“Jiddiy ogohlantirish”. AQSh neft shirkati yirik hakerlik hujumiga uchradi

Colonial Pipeline shirkati tomonidan boshqariladigan quvur orqali Texasdan AQShning shimoli-sharqiy qismiga yonilg‘i mahsulotlari yuboriladi.

DarkSide nomi bilan tanilgan kiberjinoyatchilar to‘dasi amalga oshirgan hujum tufayli AQShdagi muhim neft quvuri tarmog‘i yopildi. Bu haqda “Assoshieyted Press” axborot agentligi tergovda ishtirok etayotgan manbalariga tayangan holda xabar bermoqda.

Neft mahsulotlarini tashiydigan quvur uch kundan beri ishlamayapti. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kelasi bir necha kun ichida quvur qayta ishga tushsa, benzin narxlari o‘zgarmaydi. Ammo ushbu hujum barcha infratuzilma shirkatlar uchun ogohlantirish o‘laroq ko‘rilmoqda.

Colonial Pipeline shirkati tomonidan boshqariladigan quvur orqali Texasdan AQShning shimoli-sharqiy qismiga benzin va boshqa yonilg‘i mahsulotlari yuboriladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, quvur AQSh sharqiy sohilida iste’mol qilinadigan yonilg‘ining taxminan 45 foizini yetkazib beradi.

Shirkatga qarshi “tovlamachi dastur” hujumi uyushtirilgan. Bunda hakerlar ma’lumotlarni shifrlash, tarmoqlarni falajlash orqali kompyuter tizimlarini qulflab qo‘yishadi va ularni qayta ochish uchun katta to‘lov talab qilishadi.

Yakshanba kuni Colonial Pipeline shirkati ayrim IT tizimlar tezkor tarzda tiklanayotganini bildirdi. Shirkat huquqni muhofaza qilish idoralari va boshqa federal idoralar, shu jumladan, energetika vazirligi bilan muntazam aloqada ekanini ta’kidladi.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan tergovdan xabardor ikki shaxs esa hujumni DarkSide guruhi amalga oshirganini ma’lum qildi. Guruh a’zolari “tovlamachi dasturlar” yordamida amalga oshirgan hujumlar so‘nggi uch yilda G‘arb davlatlariga o‘nlab milliard dollar zarar yetkazgani aytiladi.

DarkSide to‘dasi kasalxona va qariyalar uylariga, ta’lim yoki davlat idoralariga hujum qilmasligi, qo‘lga kiritgan mablag‘ining bir qismini xayriyaga sarflashini iddao qilib keladi. Guruh o‘tgan yilning avgust oyidan ancha faollashdi. Qayd etish joizki, DarkSide hozirga qadar sobiq sovet davlatlarida joylashgan tashkilotlarni nishonga olmagan.

Colonial Pipeline shirkati to‘lov bergan-bermagani, hujumchilar bilan muzokara olib borayotgani yoki yo‘qligini ochiqlamadi. DarkSide guruhi hujum haqida o‘z platformalarida bayonot bermadi. Guruh “Assoshieyted Press” muxbiri so‘rovlarini ham javobsiz qoldirdi.

Hujumchilar odatda jabrlanuvchi bilan muzokara olib borayotgan yoki to‘lovni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, sukut saqlaydi.
Yakshanba kuni Colonial Pipeline ma’muriyati “tizimni qayta boshlash” rejasini ishlab chiqayotganini bildirdi. Shirkat asosiy quvur yopiq bo‘lsa-da, ayrim kichik liniyalar ochiq ekanini ma’lum qildi.

AQSh savdo vaziri Jina Raymondo “tovlamachi dasturlar” prezident Jo Bayden ma’muriyati uchun dolzarb masala ekanini aytdi.

AQSh transport vazirligi yakshanba kuni 17 shtat va Kolumbiya okrugida favqulodda vaziyat e’lon qilib, benzin, dizel, aviatsiya yonilg‘isi va boshqa qayta ishlangan neft mahsulotlarini tashiydigan haydovchilar ish vaqtini tartibga soluvchi talablarni yumshatdi.

Tergovga yaqin manbalar hakerlar shirkatdan ma’lumot ham o‘g‘irlaganini aytdi. Ba’zi holatlarda o‘g‘irlangan ma’lumotlar jinoyatchilar uchun tarmoqni ishdan chiqarishdan ham muhimroqdir, chunki ko‘p hollarda hujum qurbonlari o‘z maxfiy ma’lumotlari internetda tarqalishini istamaydi.

Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu hujum muhim infratuzilma operatorlari, shu jumladan, elektr va suv ta’minoti tizimlari, energetika va transport kompaniyalari uchun jiddiy ogohlantirishdir.

O‘tgan yilda AQShda hakerlarga to‘langan o‘rtacha badal qiymati qariyb uch baravarga ko‘payib, 310 ming dollardan oshgan. Coveware firmasiga ko‘ra, hujum qurbonlari o‘rtacha 21 kun o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Colonial Pipeline shirkati Meksika ko‘rfazi sohilidagi neftni qayta ishlash zavodlaridan benzin, dizel, samolyot yonilg‘isi va uy isitish moylarini tashiydi. Shirkatning salkam 9000 kilometrli quvurlar tizimi orqali kuniga 380 million litr yonilg‘i tashiladi.