AQSh prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan “munosib paytda” uchrashishini aytdi. Janob Tramp bu haqda Buenos-Ayresda G20 sammitida “Amerika ovozi” muxbiri bilan suhbatda bayon qildi.
AQSh prezidenti Dolnald Tramp “Amerika ovozi” radiosi muxbiri Greta van Sastern bilan Argentina poytaxti Buenos-Ayresda suhbatlashdi. U o‘sha yerda bo‘lib o‘tayotgan G20 sammitida ishtirok etmoqda. Trampdan Putin bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qilgani sababi so‘ralganda, u Rossiya yaqinda Ukraina kemalarini qo‘lga olgandan so‘ng Putin bilan uchrashish to‘g‘ri bo‘lmasligini aytdi. Lekin prezident fikricha, uchrashuv boshqa payt albatta bo‘lib o‘tadi.
Savol: Siz Putin bilan uchrashmoqchi yoki uchrashuvni ko‘zda tutgan edingiz va uni bekor qildingiz. Putin bilan uchrashdingizmi, u bilan uchrashuv kun tartibingizda nimalar bo‘ladi?
Tramp: Men Ukraina kemalari va dengizchilari bilan bog‘liq voqeadan keyin uchrashishning mavridi emasligini ochiq-oydin aytdim, lekin men u bilan uchrashaman. Munosabatlarimiz juda yaxshi deb hisoblayman. Biz Rossiya bilan ham, Xitoy bilan ham, boshqalar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatmoqchimiz. Bu – juda muhim. Men Putin bilan qulay vaqtda uchrashaman.
Savol: Putin Ukraina masalasida nimalarni o‘ylayapti deysiz? Nega u kemalarni qo‘lga oldi?
Tramp: Men uning xayolida nimalar borligini bilmayman, u nima qilmoqchi ekanini hech kim bilmaydi, lekin biz bunaqa narsalarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Ko‘rib turibsiz, shu ish bo‘ldi, men unga aralasha olmayman.
AQSh prezidenti Donald Tramp Argentinada o‘tayotgan «Katta yigirmatalik» rahbarlari sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan o‘tkazilishi rejalangan uchrashuvni bekor qilgan edi.
Vashingtonning bildirishicha, bunga Rossiya tomonidan Kerch bo‘g‘ozida uchta ukrain kemasiga hujum qilingani va kemalarning ekipaj a’zolari bilan birgalikda hibsga olingani sabab bo‘lgan.
25 noyabr kuni Ukrainaning uchta harbiy kemasi Kerch bo‘g‘ozida Rossiya harbiylari tomonidan o‘qqa tutilgan va qo‘lga olingan edi. Qo‘lga olingan 24 nafar dengizchining har biri Simferopol sudi hukmi bilan ikki oydanga qamaldi.
Mazkur voqea ortidan Ukrainada 28 noyabrdan boshlab 30 kun muddatga harbiy holat joriy etildi. Xalqaro hamjamiyat Rossiyadan vaziyatni keskinlashtirmaslikni va qo‘lga olingan dengizchilar hamda kemalarni ozod qilishni talab etmoqda.