Toshkent viloyat, Olmaliq shahar kasalxonasiga 21 yanvar kechqurun tibbiy yordam so‘rab kelgan 16 yashar E’zoza Yo‘ldosheva vrachlar nazoratiga olinganidan so‘ng komaga tushib¸ vafot etdi.
Olmaliq kasalxonasi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Ozodlik bilan suhbatda¸ 16 yashar qizning o‘limi uchun mas’uliyatni marhumaning o‘zi va oilasiga qo‘yishga urindi.
Olmaliqlik Dildora Yo‘ldosheva¸ birgina qizi E’zozaning vrachlar nazoratiga olingandan keyin komaga tushib¸ qayta uyg‘onmagani uchun aybni “savodsiz¸ poraxo‘r va kasalxonaga yaqinlashtirish mumkin bo‘lmagan” vrachlarga qo‘ydi:
- Bolamga o‘z vaqtida mutaxassis chaqirmadi, ahvoli yaxshi¸ deb davolovchi vrach ham¸ reanimatsiya boshlig‘i ham aldadi meni. 22 yanvarda Toshkentga 16 -gorbolnitsaga obketay desam¸ tonggacha yaxshi bo‘ladi ahvoli deb aldadi.
Onaning aytishicha¸ yangi yildan 10 kuncha oldin¸ E’zozaning 1-tur qandli diabetga chalingani aniqlangan va unga insulin terapiyasi belgilangan.
Tashxis qo‘yilishi bilan¸ Dildora Yo‘ldosheva qizini Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiyaning ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIEIATM)ning bolalar bo‘limiga yotqizish harakatiga tushgan.
- Men diabet nimaligini bilmas edim¸ avlodimizda yo‘q bu kasal. Toshkentdagi markaz order bo‘lmasa¸ qabul qilmas ekan. Bepul davolanish uchun beriladigan bu orderni esa¸ viloyatdagilar pulga sotishar ekan. Shuni bilib¸ to‘polon qilganimdan keyin qizimni yangi yildan keyin qabul qilishdi¸ 10 kun yotib¸ davolanib chiqdi. Birorta vrach menga qizingning ahvoli yaxshimas¸ hayotiy organlariga tuzalmaydigan ziyon yetdi¸ degani yo‘q. Har kun insulin qilsin¸ dorilarini ichsin¸ deyishdi. Qizim har kun ovqatdan oldin o‘zi qorniga insulin ukol qilardi¸ deydi Dildora Yo‘ldosheva.
Toshkentdagi endokrinologiya markazida muolaja olib¸ uyiga kelganidan bir haftacha o‘tib¸ E’zoza o‘zini yo his qila boshlagan va 21 yanvar kuni kechqurun onasi uni avvaliga Ohangaron tuman kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga olib kelgan.
Bu yerdagi vrachlar¸ bolaning ahvolini tekshirib ham ko‘rmasdan¸ unga biror shaklda tibbiy yordam ko‘rsatmasdan¸ “reanimatsiyaga yoqiziladigan ahvolda emas”¸ deb qabul qilmagan.
Qorli-qirovli tunda bolasini Toshkent yoki yaqinroq Olmaliqqa olib borish tanlovi oldida qolgan Dildora Yo‘ldosheva uni “yaqinroq” deb Olmaliq kasalxonasi reanimatsiyasiga olib kelgan.
- Bolamni topshirganimda shakari uncha baland emas edi. Diabeti borligini tushuntirib¸ darhol endokrinolog chaqiringlar¸ desam¸ butun boshli shahar bolnitsasida bolalar endokrinologi yo‘q ekan. Bittayu bitta endokrinolog bilan reanimatsiya rahbari urushgani uchun¸ uni chaqirishmas ekan. Xudoni zorini qildim¸ Toshkentdan chaqirtiringlar deb¸ “yo‘q¸ ahvoli yaxshi”¸ deyishdi. Ertasi kuni bolamni baqirtirib zond yutqazishdi¸ kechqurun apparat uladi, kateter qo‘ydi, manga uxlayapti¸ dedi. 23 yanvar tongida bolam og‘irlashdi, Toshkentga opketish uchun bosh vrachdan ruxsat kerak ekan. Bosh vrach soat 9 dan keyin keldi, ahvoli yaxshi deganlar¸ endi agar 16-da tanishingiz bo‘lsa opketing deyishdi. Opketishga kech edi¸ bolam tongga yaqin komaga tushib bo‘lgan ekan.
Dildora Yo‘ldosheva¸ qiziga zudlik bilan mutaxassis-endokrinolog yordamini tashkil etish uchun darhol o‘g‘lini Toshkentga yuborib¸ qizi bir hafta burun davolanib chiqqan Respublika endokrinoligiya markazi bosh vrach o‘rinbosarini telefonda Olmaliqdagi davolovchi vrach bilan ulanganini aytadi.
- U vrach davolovchi vrachdan siz bizga o‘qishga keldizmi¸ bunaqa vaziyatda nima qilishni bilasizmi¸ deganda davolovchi vrach javob bera olmadi. Bular boshdanoq noto‘g‘ri qaragan¸ nima qilish kerakligini umuman bilmagan. Malakasi yetarli¸ degan attestatsiyani 200-300 dollardan sotib olib¸ yuravergan bular¸ deydi farzand dog‘ida o‘zini qaerga qo‘yarini bilmayotgan ona yig‘i orasida.
