Islohot millat manfaati uchun edi. Jadidlar, millat, vatan

Jadidlar

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda sovetlar ittifoqi qulashi ortidan boshlangan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy model izlanishlari mintaqaning turli davlatlarida turlicha ko‘rinish olgan va olmoqda. Bu jarayonlarda, xususan, O‘zbekistonda jadidchilik harakati va jadidlarning qarashlariga bot-bot murojaat qilinadi.

O‘tgan asr boshlarida Turkistonda keng quloch yoygan bu harakat jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish, Turkistonning "taraqqiyga yuz burishi"ni maqsad qilgan edi.

AQShning Minnesota shtatidagi Carleton College professori¸ tarixchi olim va antropolog Adib Xolid Ozodlikka taqdim etgan maqola jadidlar va ularning islohotchilik harakatida markaziy o‘rin tutgan masalalar haqida.

Adib Xolid “O‘zbekiston: Millatning tug‘ilishi”¸ “Kommunizmdan keyingi islom”, "Musulmon madaniy inqilob siyosati: Markaziy Osiyoda jadidchilik" kabi kitoblar muallifi.

Ogoh o‘lung bu kun ey aziz millatim

To zoye o‘lmasun siza qo‘yg‘on muhabbatim.

Fikrim hamisha millatim ishqinda bog‘lidur

Rang za’faronu diydasi qon ushbu suratim.

Ushbu misralar toshkentlik shoir Tavalloning (To‘lagan Xo‘jamyorov) 1916 - yilda nashr etilgan she’riy to‘plamidan olingan. Millat jadidlar islohot dasturining markazida edi. Millat harakatlarning markaziy maydoni, asosiy tashvish va mehr obyekti edi. Islohot millat manfaati uchun edi. Millat esa, o‘z navbatida, vatan g‘oyasiga bog‘langan edi.

Millat, ya’ni umumiy manfaatlar birlashtirib turuvchi, jamoaviy huquqlarga ega va umumiy madaniyatga ega bo‘lgan jamoa tushunchasi zamonaviy dunyoda paydo bo‘ldi va Markaziy Osiyoga jadidlar bilan kirib keldi. Ruslar istilosiga qadar markaziy osiyoliklar o‘zlarini nasab guruhlari (qabilalar) a’zosi yoki sulolalar va ularning hukmdorlari subyektlari o‘laroq ko‘rar edilar. Shunga o‘xshash tarzda vatan ham tug‘ilgan yer, ya’ni shahar yoki qishloq ma’nosini anglatardi, Turkiston kabi kengroq [tushunchani] emas.

Bunga qaramasdan, jadidlar uchun millat va vatan o‘zlik va birdamlikning tabiiy birliklari edi. Hokimiyat turkistonliklarning qo‘lida bo‘lmagan Rossiya imperiyasi sharoitida millat uchun o‘zini isloh qilish, o‘z resurslarini o‘zini yaxshilanish uchun sarflash juda muhim edi. Bu esa millat a’zolari uchun yangi mas’uliyat tushunchalarini va yangi majburiyatlarni tug‘dirdi. Boylar pullarini to‘y kabi egoistik ishlarga emas, balki xayriya jamiyatlarini barpo etish, maktablar, kutubxonalar va o‘qish zallarini moliyalashtirish hamda ehtiyojmand talabalarga stipendiya berish orqali millat farzandlarining ta’limiga hissa qo‘shishi kerak edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy millat vazifalarini quyidagicha bayon qildi:

Aqchalik otalar, albatta, to‘y va ma’rakaga qizg‘onmaganlaridek, bolani o‘qutishg‘a ham qizg‘onmasalar kerakdur. Bolalar uchun tarbiyatxona (pansiyon) ochmoq kerak. Va bu tarbiyatxonalar zamoncha va ham milliy va diniy ruhda bo‘lishi kerakdur. Bu tarbiyatxonalarni ochmoq uchun va hukumat maktablarig‘a bola tayyor qilmoq uchun nashri maorif yoinki jamiyati xayriya va yoinki tarbiyati atfol jamiyati va yo o‘zga ism ila, xulosa, jamiyatlar kerakdur. Toki bul jamiyat(lar) xalqdan oqcha jamlab millat bolalarini o‘qutish va millatni oyandasi uchun kerak bo‘laturg‘on qozi, ya’ni sudya, zakunchi, ya’ni huquqshunos, injiner, ya’ni muhandis, muallim, ya’ni zamona maktabdori, millatni homiysi va xodimi, … milliy sanoatxonalarimizni isloh va ihyo etguvchi, ya’ni texnik, tijoratxona va bonkalarda bizg‘a yordam berguvchi, ya’ni tijorat ilmini o‘qug‘on kommirsant, … biz uchun, … dini mubini islom uchun, zaufo uchun, fuqaro uchun ishlaydurg‘on odamlarni yetushdurmoq kerakdur.

Millatga uning manfaati uchun ishlaydigan odamlar kerak edi. Bu esa millat a’zolari uning oldidagi mas’uliyatlarini anglagan taqdirdagina sodir bo‘lishi mumkin edi.

