda yillik ish kuni hisoblab chiqariladi. Agar, shunday qaror bo‘lmasa, sovet davridagi minimum 150 ish kuni olinardi va u 30ga bo‘linardi, shunda 5 oy chiqardi. Lekin, Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bilan 1 oktabrdan boshlab, endi bir haftadagi ish kunlari 7 kun emas, 6 kunga qisqartirildi - shunda endi yiliga 150 kunlik minimum ish kunlari olinib, 25,4 ga bo‘linadi va bir yildagi ish kuni 5 oy 9 kun bo‘ladi - 9 kun qo‘shildi", deya izoh berdi jamg‘arma mutaxassisi.

O‘zbekistonda 1 oktabrdan boshlab, sobiq sovet davrida qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan oddiy ishchilar uchun pensiyani hisoblashning yangi tartibi joriy etilgani, endilikda bu davrda ishlagan pensiya yoshidagi kishilar pensiyasini qayta hisoblatish uchun ariza topshirishi mumkinligini bildirdi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi shu yilning 25 sentabrida "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarorni qabul qilgan.

Pensiya jamg‘armasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, sobiq sovet davrida qishloq xo‘jaligi sohasida ishlagan oddiy ishchi-xizmatchilar pensiyasi, 1 oktabrdan boshlab, qayta hisoblanadi.