OzodMikrofon: “Koronavirus tufayli Jizzaxda isiriqfurushlarning kuni tug‘di!”

OzodMikrofonga bog‘langan jizzaxlik Gulining aytishicha, O‘zbekistonda ham koronavirus yuqtirganlar aniqlangani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgani keyingi bir kun ichida narx-navo oshib ketganidan shikoyat qildi.

16 mart kuni Ozodlikka bog‘langan Guli Jizzax bozorlaridagi shu kungi narx-navoni gapirib berdi:

- Jizzaxdagi bugungi narx-navo juda balandda. Masalan, kecha kartoshkaning kattasi 3 ming, kichkinasi 2 ming so‘m edi. Hozir kichkinalarining narxi 4 ming-5 ming, kattalari 6 ming so‘m. Piyoz narxi 2,5 -3 ming, ilgari 2 ming edi. Un esa yo‘q, do‘konlarga kirib so‘radim, yo‘q deyishdi. Tibbiy niqoblar narxi 2,5 ming so‘m bo‘lgan, ilgari 500-1000 so‘m edi. Keyin metrlik bintlar bor, marli deymiz, ularning 1 metri 1,5 ming so‘m edi, hozir 3 ming deyapti. Niqobni marlidan o‘zimiz tikishga majburmiz. Keyin isiriqning bitta bog‘i ilgari 1,5 ming, 1000 so‘m edi. Hozir bitta bog‘ isiriq 10 ming so‘m, 5 ming aytayapti. Yana isiriq qolmagan ham. Topish qiyin.

Jizzaxlik Guli bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin.

Suhbatni tinglashdan oldin mana bu xabar bilan ham tanishib qo‘yishni tavsiya qilamiz:

"O‘zbekoziqovqatxolding": Vahimaga o‘rin yo‘q. Oziq-ovqat yetarli!

O‘zbekistonning oziq-ovqat sanoatida 12 mingdan ziyod korxona ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ushbu korxonalar o‘z rejimida ishlamoqda. Korxonalarning aksariyatida ish 1 smenada tashkil etilgan va quvvatlarning 70 foizidan foydalanilmoqda. Ularda yana qo‘shimcha 30 foiz quvvatni ishga solish va ishni 2 smenada yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari mavjud.

Bu bayonotni "O‘zbekoziqovqatxolding" kompaniyasi axborot xizmati kompaniya rasmiy saytida e’lon qildi.

Kompaniya o‘z bayonotini "O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi bo‘lmaydi", degan sarlavha ostida e’lon qildi

"Mamlakatda 98 foiz oziq-ovqat mahsulotlari mahalliylashtirilgan. Deyarli barcha xom ashyo O‘zbekistonda yetishtiriladi. Chetdan kakao va qahva donlari, sitrus mevalar kabi mahsulotlar import qilinadi" deyilgan kompaniya bayonotida.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Jizzaxlik Guli bilan suhbat


-----------------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!