Rossiyada safarbarlik boshlangan 2022-yil sentabrdan to 2023-yilning aprel oyi oxirigacha harbiy sudlarga xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, buyruqni bajarishdan bo‘yin tovlash yoki dezertirlik holatlariga doir 1064 ta jinoyat ishi kelib tushgan. Birgina mart oyida sudga yuborilgan jinoyat ishlari salkam 400 tani tashkil qiladi. Ayni paytda harbiy sudlarda o‘nlab ishlar ko‘rilmoqda.
“Safarbar qilinganlarni har ko‘yga solishyapti”
32 yoshli Andrey Chelnokov 2022-yilning sentabr oyi oxirida Vladivostokda askarlikka olingan. Safarbar qilingunicha u ventilyatsiya jihozlarini o‘rnatuvchi brigada boshlig‘i edi. Andrey muddatli xizmatni 2012-yilda o‘tab, “A” toifasini olgan, ammo o‘shandan beri sog‘lig‘iga ancha putur etgan: shifokorlar u gipertoniya va osteoxondrozga chalinganini aniqlaganlar. Safarbarlik boshlangan paytda esa u kardiolog hisobida turar, qolaversa endokrinolog “diabet oldi holati va 3-darajali semirish” deb tashxis qo‘yib, kasalxonaga yotqizgandi. Davolanib chiqqanidan so‘ng uni harbiyga chaqirishdi. Andrey dastlab harbiy qismda bo‘ldi, so‘ngra 16-sentabrdan 17-oktabrgacha gospitalga yotib muolaja qildirdi. Natijada uning toifasini “B”ga tushirishdi, lekin bu Andreyni harbiy majburiyatdan ozod qilmaydi.
“Meni 155-dengiz piyodalari brigadasiga jo‘natishdi, holbuki muddatli xizmatni qorovul rotasida o‘tagan edim. Boshqa bo‘linmaga, masalan, quruvchilar batalyoniga o‘tkazishlarini so‘rab raport yozdim, axir men quruvchiman-ku. Boz ustiga tez-tez tibbiy yordam olib turishim kerak edi. Jangovar vazifalarni esa muntazam armiya bajarishi kerak. Lekin, “maxsus operatsiya”dan muddao nimaligini, odam o‘ldirgani o‘zga yurtga boradiganlarni tushunmayman, ochig‘i. Shuningdek, raportda harbiy chaqiruv va kasalligimni yashirgan gospital xulosasi ustidan sudga ariza berganimni eslatdim.
Komandirlar buni “maxsus harbiy amaliyot” hududiga jo‘nashdan bo‘yin tovlash, deb topdi. Buyruqni bajarishdan bosh tortganmishman. Vassalom. Ish prokuraturaga oshirildi, prokuratura tergovchi tayinladi, tergovchi esa jinoyat ishi ochilgani munosabati bilan meni “to‘laqonli” harbiy-tibbiyot komissiyasiga yo‘lladi. “To‘laqonli” bo‘lgani bilan komissiya meni atigi uch kun tekshirdi: kasalxonada yotganim yo‘q, harbiylar poliklinikasiga olib borishdi”,- deydi Chelnokov.
Andreyning aytishicha, gospitalda ham, keyingi harbiy-tibbiyot komissiyasida ham ma’lumotlarni atay buzib yozganlar: masalan, oktabrda harbiy gospital vrachlari uning vaznini 111 kg deb ko‘rsatishgan, noyabrda – harbiy-tibbiyot komissiyasi terapevti esa 123 kg deb qayd etgan. Andrey "gospitalda keskin oriqlaganim mumkin bo‘lmaganidek, keyin birdan semirib ketishim ham mumkin emasdi", deydi.
Martda u qayta komissiya tayinlanishiga erishadi, komissiya unga “D” toifa berib harbiy xizmatga yaroqsizga chiqaradi. Biroq Vladivostok garnizoni harbiy sudi 2023-yil iyunda Chelnokovni baribir komandir buyrug‘ini bajarmaslikda aybdor deb topadi, chunki “MHA” hududiga jo‘nashga buyruq berilgan paytda askar rasman “B” toifada edi. Sud uni 2 yilu 10 oy manzil koloniyada jazo o‘tashga hukm qiladi.
