Tojikistonda hukumat bolalarning xatna qilinishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatdi

Tojikistonda oila shifokorlariga xatna qilinmagan bolalarning ro‘yxatini zudlik bilan tuzish yuklatildi. Shifokorlar uyma-uy yurib, bolalarning ota-onalarini shifoxonaga taklif qilmoqda.

Dushanbeda yashovchi Jamilaning ikki o‘g‘li bor. Oila shifokori ularning uyiga kelib, kichik o‘g‘li xatna qilinganmi-yo‘qligini so‘raganida hayron qoldi.

«Bolam bir yoshga to‘lganida professional xirurglar tomonidan sunnat qilingan edi. Meni hayron qilgani boshqa narsa: nima uchun shifokorlar kutilmaganda uyma-uy yurib bolalarni xatna qilishga chaqirmoqda? Shifokor bu savolga javob berar ekan, o‘zlariga xatna qilinmagan bolalarning ro‘yxati tuzilishi va ularning ota-onalarini shifoxonaga taklif qilish yuklatilganini aytdi», - deydi Jamila.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni birinchi haftasida xatna qildirish oila shifokorlarining yangi majburiyati sifatida yuklatildi. Bu kabi topshiriq Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berildi, oila shifokorlari o‘z vaqtida ota-onalarni shifoxonaga kelishini ta’minlashlari kerak bo‘ladi.

Mehrubon Teshaeva poytaxtdagi poliklinikalardan birida oila shifokori bo‘lib ishlaydi. «Biz bolalarning ro‘yxatini tuzamiz, operatsiyaga taklif qilamiz. Bu bizning ish. 1 yoshga to‘lmagan bolalarning xatnasi va tegishli tashxislar bepul amalga oshiriladi», - deydi shifokor.

Poytaxtdagi poliklinikalarda xatna uchun maxsus xonalar tashkil qilingan. Qishloqlarda bu kabi xizmatlar medpunktlarda ko‘rsatiladi. O‘tgan yili Tojikistondagi tibbiyot muassasalarida 586 ta maxsus kabinet ochildi.

Ayrim tibbiyot muassasalarida xatna qilish amaliyotlari nazoratga olingan va shifokorlardan reja to‘laligicha bajarilishi talab qilinadi.

2017 yili respublikaning an’ana va urf-odatlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonuniga o‘zgaritish kiritildi. Unga ko‘ra bolalarni xatna qilish chaqaloq tug‘ilishi bilan 20 kunlik bo‘lgunicha va shifoxonalarda majburan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili 80 ming bolani xatna qilish maqsadida operatsiya o‘tkazilgan. Shunga qadar chaqaloqlarning xatna qilinishi yuzasidan statistika hisobi olib borilmagan. Hozir yangi tug‘ilgan o‘g‘il chaqaloqlar tug‘riqxonalarning o‘zida birinchi haftadayoq xatna qilinadi.