Minglab kishilar Turkiya hujumidan so‘ng Suriyadan qochib chiqmoqda

Turkiya Suriyadagi kurd qo‘shinlariga qarshi hujumni kuchaytirgach, minglab kishilar uylaridan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Turkiya Suriyadagi kurd qo‘shinlariga qarshi hujumni kuchaytirgach, minglab kishilar uylaridan chiqib ketishga majbur bo‘ldi, o‘nlab kishilar esa o‘ldirildi. AQSh Kongressi Suriya shimoli-sharqidagi harakatlari uchun Anqaraga qarshi sanksiyalar joriy qilish taraddudiga tushdi.

Ayni damda prezident Donald Tramp 10 oktabrda “Turkiya bilan kurdlar o‘rtasidagi kelishuvda vositachilik qilish”ga tayyor ekanini aytdi. Turkiyaning harbiy hujumi oldidan Tramp mintaqadagi kurd qo‘shinlariga yordam berib turgan AQSh qo‘shinlarini olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

“Oldimizda uchta yo‘ldan biri bor: qo‘shin yuborib, harbiy g‘alabaga erishish, Turkiyaga moliyaviy jihatdan va sanksiyalar bilan zarba berish yoki Turkiya bilan kurdlar o‘rtasidagi kelishuvda vositachilik qilish!” deb yozdi Tramp Tvitterda.

Keyinchalik jurnalistlar Trampdan qaysi yo‘lni tanlashini so‘raganda, “Vositachilik qilamiz degan umiddaman”, deb javob berdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Turkiyaga nisbatan “sanksiya va boshqa moliyaviy masalalarda qandaydir o‘ta va o‘ta keskin ish qiladi”.

Yana Tramp boshliq Respublikachilar partiyasining Namoyandalar palatasidagi 28 nafar qonun chiqaruvchisi Anqaraga qarshi Suriya shimolidagi xatti-harakatlari uchun sanksiyalar joriy etish to‘g‘risida qonun qabul qilmoqchi ekani to‘g‘risida bayonot berdi.

‒ Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va uning rejimi Suriya shimolidagi kurd ittifoqchilarimizga shafqatsiz hujum qilayotgani uchun og‘ir oqibatlarga duchor bo‘lishi kerak, ‒ dedi Respublikachilar partiyasi vakili, Namoyandalar palatasining Respublika konferensiyasi raisasi Liz Cheyni. U bayonotida Trampni bevosita tanqid qilmadi.

Namoyandalar palatasi va Senatdagi respublikachilar Trampning 6 oktabrda AQSh qo‘shinlarini Suriya shimolidan olib chiqish to‘g‘risidagi bayonotiga noodatiy tarzda bir ovozdan qarshi bo‘lgan, tanqidchilar esa buni AQShga ittifoqchi kurdlarga nisbatan sotqinlik deb atagan edi.

Senatning bir kun oldin e’lon qilingan sanksiyalar paketi tarafdorlaridan biri Grehem Lindsi prezidentning ushbu qarori “boshqalarning maslahatlariga butunlay zid tarzda” qabul qilinganini ma’lum qildi. Respublikachilar oqsoqoli Grehem Tramp siyosatining asosiy tarafdorlaridan biridir.

Turkiya 9 oktabrda AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan Suriya kurd qo‘shinlariga qarshi dastlab harbiy uchoqlar va artilleriya, keyinchalik esa quruqlikdagi qo‘shinlar bilan hujum qildi. Erdo‘g‘on hujumning maqsadi “xavfsiz zona” yaratish va u Suriya shimolidagi kurd jangarilari va Islom davlati ekstremistlariga qarshi qaratilganini bildirdi.

Turkiya anchadan beri AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan Suriya kurd jangarilariga hujum qilish bilan tahdid qilib kelayotgan edi, Anqara ularni terrorchilar deb hisoblaydi.

Kurdlarning Xalqni himoya qilish harbiy bo‘linmalari (YPG) Suriya shimoli-sharqidagi Suriya demokratik kuchlari tarkibida (SDF) yetakchi mavqega ega. Ular urush xarob qilgan mamlakatda Islom davlatini yengishda AQShga asosiy ittifoqchi bo‘lgan edi.

Tramp dastlab xalq o‘zini “bema’ni va intihosiz urushlardan chiqish”ga va’da bergani uchun saylaganini va “endi Turkiya, Yevropa, Suriya, Eron, Iroq, Rossiya va kurdlar vaziyatni o‘nglashi kerak”ligini aytib, qarorini himoya qilgan edi.

Biroq YPG “yelkaga pichoq sanchilgani”ni aytib ayblagach hamda AQShning ham Respublikachilar, ham Demokratlar partiyasi tanqidiga uchragach, Tramp Turkiya “quyushqondan chiqadigan bo‘lsa”, uning iqtisodiyotini “yo‘q qilib yuborish” bilan tahdid qildi.

AQSh prezidenti keyinchalik Erdo‘g‘on bilan gaplashganini, unga odamlari zarar ko‘rsa, yoki turk qo‘shinlarining xatti-harakatlari “insonparvar” bo‘lmasa, “katta muammo” kelib chiqishini aytib ogohlantirganini ma’lum qildi.

Turkiyaning hujumini qoralovchi xalqaro bayonotlar ko‘p kuttirmadi, biroq BMT Xavfsizlik kengashi 10 oktyabrda ushbu masala yuzasidan bayonot qabul qila olmadi. Yevropaliklar hujumni to‘xtatishni talab qilgan bo‘lsa, Suriyaning ittifoqchisi Rossiya “tiyilib turish”ga va Suriya bilan Turkiya o‘rtasida “bevosita muloqot”ni yoqlab chiqdi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv le Drian AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning Islom davlat terrorchilariga qarshi favqulodda uchrashuvini o‘tkazishga da’vat etdi. Ko‘pchilik kishilar Suriyadagi kurd jangchilari qamoqda ushlab turgan Islom davlati jangarilaridan iborat minglab mahbuslar Turkiya hujumlari vaqtida qochib ketishi mumkinligidan xavotir izhor qilmoqda.

2011 yil martida hukumat qo‘shinlari norozilik namoyishlarini bostirgandan so‘ng boshlanib ketgan fuqrolar urushi davomida 400 mingdan oshiq kishi o‘ldirildi, millionlab kishilar yashab turgan joylaridan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Rossiya bilan Eron Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatladi, Qo‘shma Shtatlar bilan Turkiya esa turli isyonchi guruhlarni dastakladi. Islom davlati esa boshqa barcha tomonlarga muxolif bo‘lib urushga kirgan edi.