“Sentabrda harbiy qismimizda “MHA” hududiga bormaganlar 15 kishi edik. Har kimning o‘ziga yarasha sababi bor edi, ayrimlarni hatto uyiga jo‘natvorishdi. Kimgadir bron keldi, kimnidir sog‘lig‘i vajidan bo‘shatishdi, kimningdir og‘ir jinoyat uchun o‘talmay qolgan jazo muddati bor edi. Bilishimcha, kimni qo‘yib yuborish kimga jinoyat ishi ochish kerakligi bo‘yicha ularga qandaydir ko‘rsatma kelardi, ular bajarishardi, xolos. Gepatitga chalingan yigitlarni sentabrdan fevralgacha ushlab turishganini ko‘rdim, ammo ayrimlarga bir oy ichida javob berib yuborishdi. Hozir u yerda ikkita astma kasal bor, ularga ham jinoyat ishi ochishmoqchi. Ularni dastlab ta’minot ishlariga yordamlashsin deb mahalliy poligonga jo‘natishgandi. Lekin keyin, odam yetishmayotgani uchun urushga yuborishga qaror qilishdi. Biri odam o‘ldirmayman, deb turib oldi, bilmadim endi uni nima qilisharkin. Ikkinchisiga komandir "MHA hududiga borib kelasan, keyin komissiya tayinlab, xizmatga yaroqsizga chiqarib beraman", deya va’da qilgan. Ammo komissiya endi hech kimni yaroqsizga chiqarmaydi, menimcha”.
Hukm e’lon qilinganidan so‘ng Andreyni harbiy qismdan bo‘shatishgan, hozir u uyida: apellyatsiya bergan, sud arizasini ko‘rib chiqishini kutyapti. Chelnokovning xotini va onasi bor, u oilada yagona o‘g‘il.
“Safarbar qilinganlarni istagan ko‘ylariga solishadi. Gospitalda yotar ekanman, frontdan yaradorlar kelishardi: kimdir og‘ir, kimdir yengilroq jarohat bilan. Gospitalda qarindoshlar bilan ko‘rishish butkul taqiqlangan. Men shu yerlik bo‘laturib xotinim bilan panjara osha gaplashardim. Shaharga chiqish aslo mumkin emas. Ruxsat bersak, hamma qochib ketadi, frontga jo‘natadigan odam qolmaydi, deb qo‘rqishadi. Bir tanishimning bo‘ynidan beshta churra olishdi. Avval tiklanishiga ikki oy berishgandi, biroq keyin tez odam jo‘natinglar, degan buyruq keldi. Natijada reabilitatsiyani bir oyga qisqartirishdi, tig‘ tekkan joy buyruq bilan bitmaydi-ku axir. Shartnoma bo‘yicha harbiylarni ko‘rardim shtabda, frontga jo‘natishmasin deb yurak hovuchlab yurishardi. Safarbar qilinganlarga ola qarashardi, chunki biz ko‘proq oylik olamiz-da.
Komandirlar urushga borishdan bosh tortganlarga ta’na qiladi, hatto haqoratlaydi. Bir askar hammaning oldida “o‘laksa” deb atagani uchun “zampolit” ustidan prokuraturaga shikoyat qilgan edi, shundan keyin komissiya uning qattiq shamollashdan ko‘zi xira tortganini tan oldi. Shaxsan o‘zimga kelsam, urushga borishdan bo‘yin tovlaganimga achinmayman. Sud qamoqni shartli jazoga almashtiradi, degan umidim bor. Almashtirmaganda ham mayliga, qamoqda o‘tiraman, ammo bir kuni oilam bag‘riga tirik qaytaman”.
“Kuchuk va mushuklarni qiynashni o‘rgatishim kerak ekan”
2023-yilda Baykalorti o‘lkasi Borzinsk garnizoni sudi safarbarlik chog‘ida “jangovar topshiriqlar”ni bajarishdan bosh tortgani uchun bir harbiy xizmatchini 2 yilu 3 oyga manzil-koloniyaga jo‘natdi. Sud matbuot xizmati xabarnomasiga ko‘ra, u buyruqni bajarishdan va “safarbarlik davrida jangovar va maxsus vazifalarni bajarish uchun xizmat safariga jo‘nashdan” bo‘yin tovlagan. “Sibir.Realii” u Peterburg artilleriya akademiyasini tamomlagan ofitser ekanini aniqladi. Ota-onasi uning ism-familiyasini ochiqlamaslikni iltimos qilishdi.
