Buxorolik Muhammad karantinni moskvaliklarga yegulik tashish bilan o‘tkazmoqda (VIDEO)

Buxorolik Muhammad, 22 yoshli kuryer.

Rossiyadagi millionlab o‘zbek muhojirlari ham koronavirus karantini tugab¸ hayot normal izga qaytishini kutmoqda.

Ayrim muhojirlar esa¸ karantin paytida bozori chaqqonlashgan ishlarni qilib¸ tirikchiligini o‘tkazyapti.

Buxorolik Muhammad karantinda moskvaliklarga oziq-ovqat tashiyotgan kuryerlardan biri.

- Odatda yakshanba kuni buyurtmalar kam, karantinda esa har kuningiz - yakshanba, deydi “Yandeks.Yeda” servisi xizmatchisi Muhammad.

Muhammad - 22 yoshda, u Buxorodan. Moskvaga uchinchi marotaba pul ishlagani kelgan Muhammad Moskvaning markazidagi kvartiralardan birida o‘ziga o‘xshagan bir guruh mehnat migrantlari bilan birga ijarada turadi.

Izolyatsiya holatidagi Moskvaning Arbat ko‘chasi.

Buxoroda Muhammadning ota-onasi, uchta singlisi qolgan. O‘zbekistonda “santexnika” mutaxassisligi bo‘yicha bilim yurtini tamomlagan Muhammad Moskvada pul ishlash osonroq, degan fikrda.

Muhammad moskvaliklar internet orqali buyurtma beradigan oziq-ovqatni velosipedda yetkazib beradi.

- Buyurtma kam bo‘lib, kuryerlar soni ko‘payib ketganda- tinimsiz qimirlab turish kerak, usiz zakazlarni tarqatuvchi Internet ilova seni “ko‘rmay” qoladi. 5-10 daqiqa velosiped minaman, biroz dam olaman. Keyin yana velosipedga.

Shu bois u buyurtmasi bo‘lmasa ham Moskvada velosipedda sayr qilib yurishga majbur.

Buyurtma soatlab bo‘lmasligi mumkin. Muhammad 10 soatlik ish kunida 2000 rublgacha ishlaydi. Bitta yetkazib berilgan zakaz uchun 150, eng kami esa¸ 130 rubl to‘lashadi.

Moskvada choychaqani kam berishadi, ammo Muhamad Moskva-Sitida o‘ziga ming rubl bergan mijozini eslaydi.

Ish beruvchi kuryerlarga har kuni ishlash imkonini bersada¸ Muhammad haftada bir kun dam olishini aytadi.

Koronavirus pandemiyasi kuryerlar ishiga ham o‘zgartishlarni kiritdi. Xususan¸ yeguliklarni mijoz qo‘liga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish taqiqlandi.

- Zakazni qo‘liga topshirsangiz darhol ishdan bo‘shatib yuborishadi, deydi u.

Aksar kuryerlardek, Muhammad ham buyurtmasiz qolgan soatlarini McDonalds yoki KFC kabi fastfud restoranlarida o‘tkazadi. Bu yerdagi bepul wi-fi, arzon va to‘yimli ovqat, issiqqina joy uning joniga oro kiradi...

Bu restoranlarga kirishdan oldin Muhammad qo‘lini, pultopar sumkasini dezinfeksiya qiladi.

Muhojir yigitda niqobi bor, biroq uni taqmasdan¸ cho‘ntagida olib yuradi.

Koronavirus bilan kasallanishdan ham qo‘rqmaydi:

- Nimasidan qo‘rqasiz?! Odam biror kun baribir o‘ladiku. Men yoki siz hal etmaymiz odamning qachon o‘lishini: hammasi oldindan belgilangan”.

Moskvada oziq-ovqat tashuvchi kuryerlarining aksar qismi - mehnat muhojirlari. Ular bir-birlari bilan tanish bo‘lib ketgan, zakazlar bo‘lmaganida¸ to‘xtab suhbatlashishadi, bir-biriga yangiliklar bilan o‘rtoqlashishadi.

Muhammad "Yandeks.Yeda"da ishlashning o‘ziga xos qulayliklari borligini aytarkan¸ sariq nimcha yo kurtkadagi to‘rtburchak ryukzak ko‘targan ishchilarni politsiya to‘xtatmasligi¸ ulardan hujjat so‘ramasligini tilga oladi.

- Umuman eslolmayman meni oxirgi marotaba qachon to‘xtatishganini, deydi buxorolik yigit.

Muhammadga Moskva unchalik yoqmaydi, Rossiya poytaxti faqat pul ishlash uchun qulayligini gapiradi.

- Pul ishlashga - yoqadi, odamlari - yoqmaydi, to‘g‘risini aytaman. Juda kibrli¸ odamni mensimaydi. Bizda aksincha, pul kam, ammo odamlar xushmuomala. Menimcha, Rossiyada faqat moskvaliklar shunday qo‘polroq, boshqa joylarda unday emas. Chunki dostavkada Rossiyaning boshqa viloyatlaridan kelgan odamlar ham ishlaydi¸ shulardan bilaman.

Rossiyada koronavirus pandemiyasi ortidan joriy qilingan “izolyatsiya” rejimi 31 maygacha saqlanadi. 22 may kungi holatga ko‘ra, mamlakatda 326 448 odamning koronavirus yuqtirgani qayd etilgan¸ ularda 3249 nafari nobud bo‘lgan.

Kasallangan va o‘lganlarning qanchasi mehnat muhojiri ekani haqida hozirgacha rasmiy ma’lumot berilgan emas.