OzodDayjest: Virtual qimor vajidan odam o‘ldirgan jizzaxlik yigit 18 yilga qamaldi

Illyustrativ surat.

Matbuot rasmiylarni nega hokimlar orasida poraxo‘rlik ko‘p kuzatilayotgani borasida savolga tutdi. Virtual qimorga giriftor bo‘lgan jizzaxlik yigit qotillikka qo‘l urdi. 1 noyabrdan yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalar ham ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

_____________________________________________________________

Jizzaxlik yigit virtual qimorni deb odam o‘ldirdi

Jizzaxlik 29 yoshli G‘ayrat Kulibaev Toshkent shahrida kompyuter o‘yini sabab qotillikka qo‘l urdi (“Darakchi”,18 oktabr). G‘.Kulibaev “Maxsustrans” korxonasi hududiy bo‘limida ishlagan. Ishdan bo‘sh vaqtlarida internet orqali sport musobaqalariga pul tikib o‘ynab kelgan. Oxirgi paytlarda virtual qimor o‘yiniga bog‘lanib qolib bor-budi va ishidan ayrilgan, qarzga botgan. Shundan keyin qarzdan qutulish uchun virtual qimor o‘yini uchun pul olib turadigan tanishi Ye.Radchenkoning uyiga o‘g‘rilikka tushgan. O‘g‘rilikka guvoh bo‘lib qolgan uy sohibining tanishini chavaqlab o‘ldirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi Baxtiyor Islomovga ko‘ra, qotillikda ayblangan sudlanuvchi 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Qayd etilishicha, G‘.Kulibaevning voyaga yetmagan farzandi va oilasi bor.

Nega hokimlar orasida poraxo‘rlik ko‘p kuzatilmoqda?

So‘nggi vaqtlarda turli lavozimdagi mansabdorlar, xususan, viloyat, tuman, shahar hokimlar va hokim o‘rinbosarlarining pora bilan qo‘lga tushishi ko‘p kuzatilmoqda, deb yozadi “Oila davrasida” nashri. Korrupsiyada aylanayotganlar orasida deputat, moliyachi, o‘qituvchi va shifokorlar ham bor. O‘tgan 2017 yil sarhisob qilinsa, mansabdorlarga pora berish bilan bog‘liq 1700 dan ortiq jinoiy ish ochilgan va 2,5 ming nafarga yaqin shaxs javobgarlikka tortilgan. Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan xabarlarga qaralsa, bu yil mazkur jinoyat ko‘rsatkichi oshib ketganini taxmin qilish mumkin. Xo‘sh, buning sababi nima: mamlakatda korrupsiyani tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashga jiddiy kirishildimi yoki mansabdorlarning pora olishga ishtahasi ochilib ketdimi? Gazeta ushbu savollarga mutasaddilar, xususan, qonun ijodkori bo‘lgan deputatlar javob berishi kerakligini eslatgan.

1 noyabrdan qoidabuzar piyodalar ham jarimaga tortiladi

Joriy yil 1 noyabrdan yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalar ham ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bir qator matbuot nashrlari xabariga ko‘ra, Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov piyodalar sodir etadigan huquqbuzarliklar bo‘yicha elektron shaklda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlagan. Bunga ko‘ra, YPX xodimi qoidabuzar piyodani maxsus moslama yordamida suratga oladi. Qoidabuzarlikni tasdiqlovchi dalil sanalgan fotosuratda huquqbuzarlikning vaqti va joyi aks etadi. Yo‘l harakati xavfsizligi idorasi piyodalarni qoidalarga amal qilish, xususan, piyodalar yo‘lagida telefondan foydalanmaslik, kitob o‘qimaslik, video yoki audio eshitmaslikka chaqirgan.