“Bilasiz-ku, bizning mamlakatda bunaqa intervyular faqat ko‘ngilsizlik olib keladi, – deydi sudlangan ofitserning onasi. – Nega u xizmatdan bosh tortdi? Chunki bizning oilamiz har qanday agressiyaga qarshi. Mening otam Ulug‘ Vatan urushida qatnashgan, fashistlarga qarshi jang qilgan. Shunday ekan, nabirasi fashist bo‘lishiga men qanday yo‘l qo‘yay? Mening bolam hech qachon fashist bo‘lmaydi. U yer yuzida tinchlik bo‘lsin deb harbiylik kasbini tanlagan. Kimgadir hujum qilish uchun emas. O‘zga yurtda vatanini himoya qilarmish... Ol-a! Men, onasi o‘g‘lim odamlarni o‘ldirishni xohlamagani uchun uyalishim kerakmish. Yomon o‘g‘il tarbiyalagan emishman. Demak, bolaligidan mushuk va kuchuklarning ko‘zini o‘yib olishga o‘rgatishim kerak ekan. O‘shanda munosib vatan himoyachisi bo‘larkan. Tarbiyani eplolmaganim uchun, mana, o‘tiribman hasratda. Ikki yildan ziyod berishdi. Erimning bir tanishi qoradori bilan tushganda ikki yil shartli jazo berishgandi. Ana sizga adolat! Yo‘q, bekor aytibsanlar, men o‘g‘lim bilan faxrlanaman! U chin ofitser ishini qildi”.
Ayol o‘g‘li jazo muddatini o‘tab chiqqanidan so‘ng va urush tugagach armiyaga qaytishga umid qilayotganini, o‘zgarishlar bo‘lishidan umidvorligini aytadi.
“Xizmatga qaytgisi keladi, lekin qachonki siyosat o‘zgarsa. Qanday o‘zgarishini bilmayman, lekin hozirgidaqa bo‘lmasligi kerak. Bolam vatanini chin dildan sevadi. Uni himoya qilishga doim tayyor, ammo kimningdir manfaati uchun odam o‘ldira olmaydi. Komandirlari uning MHAga borishni istamaganini qanday qabul qilganidan xabarim yo‘q, lekin tergovchi va prokurorlar ancha tuzuk odamlar ekan. Kutmagandim. Nima bo‘layotganini tushunisharkan. Xizmatdoshlari ham xayrixohlik qilishdi. Bir yaqin o‘rtog‘i bor edi, ajoyib yigit. O‘sha ham frontga jo‘nashdan bosh tortibdi. Mamlakatimiz mana shunaqa odamlarga suyanishi kerak aslida. Biroq, afsuski, yaxshi odamlar bekorga o‘lib ketishyapti”.
“Odam o‘ldirish – gunoh, uni sira oqlab bo‘lmaydi”
2022-yil sentabrda Rossiya hukumati jinoyat kodeksi uchun yangi modda o‘ylab topdi – safarbarlik yoki harbiy harakatlar davrida komandir buyrug‘ini bajarmaslik (332-moddaning 2.1-qismi). Ushbu modda birinchi bo‘lib urushning beshinchi oyida jang qilishdan bosh tortgan leytenant Dmitriy Vasiletsga nisbatan tatbiq etildi.
Vasilets ikki do‘sti ko‘z oldida halok bo‘lganini aytgan edi. U ta’til olib frontdan qaytgach buddizm dinini qabul qiladi va 2022-yil avgustda xizmatdan bo‘shatishlarini so‘rab, ariza yozadi. Arizasi katta kabinetlarni aylanib yurganida esa safarbarlik boshlanib, harbiylarga xizmatdan bo‘shash taqiqlanadi. Sentabrda Vasiletsni yana frontga jo‘natmoqchi bo‘lishadi, ammo u diniy e’tiqodi bunga yo‘l qo‘ymasligini aytib, rad etadi. Oktabrda uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. 2023-yil aprelda esa sud Vasiletsga 2 yilu 5 oy manzil-koloniyada jazo o‘tashga hukm qiladi. Advokati Elvira Tarasova “Sibir.Realii” bilan suhbatda Vasilets allaqachon koloniyada ekanini aytdi.
Magadanlik aviadispetcher Andrey Kapatsin ham odam o‘ldira olmasligini aytib, urushga borishdan bosh tortgan. “Buyruqni bajarmagani uchun” sud unga 2 yilu 9 oy qamoq jazosini tayinlagan.
