Kichik Korzinka.uz do‘konlari Smartga aylanadi

Yunus Rajabiy ko‘chasidagi bu Korzinka endi Smartga aylanadi.

“ANGLESEY FOOD” DP shirkatiga qarashli Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i o‘z faoliyatiga o‘zgartirish kiritib¸ maydoni 1000 kvadrat metrdan kichik bo‘lgan do‘konlari nomini Smart (Aqlli) deb o‘zgartiradigan bo‘ldi.

Korzinka.uz rasmiy saytida chop etilgan bu xabarni tasdiqlagan supermarket xodimi¸ hozircha rahbariyat bunday qarorni qabul qilgani va do‘kon nomlanishi yaqin kunlarda amalga oshishini bildirdi.

- Endi o‘zgaradi¸ Smart bo‘ladi. Faqat kichkina supermarketlar nomi o‘zgaradi. Qimmat narsalarni olib tashlashadi. Bir-ikkita yangi assortiment qo‘shiladi. Peshtaxtalardagi ketmaydigan narsalar olinadi¸ asosan 30-40 minglik narsalar. Katta supermarketlar Korzinka.uz bo‘lib qoladi¸ dedi supermarket xodimi.

Korzinka.uz hozirda Toshkentdagi chakana savdo do‘konlar orasidagi eng yirik tarmoq hisoblanadi va o‘z do‘konlarini supermarket va asosan mahalla va turar-joy binolari orasida joylashgan kichik Smart do‘konlariga ajratish orqali shirkat ko‘p formatli xizmat moduliga o‘tajagini ta‘kidlamoqda.