AQSH Vakillar palatasi tarixda ilk bor o‘z spikeri iste’fosi uchun ovoz berdi

Ayrim respublikachilar Makkartini muvaqqat byudjetni qabul qilishda demokratlarga yon bosganlikda ayblamoqda.

AQSH Kongressining Vakillar palatasi 3-oktabr kuni spiker Kevin Makkartini lavozimidan ozod qilish uchun ovoz berdi. Bu qarorni kongressmenlardan 216 nafari qo‘lladi, 210 nafari qarshi chiqdi.

Reuters agentligining yozishicha, Makkarti iste’fosi bo‘yicha qaror uning respublikachilar partiyasidan bo‘lgan hamkasblari bilan kelishmovchiliklari fonida qabul qilindi. Makkarti spikerlikdan tashqari, Kongressda mazkur partiyani ham tamsil qilar edi.

Makkartining respublikachi hamkasblari bilan o‘zaro til topisha olmayotgani AQSH hukumati faoliyatini to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muvaqqat byudjet yuzasidan arang murosaga erishgan Kongressdagi xaosni kuchaytirdi.

AQSH tarixida ilk bor Vakillar palatasi raisi istefoga chiqarilmoqda. Uni iste’foga chiqarish tashabbusi Florida shtatidan saylangan Mett Getts tomonidan ko‘tarildi.

Getts Kongressda oz sonli o‘ngchi respublikachilar ustidan ta’sirga ega. U Vakillar palatasidagi respublikachilar liderini federal harajatlarni qisqaritirish uchun harakat qilmayotganlikda ayblab chiqdi.

Iste’fo to‘g‘risidagi rezolyutsiya muhokamasi paytida Getts va uning bir necha tarafdori spikerni “muvaqqat byudjet to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish jarayonida demokratlarga yon bosgan”, deb tanqid qildi.

“Bizga har qanday arzimas narsa uchun ham kurasha oladigan, ammmo faqat spiker bo‘lib qolish uchungina boshqalarga yon bosmaydigan spiker kerak”,-dedi respublikachilar vakili Bob Gud.

Makkarti tarafdorlari, jumladan, konservativ respublikachilar spiker harajatlarni qisqartirish masalasida samarali faoliyat olib borganini va partiyaning boshqa ustuvor g‘oyalarini muvaffaqiyatli ravishda olg‘a surib kelganini olqishladi. Makkarti tarafdorlari uning iste’foga chiqarilishi ortidan erishilgan yutuqlar barbod bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

Vakillar palatasi muvaqqat spikeri sifatida Shimoliy Karolina shtatidan respublikachi kongressmen Patrik Makgenri saylandi. CNN telekanalining ma’lum qilishicha, Makgenri Makkartining eng yaqin safdoshlaridan biri hisoblanadi. Makgenrini Kongressdagi har ikki partiya vakillari qo‘llab-quvvatladi. Uning nomzodi muvaqqat spikerlikka Kevin Makkarti tomonidan ko‘rsatilgan.

Bundan avvalroq Kongress Vakillar palatasi va Senat Makkartining iste’foga chiqarilishiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan AQSH muvaqqat byudjetini tasdiqlagan edi. Federal tashkilotlarni 45 kun mobaynida moliyalash nazarda tutilgan mazkur byudjetga Ukrainaga ajratiladigan harbiy yordam kiritilmagan.

Oq Uy byudjetga Ukrainaga 24 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish masalasini kiritgan. Bu raqamga Senat va Vakillar palatasidagi ayrim respublikachilar qarshi chiqqan.

Respublikachilar va demokratlar o‘rtasida byudjetning boshqa moddalari yuzasidan ham kelishmovchiliklar bor. Shuning uchun muvaqqat byudjetni tasdiqlash yuzasidangina murosaga erishilgan. Chunki byudjet 1-oktabrgacha tasdiqlanmagan taqdirda, AQSH hukumati o‘z faoliyati va dasturlarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lar edi.

AQSH prezidenti Jo Bayden Vashington Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishi zarurligini ta’kidladi hamda Kongressni Kiyevga mablag‘ ajratish yuzasidan tezroq murosaga kelishga chaqirgan.