“21-sentabrda safarbarlik e’lon qilingan bo‘lsa, ertasiga ishxonada chaqiruv qog‘ozi oldim, – deydi Andrey. – Kadrlar bo‘limiga kir, deyishdi. Kirdim, shu zahoti qo‘limga tutqazishdi. Unda men 3 soat ichida narsalarim bilan yig‘uv punktiga borishim kerakligi ko‘rsatilgandi. Magadanda harbiy qism yo‘q, yig‘uv punktida harbiy komissariat vakili bizni Xabarovskka jo‘natishlarini aytdi. O‘sha yerda hamma tekshiriladi, keragicha odam olingach, qolganlarga ruxsat beriladi, dedi. Ammo hech qanaqa tekshiruv bo‘lgani yo‘q. Barcha yoppasiga Vladivostokka jo‘natildi.
Safarbarlikka qadar aviadispetcher bo‘lib ishlardim. Bilishimcha, bu kasb egalari urushga olinmaydi. Butun mamlakatda dispetcherlarga bron qilingan edi. Magadan filiali esa safarbarlik e’lon qilinganidan so‘nggina bron yoza boshladi. Besh kundan so‘ng bron qilinganlar ro‘yxati bilan meni qaytarish uchun so‘rov yo‘llashdi, lekin harbiy komissariat bronimni tan olmadi. 20-oktabrda esa menga “MHA” hududiga jo‘naysan, deyishdi, men bosh tortdim, chunki qo‘limga qurol olib birovni o‘ldirishni xohlamayman”.
Kapatsin komissariat qarori ustidan sudga arz qiladi, lekin da’vosini rad etadilar. U muqobil fuqarolik xizmatini o‘tash haqida ariza yozmaydi, balki komandir nomiga tushuntirish xati bitib, o‘z maslagini bayon qiladi. Andrey oktabrda urushga jo‘nashdan bosh tortgan bo‘lsa, unga nisbatan jinoyat ishi mart oyida ochiladi. Kapatsin hukm ustidan apellyatsiya beradi, lekin sud qarori chiqishini uyida kutishga ruxsat bermay, uni Vladivostokdagi 155-dengiz piyodalari brigadasi bazasida saqlashmoqda. Sud arizasini qachon ko‘rib chiqishi ham hozircha mavhum. Uyda Kapatsinni xotini kutmoqda.
“Nega ish oradan besh oy o‘tib qo‘zg‘atilganini bilmayman. Balki tepadan ruxsat kutishgandir. Bu orada bizga boshqa harbiy qismga o‘tib, sapyor bo‘lib xizmat qilishni taklif etishdi. Bu yerda urushga borishdan bosh tortganlar jami 10 kishimiz. Bizga biron ehtiyot chorasi qo‘llangani yo‘q. Men taqvodor odamman, Nasroniy yevangeliya cherkoviga e’tiqod qilaman. E’tiqodim menga odam o‘ldirishni man etadi. Qarorimdan afsuslanmayman. Boshqacha yo‘l tuta olmasdim. Bu yerda tanlovning o‘zi yo‘q. Odam o‘ldirish gunoh.
Men safarbar qilinishim ustidan fuqarolik tartibida sudga arz qilmoqchi bo‘ldim. Bron qilinganlar ro‘yxatida bor edim, rahbariyat meni harbiy qismdan qaytarishni so‘rab xat yuborgandi. Mening ixtisosligim 100 foiz bron qilinadi! Biroq sud da’vomni rad qildi. Ro‘yxat berilgan paytda sen harbiy xizmatchi maqomida bo‘lgansan, odamlar faqat tinchlik vaqtida bron qilinadi, deb turib oldi. Nega muqobil fuqarolik xizmatiga ariza bermadingiz, deysizmi? O‘zim ham bilmayman. Hozir bu haqida gapirishdan ma’no ham yo‘q. Bilasizmi, birinchi kuni chaqiruv qog‘ozi olmagan hamkasblarim hech qayoqqa borishmadi. Besh kundan so‘ng ularning bronlarini tasdiqlashibdi. Men ham bosh tortishimga to‘g‘ri kelmaydi, xizmatdan ozod qilishadi, deb umid qiluvdim”.
