Imon Karimova onasi ishini "qiynoq va qotillikda ayblangan" tergovchi olib borayotganini iddao qildi

Gulnora Karimova hozirda Zangiotadagi ayollar koloniyasida saqlanmoqda.

O‘zbekiston marhum prezidentining Londonda yashayotgan nabirasi Imon Karimova Instagram sahifasida onasi Gulnora Karimova ustidan borayotgan tergovga oid yangi ma’lumotni e’lon qildi.

Joriy oy boshida Imon Karimova mazkur sahifasini professional advokatlar komandasi yurg‘izishini bildirgan edi.

O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimova ustidan borayotgan tergov va mahkamalar haqida¸ maxfiylik iddaosi bilan¸ jamoatchilikka deyarli ma’lumot bermay kelayotir.

Bosh prokuratura hozirga qadar Karimovaning shveysariyalik advokati yoki qizi ijtimoiy tarmoqda e’lon qilib kelayotgan yangiliklar ortidan Karimova ustidan borayotgan mahkama va tergovga oid ayrim ma’lumotlarni ochiqlagan.

Gulnora Karimovani “tergov paytidagi qiynoqlar bilan nom chiqargan tergovchi” so‘roq qilmoqda?

Imon Karimovaning 117 ming foloveri bo‘lgan Instagram sahifasi nafaqat O‘zbekiston¸ balki xalqaro maydonda ham eng shov-shuvli ishlardan biri sanalgan Gulnora Karimova ustidan borayotgan mahkama va tergovga oid so‘nggi yangiliklar chop etiladigan “e’lonlar taxtasi”ga aylandi.

Maxsus yollangan advokatlar komandasi taqdim etayotgan bu yangiliklarning so‘nggisi Gulnora Karimovani ayni kunlarda so‘roq qilayotgan tergovchi shaxsiga oid.

Imon Karimova nomiga ochilgan Instagramdagi so‘nggi postga ko‘ra¸ Karimova ishini 2018 yil aprelida tergov davomidagi qiynoq va qotillik sabab e’tiborga tushgan tergovchi olib bormoqda.

Buxorolik tergovchi Rasul Yo‘ldoshev ayni paytda sinovdan o‘tgan va unga xos bo‘lgan metod va taktikalar bilan har gal bolalari nomini tilga olib¸ ochiqchasiga tahdid qilib¸ G.Karimovaga bosim o‘tkazmoqda. 2018 yili u (tergovchi Yo‘ldoshev nazarda tutilmoqda – tahr.) harbiy sud tomonidan buxorolik tadbirkor Ilhom Ibodovni kaltaklash¸ unga qiynoqlar qo‘llash va o‘ldirishda ayblangan edi. Tergovchi Rasul Yo‘ldoshev va uning “hamkasb”lari 08/26616-18 raqami bilan ochilgan jinoyat ishiga tortilgan edi”¸ deyiladi Imon Karimova Instagramida 9 dekabr kuni qo‘yilgan ma’lumotda.

Ibodovlar oilasi Imon Karimova tarqatgan ma’lumotni rad etdi

Buxorolik tadbirkor Ilhom Ibodovning Ozodlik 10 dekabr kuni gaplashgan yaqinlari aynan o‘shandagi shahar prokuraturasi tergovchisi Rasul Yo‘ldoshev nomi o‘zlariga yaxshi tanish ekanini aytdi.

Ayni paytda ular¸ Rasul Yo‘ldoshevning Ilhom Ibodov o‘limi bilan tugagan tergov jarayoniga bevosita aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Rasul Yo‘ldoshev Ilhom Ibodov o‘limi yuzasidan ochilgan tergovni olib borgan va uning qiynoqlar emas¸ balki yurak xurujidan o‘lgani haqida xulosa chiqargan. Ayni shu Yo‘ldoshev Ilhom Ibodovning akasi Rahim Ibodovni tergov qilib¸ uni qamatgan. Bular fakt. Ammo uning Ilhom Ibodovni qiynoqqa solgan¸ o‘limiga sabab bo‘lgan tergov jarayoniga bevosita aloqasi yo‘q”¸ dedi Rahim Ibodov ustidan jarayon hali ham davom etayotgani bois¸ bu haqda ochiq ma’lumot berishni istamagan Ibodovlar oilasi vakili.

Imon Karimova tilga olgan Rasul Yo‘ldoshev nomi¸ Ibodovlar oilasiga ko‘ra¸ Ilhom Ibodovning o‘limi yuzasidan chiqarilgan noto‘g‘ri xulosa bois sudda tilga olingan.

Sudda Rasul Yo‘ldoshev chiqargan xulosaning asossizligi¸ Ilhom Ibodovning aynan qiynoqlardan o‘lgani tasdiqlandi. Lekin Yo‘ldoshev jinoyat ishiga figurant bo‘lgani yo‘q”¸ dedi oila vakillaridan biri.

O‘tgan hafta Imon Karimova Instagramida Gulnora Karimovaga berilgan qamoq muddati yana bir marta uzaytirilganini iddao qilgan edi.

Bu iddaodan uch kun o‘tib O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy bayonot e’lon qilib¸ davom etayotgan tergov jarayonida "G.Karimovaning unga respublika sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan va juda ko‘p miqdordagi jinoiy daromadlardan ulush berib kelgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga ega bo‘lgani aniqlangani" haqida rasmiy bayonot berdi.

Mazkur tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSh dollari va 85 mlrd. so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi”¸ deyiladi rasmiy bayonotda.

2014 yilda uy qamog‘iga olingan Gulnora Karimova hozirda Zangiota qamog‘ida¸ advokatlari ta’kidicha¸ aniq muhlati ochiq qolayotgan qamoq jazosini o‘tamoqda.

Uning shveysariyalik advokati va Londonda yashayotgan qizi Imon Gulnora Karimovaning qamoqda qiynoqqa solinayotgani¸ “noinsoniy sharoitlar”da saqlanayotganini iddao qilib kelmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ Adliya vazirligi va Ombudsman idorasi bunday iddaolarni rad etib keladi.