27-mart kuni Toshkentdagi AQSh elchixonasida BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shaxid O‘zbekistondagi so‘nggi 5 yillikka oid hisobotini e’lon qildi.
Hisobotda BMT maxsus ma’ruzachisining 2018-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan so‘nggi tashrifidan keyingi davrdagi o‘zgarishlar, yutuq va muammolar tilga olingan.
“So‘nggi tashrifimdan so‘ng o‘tgan davrda ayrim masalalarda ijobiy siljishlar bor. Biroq aksariyat muammolarning o‘zgarmay qolayotgani xavotirlidir", deb aytgan Ahmad Shahid AQSh elchixonasidagi taqdimot marosimida.
"Jasliq", diniy ta’lim va jinoiy qonunchilik
Sobiq ma’ruzachiga ko‘ra, u O‘zbekistonga 2017-yildagi tashrifi chog‘ida mamlakat rahbariyatiga 12 ta tavsiya bergan. Ular orasida “Jasliq” lagerini yopish, 1998-yilda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni xalqaro me’yorlar darajasida qayta ko‘rib chiqish singari talablar bor.
Ahmad Shahidga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunida diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish, diniy ta’lim berish, diniy adabiyotlar chop etilishi jarayonini erkinlashtirishga oid normalarda "qoloqlik" saqlanib qolmoqda.
Uning ta’kidlashicha, diniy erkinlik bilan bog‘liq jinoiy, ma’muriy qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish, “ekstremizm” tushunchasini qayta ko‘rib chiqish, shaxslarga “diniy ekstremizm”, “konstitutsiyaga xilof faoliyat” tushunchalarini aniqlashtirish tavsiyasi bajarilmagan.
Shuningdek, “noqonuniy diniy guruhlar faoliyatida ishtirok etish”da ayblash mumkin bo‘lgan holatlarni isloh qilish va voyaga yetmaganlarga diniy ma’lumot olish imkoniyatini beruvchi sharoitlar yaratish amalga oshmagan.
Toshkent yaqinidagi masjidda namoz vaqti. 4 avgust, 2018
Sobiq ma’ruzachiga ko‘ra, xotin-qizlarning diniy erkinliklarni ta’minlash, qonun hujjatlarini takomillashtirish singari jabhadagi roli sezilarli darajada past.
“Eng muhimi, mazkur qonun hujjati qabul qilinishi chog‘ida jamoatchilik talab va takliflari inobatga olinmagan”, deydi doktor Ahmad Shahid.
O‘zbekiston eski “qora ro‘yxat”larga qaytadimi?
2019-yilda AQSh hukumatining diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi xulosasiga ko‘ra, AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy erkinliklarni toptovchi davlatlar ro‘yxatiga qaytargan.
2018-yilda huddi shu tashkilot O‘zbekistonni diniy erkinlik sohasida sezilarli yutuqlarga erishgan hisoblab, mazkur reytingdan chiqargan va uni “alohida nazoratdagi davlatlar” ro‘yxatiga kiritgan edi.
Shundan so‘ng BMT maxsus ma’ruzachisi va AQSh hukumatining diniy erkinliklar bo‘yicha komissiyasi bilan O‘zbekiston rasmiylari o‘rtasida o‘zaro muloqot deyarli uzilib qolgan - Ahmad Shahidning O‘zbekistonga 3 marta tashrifi belgilanib, so‘ng bekor qilindi.
O‘zbekiston hukumati iddaosiga ko‘ra, mamlakat diniy erkinliklar sohasida ildam qadamlar bilan bormoqda. Maxsus ma’ruzachi tavsiyasi bilan "Jasliq" qamoqxonasi yopilgan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun so‘nggi xalqaro talablar darajasida isloh qilingan.
Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va hisobot talablari soddalashtirilgan.
Hukumat qariyb 18 ming nafar shaxs “qora ro‘yxat”lardan chiqarilgani, mahkumlar Ramazon va Qurbon hayitlari, Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan berilayotgan afvlar orqali ozod qilinayotganini ta’kidlaydi.
Ammo xalqaro tashkilotlarning monitoring xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston hanuz diniy erkinliklar uchun xavfli mamlakatlar sirasiga kiritilishi mumkin.
Fuqarolik jamiyati bilan muloqot
O‘zbekistonga tashrifi davomida doktor Ahmad Shahid fuqarolik jamiyati vakillari, advokatlar va faollar bilan uchrashmoqda.
Shahid idorasi vakillarining ta’kidicha, uchrashuvlar O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati ofisida tashkillashtirilgan.
Jamiyat raisi Abdurahmon Tashanov uchrashuvlar "konfidensialligi"ni aytib, muloqotlar tafsilotini sharhlamadi.
Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan faollardan biri Ahmad Shahid yetakchiligidagi komissiya fuqarolik jamiyati vakillari bilan O‘zbekistondagi diniy erkinliklarga oid vaziyat, individual keyslarni o‘rganayotganini bildirdi.
“Garchi Ahmad Shahid hozirgi paytda amaldagi maxsus ma’ruzachi bo‘lmasa ham shu sohada uzoq izlanishlar olib borgan mutaxassisdir. Uning e’lon qilgan hisoboti O‘zbekistondagi keyingi 5 yildagi diniy erkinliklar ta’minlashini o‘zida aks ettiradi”, deydi faol.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Stiv Sverdlov: “O‘zbekistonda diniy erkinliklar doirasi torayib bormoqda”
Asli Maldiv Respublikasi vatandoshi bo‘lgan 59 yashar Ahmad Shahid BMTdagi faoliyatidan avval mamlakat Tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
2002-yildan BMTda Eron masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachi, 2016-yilning 1- noyabridan 2022-yilning 1-avgustiga qadar BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi bo‘lgan.
Hozirda Buyuk Britaniyadagi Essex inson huquqlari markazida ishlaydi.