Eron sudi hijob o‘ramagan aktrisalarni ruhiy kasal deb hukm chiqardi. Psixologlar bundan norozi

Hijob o‘rashdan bosh tortgan eronlik uch aktrisa. Chapdan o‘ngga: Ozoda Samadiy, Laylo Bolukat va Afsona Bayegan.

Eron sudyalari hijob o‘ramagani uchun hukm qilingan uch nafar taniqli aktrisaga oila va jamiyatga qarshi ruhiy kasal, deb tashxis qo‘ydi. Buning ortidan mamlakatning yetakchi psixologlari “sud tizimida psixiatriya va psixologiya suiiste’mol qilinayotgani”ni qoraladi.

Yaqinda Tehron Jinoyat sudi aktrisalar Ozoda Samadiy, Laylo Bolukat va Afsona Bayeganga hukm o‘qib, ularga ruhiy xastalik tashxisini qo‘yganidan so‘ng, mamlakatning to‘rtta yetakchi psixiatriya kengashi rahbarlari hukmni tanqid qilib chiqdi.

“Ruhiy buzilishlarni tashxislash sudyaning emas, psixiatrning ishi. Xuddi shunday, boshqa kasalliklarni tashxislash ham sudyalar emas, balki shifokorlar zimmasidadir”, degan psixiatrlar oliy sudya G‘ulomhusayn Mohseni Ejey nomiga yozgan ochiq xatida. Maktub Eron matbuotida 20-iyul kuni chop qilingan.

Oxirgi oylarda mamlakatda hijob o‘rash bo‘yicha qat’iy talabni buzib, uch aktrisa omma oldiga hijobsiz chiqqan. Bu talab so‘nggi oylarda butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan edi.

Ko‘plab taniqli ayollar 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘tgan yil sentabr oyida hijob o‘ramaganlikda ayblanib hibsga olinganidan keyin vafot etgani ortidan ko‘tarilgan namoyishlarga xayrixohlik bildirdi.

Hijob talabini buzganlar ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin, biroq taklif qilinayotgan qonunga ko‘ra, takror jinoyat sodir etganlar uchun jazo muddati uch yilgacha oshiriladi.

Bayegan kino tadbiriga ro‘mol o‘rniga shlyapa kiyib kelgani uchun ikki yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning ijtimoiy tarmoqqa joylagan tadbirdagi surati sud jarayonida dalil sifatida taqdim etilgani xabar qilingan.

61 yoshli kino va televideniye aktrisasi uchun qo‘shimcha jazolar sifatida yana ikki yilga sayohat qilish, internet, ijtimoiy tarmoqlar va mobil xizmatlardan foydalanish taqiqlandi hamda ikki oy ichida nomi aytilmagan bir kitobni o‘qib, konspekt yozish talab qilindi.

Shu hafta hukm chiqarilishidan oldin, Bayegan 12-iyul kuni sudga chaqiruvdan so‘ng o‘z ishidan ketishini e’lon qildi.

Avvalroq 42 yoshli Bolukat hijobsiz tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib, “jamoat axloqi va iffatiga putur yetkazganlik” aybi bilan ikki yillik kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlashtirish bilan birga olti oyga qamalgan edi. Shuningdek, Bolukatga mamlakatdan chiqib ketish taqiqlangan va unga ham bir oy ichida nomi aytilmagan kitobni o‘qib chiqish va qisqacha mazmunini yozish buyurilgan.

Dafn marosimida hijob o‘rniga shlyapa kiygani uchun hibsga olingan 44 yoshli Samadiyga shu oy boshida hech qanday qamoq jazosi tayinlanmagan, biroq olti oy davomida mobil telefonidan foydalanish taqiqlangan va barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlarini deaktivlashtirish buyurilgan.

Ayollarga jazo tayinlash bilan birga ularga "aksil-ijtimoiy va oilaga qarshi" xarakterni namoyon qiluvchi ruhiy xastalik tashxisini qo‘yish, ulardan muntazam psixologik davolanishni talab qilish va ruhiy salomatligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma olib kelishni talab qilish sudlarning ishi emasligini ta’kidlagan yetakchi psixiatrlar.

"Qaror matnida aksil-ijtimoiy kasallikni tashxislash uchun dalil sifatida ko‘rsatilgan belgilar muvofiq, mantiqiy va ishonarli emas", degan Psixosomatik tibbiyot ilmiy uyushmasi, Psixiatrlar ilmiy assotsiatsiyasi va Psixosomatik tibbiyot ilmiy assotsiatsiyasi, Psixoterapiya ilmiy uyushmasi va Eron Psixologiya Assotsiatsiyasi rahbarlari.

Qo‘shma maktubda ta’kidlanishicha, "ruhiy kasallik va oilaga qarshi shaxs" tashxisi "g‘ayriilmiy va g‘alati", psixiatrlar uchun tushunarsizdir.

Maktubda psixiatrlar uch aktrisaga nisbatan hukmlarni o‘zgartirishga chaqiradi.

Tehronlik advokat Muhammad Husayn Ag‘osiy 21-iyul kuni Ozod Yevropa/Farda radiosiga bergan intervyusida, “sudyalar huquqiy tamoyillarni to‘liq tushunmaganliklari yoki juda asabiylashib, ayblanuvchilardan xafa bo‘lgan bo‘lsa kerakki, ayblanuvchilar qadr-qimmatini bunchalik yerga urishgan”, dedi.

Aminiy o‘limidan so‘ng Islom Respublikasi bo‘ylab hijobga qarshi namoyishlar boshlanganidan keyin boshqa aktrisalar ham hibsga olingan va ta’qib qilingan.

O‘tgan hafta Islom madaniyati va tarbiyasi vaziri o‘rinbosari Muhammad Hoshimiy hukumat kinokompaniyasi hijob o‘rashdan bosh tortgan aktrisani ishga olishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rganini ma’lum qilgan edi. Hoshimiy ism-sharifini aytmagan bo‘lsa ham, OAVda aytilishicha, u iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarda hijobsiz tushgan suratini joylashtirganlikda ayblangan 44 yoshli Shag‘oya Dehg‘onni nazarda tutgan.

"G‘azabnok jamiyat" bosimiga ishora qilib, qator mukofotlar sohibasi bo‘lgan aktrisa Hangoma G‘aziani yaqinda ro‘mol o‘ramagani uchun hibsga olinganidan keyin 53 yoshida ishidan ketajagini bildirgan. 39 yoshli aktrisa Tarona Alido‘sti va 61 yoshli Katayun Riahi ham hibsga olingan.

Aktyorlar va kino hamjamiyatlari aktrisalar atrofida birlashdi va Eron Kinorejissyorlari Uyushmasi va Kino prodyuserlari uyushmasi shu hafta qo‘shma xat e’lon qilib, Bolukat va Samadiyga nisbatan chiqarilgan hukmlarni "barcha kino ahliga nisbatan haqorat" deb atadi.

“Biz bunday hukmlar tufayli qattiq ho‘rlangan barcha eronlik kino aktrisalari va rejissyorlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi maktubda.