Ta’lim olganlar esa uni millat xizmatiga bag‘ishlashi kerak edi. Bu g‘oya Cho‘lponning 1914 - yilda nashr etilgan «Doktor Muhammadyor» qissasida uchraydi. Muhammadyorning sartarosh otasi Rossiyada va musulmon dunyosida qilgan sayohatlari davomida bilim va ta’lim ahamiyatini anglab yetadi. Shuning uchun o‘g‘li yangi usul bo‘yicha yaxshi ta’lim olishini ta’minlaydi. Ammo o‘g‘li ta’limini tugatishidan oldin otasi o‘ldiriladi (jamiyatda hukmron bo‘lgan johillik natijasida). Muhammadyor suyukli Turkistonni tark etishga majbur bo‘ladi, ammo o‘zining qat’iyati va unga stipendiya ajratgan Boku musulmonlari yordami bilan Sankt-Peterburgga tibbiyot sohasida o‘qishga boradi. Tirishqoqligi tufayli muvaffaqiyatga erishadi va o‘qishni a’lo baholar bilan tamomlaydi. Buning ortidan u Shveysariyaga qo‘shimcha ixtisoslashish uchun boradi. Pirovardida doim yodida tutgan vataniga qaytadi. U poliklinika ochadi (u yerda boylarni to‘lov evaziga, kambag‘allarni esa bepul davolaydi), o‘quv zalini va xayriya jamiyatini tashkil qiladi va gazeta chop etishni boshladi. U millat xodimi bo‘lib yetishadi.

Kim millatga kirar edi? 1917 - yilgacha Turkiston jadidlari o‘z millatlarini «Turkiston musulmonlari» deb hisoblashgan. Ushbu ta’rifda millat, vatan va din bir-biriga mos kelardi. Vatan Turkiston edi va millat a’zolarini umumiy din birlashtirib turardi.

Turkistonga kirmagan Buxorodagi jadidlar Buxoroni vatan o‘laroq ko‘ra boshlagandi. Abdurauf Fitrat Buxoro haqida shunday yozgan edi: «Vatani man / ah, ah, che vatan / saҷdagohi ҷon u tani man / ham Ka’bai man, qiblai man, ham chamani man». («Mening vatanim / oh, oh, qanday vatan / sajdagohu, jonu tanim / ham Ka’bam, ham qiblam, ham chamanim».) Buxoro xalqi faqat amir subyektlari emas, balki himmatli Buxoro millati edi.

Din va millat bir-birga chambarchas bog‘liq edi. Vatandoshlar ayni paytda dindoshlar ham edi. Bir muallif 1914 - yilda yozganidek, «Din millat, millat milliyat ila qoimdir». Turkiston musulmonlariga ham, himmatli Buxoro millatiga ham ta’rif berishda tilga e’tibor berilmagandi. Shuning uchun ham Behbudiy turkistonliklar ikkita emas, to‘rtta tilni o‘rganishi kerakligini yozgan edi («ikki emas, to‘rt til lozim»). Bular turkiy, forsiy, arab va rus tillari edi. Turkiston aholisi aksariyatining tili turkiy edi; «Forsiy bo‘lsa madrasa va udabo tilidur»; arab tili Islom tili edi; nihoyat, rus tili Turkiston musulmonlari yashayotgan imperiyaning tili edi va «tiriklik va dunyo uchun lozim» edi. «Tiriklik va dunyo uchun lozim» jumlasi jadidlar mustamlaka sharoitida faoliyat yuritganini eslatib turadi. Millat manfaati uchun imperiya sharoitida kurashish kerak edi.

Lekin jadidlar uchun til millatning bir xususiyati o‘laroq muhim ahamiyat kasb eta boshlagan edi. Behbudiyning Turkiston musulmonlari turkiy va forsiyni bilishi kerak, degan fikri Turkistonda ko‘pchilik turkiy tilda so‘zlashishi va turkiy ekani to‘g‘risidagi qarash bilan bir vaqtda mavjud edi. Aynan mana shu turkchilik (panturkiylik emas) g‘oyasi 1917 - yildan keyingi yillarda juda muhim ahamiyat kasb eta boshladi.

Bugungi kunda vaziyat boshqacha. Imperiya yo‘q, Turkiston va Buxoro ham o‘tmishda qolgan. Buning o‘rniga Markaziy Osiyoda millat til va o‘ziga xos tarix bilan belgilanadigan milliy davlatlar mavjud. Behbudiyning Markaziy Osiyo aholisi to‘rtta tilni bilishi kerakligi haqidagi nasihati hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda. Bu bizga turklar va forslar (ya’ni, bugungi kundagi o‘zbeklar va tojiklar) o‘rtasidagi kundalik hayot darajasida mavjud bo‘lgan chuqur aloqalarni eslatadi. Va millatga xizmat g‘oyasi – jamoa manfaati, millatdoshlarga yordam berish majburiyati – hali ham dolzarb bo‘lib qolmoqda, bunday majburiyatlarning aksariyati davlat qo‘liga o‘tgan bo‘lsa-da. Jadidlar jamiyatni yangicha tasavvur qildilar va ko‘p va xo‘p ma’noda bu qarash hali ham dolzarbdir.