Dildora Yo‘ldoshevaning aytishicha¸ 23 yanvar kuni tushki soat 12 larda o‘zlari xususiy endokrinolog mutaxassis olib kelgan¸ ammo bu paytga kelib qattiq komaga tushgan E’zoza 13:40 lar atrofida komadan chiqmay¸ jon bergan.
O‘lim haqidagi rasmiy xulosada¸ qizning qonida shakar balandligi¸ organlarining ishlamay qolganidan komaga tushib¸ vafot etgani qayd qilingan.
- Reanimatsiyada qari pensioner vrachlar ishlaydi, na yangi davolash usullari¸ na yangi dorilardan xabari bor! Yaxshi vrachlarga o‘rin yo‘q. Sizdan iltimos yordam bering, o‘z kasbini sevmaydigan, xalqni tushunmaydigan vrachlar ishlamasin unday joylarda. 22-23 yanvar kuni Olmaliq reanimatsiyasidan kamida uchta o‘lik chiqqanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Xalq qiynalib ketdi¸ puli yo‘q kambag‘al o‘lib ketaversin¸ bularning ishi yo‘q¸ - deydi ona.
Kim aybdor?
Ozodlik bir oy oldin 1- tip qandli diabet tashxisi qo‘yilib¸ 10 kun Toshkentdagi endokrinologiya markazida davolanib chiqqan E’zozaning o‘limi uchun kim mas’ul degan savolga javob topish maqsadida ona-bola murojaat qilgan va unga muolaja ko‘rsatgan¸ qolaversa¸ vaziyatdan bevosita xabardor vrachlar bilan gaplashdi.
Dildora Yo‘ldosheva 21 yanvar kuni kechqurun birinchi bo‘lib yordam so‘rab borgan Ohangaron kasalxonasi reanimatsiya bo‘limi vrachi¸ qandli diabeti bor¸ yuragi bejo bo‘lib¸ nafas olishga qiynalayotganini aytgan E’zozani hatto tekshirmay turib¸ qaytarib yuborganini e’tirof qildi.
- Bizga o‘z oyog‘i bilan yurib keldi¸ reanimatsiyaga oladigan ahvoli yo‘q edi. Onasiga Toshkentdagi endokrinologiyaga markaziga olib boring¸ dedim.
Shundan so‘ng ona-bola Olmaliq kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga kelgan. Bu yerda E’zozani qabul qilib¸ unga muolajani belgilagan Mirg‘olib ismli vrach bilan Ozodlik bog‘lana olmadi – vrachning mobil telefoni kun davomida o‘chirilgan bo‘lib chiqti.
Olmaliq kasalxonasi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Ozodlik bilan suhbatda¸ 16 yashar qizning o‘limi uchun mas’uliyatni marhumaning o‘zi va oilasiga qo‘yishga urindi.
- O‘spirin qiz insulin oldim¸ deb olmagan bo‘lsa kerak.Bizga prekomatozniy ahvolda kelgan. Ichki organlari ishlamay qolganidan komaga tushdi. Insulin berib ham shakarini tushira olmadik¸ dedi reanimatsiya bosh vrachi.
Bu mas’ul¸ qandli diabetga chalingan qizga belgilangan muolajada bolalar endokrinologi qatnashmagani¸ unga avval boshdanoq noto‘g‘ri muolaja qilingani haqidagi ayblovni inkor qilishga urindi.
- Oilasining e’tirozi bo‘lsa¸ prokuraturaga shikoyat qilsin. Ekspertiza tayinlanadi¸ buning uchun o‘lik eksgumatsiya qilinadi. Oilasi jasadni yordirishni istamaganidan¸ vrachlarga hech qanday e’tirozim yo‘q¸ degan xatga qo‘l qo‘yib bergan. E’tirozi bo‘lsa¸ o‘likni ochamiz¸ dedi Olmaliq kasalxonasining jonlantirish bo‘limi rahbari.
Bu rasmiy¸ Dildora Yo‘ldoshevaning 22-23 yanvar kunlari Olmaliq reanimatsiya bo‘limida kamida uch bemorning o‘lganini ham inkor qilmadi.
-O‘zlari o‘ladigan ahvolda kelgandan keyin¸ qo‘limizdan nima keladi¸ Xudoning ishida¸ dedi bo‘lim rahbari.
16 yashar E’zozaning vrachlar nazoratiga olingandan keyin komaga tushib hayotdan ko‘z yumishi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi fundamental muammolarni kun tartibiga qo‘yadi.
Professional malakaga ega mutaxassislar yetishmasligi¸ tizimdagi korrupsiya¸ kasalxonalar¸ xususan¸ jonlantirish bo‘limlarida ham hayot-mamot uchun dori va dori vositalarining yo‘qligi¸ Ozodlik gaplashgan vrachlar ta’kidicha¸ E’zoza fojiasi ortidagi asosiy sabablardir.
27 yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasini va ilm-fan yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan prezident Shavkat Mirziyoyev ham¸ prezident matbuot xizmati yozgan xabarga ko‘ra¸ “ sohadagi kadrlar ta’minoti, malakasi va salohiyatini tanqid qilgan”.
“Hozirda sog‘liqni saqlash tizimida 75 ming nafar vrach faoliyat yuritmoqda. 2 ming 900 ta umumamaliyot shifokori, 10 mingta tor mutaxassislar yetishmaydi. Ilmiy izlanish natijalarini hayotga joriy etish 5 foizdan ham oshmaydi”¸ deyiladi rasmiy xabarda.