Ilon Maskning Neuralink shirkati miyasiga chip o‘rnatilgan maymun videosini namoyish qildi

Ilon Mask Twitter platformasida birinchi Neuralink mahsuloti falajlangan kishiga ongini ishga solib, smartfonni bosh barmog‘idan ko‘ra tezroq ishlatish imkonini berishi haqida yozdi.

Milliarder tadbirkor Ilon Mask asos solgan Neuralink shirkati miyasiga chip o‘rnatilgan maymun sodda videoo‘yin o‘ynayotgani aks etgan videolavhani e’lon qildi.

3 daqiqalik videoda miyasining har ikki yarimshariga chip o‘rnatilgan “Peyjer” ismli makaka maymuni “Ong pong” o‘ynayotganini ko‘rish mumkin.

Dastlab joystik – maxsus moslama bilan o‘ynagan maymun u uzib qo‘yilgach, mustaqil ravishda, ongini ishga solib o‘ynashda davom etadi.

“Peyjer”ning miyasiga 6 hafta oldin N1 Link chipi o‘rnatilgan. Buning ortidan unga joystik bilan videoo‘yinlar o‘ynash o‘rgatilgan. Vazifani muvaffaqiyatli bajargani uchun u har safar mukofot sifatida banan sharbati bilan siylangan.

Ilon Mask Twitter platformasida birinchi Neuralink mahsuloti falajlangan kishiga ongini ishga solib, smartfonni bosh barmog‘idan ko‘ra tezroq ishlatish imkonini berishi haqida yozdi.

“Keyingi versiyalar miyadagi neyrolinkdan tanadagi harakat/sezgi neyron tomirlariga signallar eltadi. Bu esa, masalan, falaj bo‘lib qolgan bemorlarga yana yurish imkonini tuhfa etadi. Qurilma bosh suyagi ichiga implantatsiya qilinadi va simsiz quvvat oladi. Shunday ekan, bemor odatdagidek ko‘rinadi va o‘zini o‘ng‘ay his qiladi”, – deya so‘zini davom ettirdi tadbirkor.

Video yuzasidan berilgan izohga ko‘ra, ushbu texnologiya maymun miyasining qo‘llar va ular harakatini muvofiqlashtiradigan qismlariga joylashtirilgan 2000 dan ortiq elektrod yordamida miya signallarini yozib olish va ularni o‘qish – dekodlash orqali ishlaydi.

“Miya faoliyati to‘lqinlari va ular keltirib chiqaradigan joystik harakatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni matematik modellashtirish orqali dekoderning aniq o‘lchamiga ega bo‘lamiz”, – deydi sharhlovchi.

Mask tomonidan 2016 - yilda asos solingan va San-Fransiskoda joylashgan Neuralink shirkati Alsgeymer kasalligi, aqliy zaiflik va umurtqa pog‘onasi shikastlanishi kabi nevrologik kasalliklarni davolash va insoniyatni sun’iy aql bilan birlashtirishga yordam beradigan simsiz miya chiplarini ishlab chiqishni maqsad qilgan.

Bunday chiplar falajlangan bemorlarga o‘z ongini ishga solib telefonini boshqarish, hatto kompyuter o‘yinlarini o‘ynash imkonini beradi. Elektron moslamalarni idrok vositasida barmoq ishlatgandan ham tezroq boshqarish mumkin. Ishbilarmon Mask StarCraft faqat ong kuchi bilan o‘ynaladigan ilk o‘yin bo‘lishiga va’da bergan.

2020 - yil avgust oyida miyasiga Neuralink chipi joylashtirilgan cho‘chqa namoyish etilgan edi.

Ilon Mask, shuningdek, elektromobil va raketa ishlab chiqaruvchi Tesla hamda SpaceX kabi ilg‘or texnologiya shirkatlariga ham asos solgan. Xususan, SpaceX qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketa yasagan dunyodagi ilk shirkatdir.