Kimmo Kilyunenga Qirg‘izistonga kirish taqiqlandi

O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunen

Qirg‘iz parlamenti 26 may kuni O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunenning Qirg‘izistonga kelishi, yashashi va faoliyat yuritishini ta‘qiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Parlament qarorida aytilishicha, “Kimmo Kilyunen rahbarligidagi komissiya hisoboti Qirg‘iziston hududida va xalqaro qonunchilikda yuridik kuchga ega emas hamda Qirg‘iziston milliy xavfsizligi uchun tahdid tug‘diradi”.

Parlament, shuningdek, Qirg‘iziston hukumatiga diplomatik vakolatxonalar orqali Kimmo Kilyunen rahbarligidagi komissiya tayyorlagan hisobotga qarama-qarshi bo‘lgan xolis va haqiqiy axborotni xorij davlatlariga tarqatish vazifasini yukladi.

Mazkur qaror parlament yig‘inida qatnashgan 96 deputatdan 95 nafari tomonidan qo‘llandi.

Bundan avvalroq AQShning Qirg‘izistondagi elchisi Pamella Spratlen o‘z mamlakati O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya hisobotini adolatli va xolis deb bilishi haqida bayonot bergan edi.