Tadbirkorlar: Hokim Internetga arz qilsang qamataman dedi

Sardobadagi do‘konlar ushbu buldozer yordamida buzilgani aytilayapti

Sirdaryo viloyat, Oqoltin tuman, Sardoba shaharcha, Do‘stlik qo‘rg‘onidagi 22 nafar tadbirkorning do‘kon va choyxonalari majburan buzib tashlandi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan tadbirkorlar ularga buzilgan do‘konlari evaziga tovon puli berilmaganidan shikoyat qildi.

Tadbirkorlar iddaosiga ko‘ra, tuman hokimi Dilmurod Fozilov ularni qamash bilan qo‘rqitib, “Hokimga shikoyatim yo‘q, Internet orqali chiqish qilmayman” degan mazmunda tilxat olgan.

Hokim Fozilov tadbirkorlar iddaosini keskin inkor qildi.

“Do‘konlarimizni yashirincha kelib buzishdi”

Do‘stlik qo‘rg‘onida joylashgan “Eski bozor” hududidagi do‘konlar egalari vakilining ismi ochiqlanmaslik sharti bilan 5 sentabr kuni Ozodlikka aytishicha, buzish iyulda boshlangan.

“22 tadbirkorning hammasining qo‘lida hokimlik qarori, kadastr va arxitekturadan olingan hujjatlar bor. Birortamizga kompensatsiya to‘lanmadi. Hammani majburlashdi. Buzishga rozi bo‘lmaganlarni obedga chiqqan paytini poylab kelib buzishdi. Ular kompensatsiya berilmaguncha, do‘konlarini buzishga rozilik bermayotgan edi. Shuning uchun ular hamma obedga chiqqan payti yashirincha kelib, buzib tashlashdi”.

Ozodlikka yo‘llangan videoda do‘konlarni buzish jarayoni aks etgan. Videoni olayotgan tadbirkor “Hozir hamma tushlikda payti bular yashirincha, kelib buzayapti” deydi.

Tadbirkor do‘konlardan biriga borib, do‘kon eshigining qulflog‘lik ekanini ko‘rsatadi. Ozodlik tadbirkor iltimosiga ko‘ra, videoni uning ovozini o‘chirgan holda e’lon qilayapti.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Сардобадаги дўконларни бузиш жараёни

Yana bir sardobalik tadbirkorga ko‘ra, o‘sha kuni do‘koni buzilayotganini bilib qolgan tadbirkorlardan biri kelib, buldozer haydovchisini toshbo‘ron qilgan.

“Biroq toshbo‘ron qilayotganini videoga ololmadik. Chunki bir yigit buzish jarayonini suratga olayotganida uni melisalar ushlab olib ketdi. Telefonini olib qo‘yib, o‘zini qamaymiz deb qo‘rqitishgan. Buni eshitib hammamiz qo‘rqib qoldik”, dedi anonim qolish istagini bildirgan tadbirkor.

Internetga shikoyat bilan chiqmaslik tilxati

Ozodlik do‘koni buzilgan 4 nafar sardobalik tadbirkor bilan gaplashdi. Ularning aytishicha, tadbirkorlarni hokimlikka chaqirib, shikoyat qilmaslik haqida tilxat olingan.

Do‘stlik qo‘rg‘onidagi buzilgan do‘konlar


“4 avgust kuni melisa kelib, “Hokim do‘koningizni hal qilib berar ekan” deb bizni aldab hokimlikka chaqirdi. Hokimiyatga borsak, Fozilov Dilmurod hammamizga dag‘dag‘a qildi. “Hokimdan shikoyatim yo‘q. Hech qaerga arz qilmayman” degan tilxatga qo‘l qo‘ydirdi. Tilxatda “Agar Internetga chiqsak, jinoyat ish ochilishi va 3 yildan 5 yilgacha qamalishimiz mumkin”ligi yozilgandi”, deydi sardobalik tadbirkorlardan biri.

Boshqa bir tadbirkor ham hokimning tahdid qilgani haqida gapirdi:

“Agar Internetga chiqsalaring, hammalaringni javobgarlikka tortiraman. Yerdan ham, joydan ham quruq qolasizlar. Menga tuhmat qilayapti, deb o‘zlaringni javobgar qilib, qamatib yuboraman. Kimni eri yaxshi joyda ishlaydigan bo‘lsa, bo‘shatib yuboraman. O‘g‘illaringni qamatib yuboraman”, deb, qo‘rqitdi” deydi sardobalik tadbirkor.

Hokim inkori

Ozodlik 5 sentabr kuni Oqoltin tuman hokimi Dilmurod Fazilov bilan bog‘landi. Hokim Fozilov tadbirkorlar iddaolarini mutlaqo inkor qildi.

- Bo‘lmagan gap. Hech qanday tilxat yozdirilmagan. Qani isbotlab berishsin yozdirilganini. Men hech kimga qamataman deb tahdid ham qilmaganman. Agar shunday deganimda audiolari chiqqan bo‘lardi. Hozir boshqa hokimlarning audiolari chiqib ketayapti. Men hech qachon hech kimga yomon gapirmaganman, - dedi Dilmurod Fozilov.

Hokim Fozilov "Do‘stlik" qo‘rg‘onidagi do‘konlar egalarining roziligi bilan buzilganini ta’kidladi.

- Bu do‘konlar juda eski edi. Hom g‘ishtdan qurilgan, 30-40 yillik do‘konlar. Hech kim kirmayotgandi ham. Endi ular o‘rnida zamonaviy do‘konlar quriladi. Tadbirkorlarning o‘zlari rozi bo‘lib buzishdi. Hammasiga kredit olib berdik. Hech kim qarshi bo‘lmadi, - dedi Dilmurod Fozilov.

Dilmurod Fozilov bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Hokim Dilmurod Fozilov bilan suhbat


Ozodlik hokim Fozilov bilan suhbatlashgach sardobalik tadbirkorlardan biri bilan qayta bog‘landi:

"Hokim yolg‘on gapirayapti. To‘g‘ri 8 foizlik kredit olib berishdi. Lekin hech kim do‘koni buzilishiga rozi bo‘lmadi", dedi sardobalik tadbirkor.