“Ikkinchi to‘lqin bo‘ladi”
Safarbarlik sharoitida komandir buyrug‘ini bajarmaslikka doim hukmlar odatda Ukrainaga jo‘natilishidan oldin harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bo‘yin tovlagan harbiy xizmatchilarga nisbatan chiqariladi, deydi Ongli itoatsizlar harakati koordinatori Yelena Popova. Bunaqa ishlar bo‘yicha jazo, masalan, dezertirlik uchun belgilanadigan jazoga nisbatan yengilroq bo‘ladi: odatda 2-2,5 yilga manzil-koloniyaga yuborishadi. Ekspertga ko‘ra, safarbarlik boshlanganidan so‘ng yarim yil o‘tib “buyruqqa itoatsizlar”ga nisbatan munosabat o‘zgargan: e’tiqodi yoki sog‘lig‘ini vaj qilib ariza bergan ayrimlarni hatto safarbarlik bo‘yicha harbiy xizmatdan ozod qila boshlaganlar. Biroq 2023-yil bahordan bunaqalar ustidan jinoyat ishlari ochila boshlangan.
“Birinchi bosqichda ko‘pchilikni harbiy qismda ushlab turishdi, frontga jo‘natishga harakat qilishdi, lekin ish ochganlari yo‘q. Ayrimlarni esa qo‘yib yuborishdi – shunaqa voqealar ham bo‘ldi. Hammasi odamning irodasiga bog‘liq: bo‘yin tovlaganlarning ko‘pchiligi bosimga chiday olmay, axiyri urushga borishga rozi bo‘ldi. Dastlabki kezlar biron kishini xizmatdan ozod qildira olsak yoki loaqal urushdan olib qolib, o‘z qismida qoldirishlariga erishsak, boshim ko‘klarga yetardi. Hukumat bunaqalarni nima qilishni bilmay garangsib qolgandek edi. Qistash, qo‘rqitish hozir ham bor, lekin jinoyat ishlari ko‘paygan. Bundan keyin yanada ko‘paysa kerak”.
Yelena Popova safarbarlikka qarshi kurashni harbiy qismga jo‘natishmasdan boshlash kerakligini, harbiy xizmatchi maqomi berilganidan so‘ng kurash imkon deyarli qolmasligini urg‘ulaydi.
“Qo‘lni qon qilgandan ko‘ra koloniyada o‘tirgan ming marta afzal – ham ma’nan, ham amaliy tomonlama. Biroq men, agar yana bir safarbarlik to‘lqini bo‘lsa, avvaliga armiyaga kirmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Safarbarlikdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik hozircha yo‘q. “Vijdon amriga ko‘ra xizmat qila olmayman”, degan mazmunda ariza berish mumkin. Voyenkomatga chaqirishsa, yolg‘iz emas, qonuniy vakil bilan birga borish lozim! U yerda esa chaqiruv komissiyasi kengashini talab qilish kerak – kengashda sizni xizmatga olish-olmaslik masalasi hal qilinadi.
Harbiy qismga tushgan taqdiringizda ham qarshilik ko‘rsatish yo‘li bor: bosh tortaman deya raport yozish, jo‘natish boshlanganida esa avtobusga o‘tirmaslik kerak. Bu yerda onalar va xotinlarning yordami juda muhim, chunki erkaklar “hammasi tamom” deb ruhan sinib bo‘lishadi odatda. Ayollar erlarini harbiy qismdan olib, psixiatrga eltganini, shifokor chuqur depressiya holatini aniqlab, ularga yarim yilgacha muolaja tayinlagan holatlarni ko‘rdim. Xullas, chora topsa bo‘ladi. Safarbarlikning ikkinchi to‘lqini bo‘ladimi? Ha, bo‘ladi. Ko‘nglim sezib turibdi, shuni hisobga olib tayyorgarlik ko‘ryapmiz”.
Rossiya hukumati safarbarlikning ikkinchi to‘lqiniga hojat yo‘q, deya bir necha marta bayonot bergan. “Na yalpi safarbarlik bo‘ladi, na ikkinchi to‘lqin. Nega bo‘lsin axir? Haqiqiy erkak, Vatan himoyachisi bu haqda o‘ylamaydi ham. Agar vaziyat ikkinchi to‘lqinni talab qilsa, mutlaqo hech kim chetda qola olmaydi... Hozir hamma ikkinchi to‘lqin bo‘larmikan, yo‘qmi, deya halak. Bo‘lmaydi. Ammo nima farqi bor? Vatanni himoya qilish kerak, kelinglar, shunga hamisha shay bo‘laylik”, - deb yozdi 24-iyul kuni o‘z telegram-kanalida Davlat Dumasi deputati Sergey Gurulyov.
Safarbarlikning birinchi to‘lqinidan keyinoq OAVlar Rossiya hukumati ikkinchi marta safarbarlik o‘tkazmaslik uchun 2023-yilda qariyb 400 ming kishini shartnomaviy xizmatga olmoqchi ekani haqida xabar bergan edi. 2023-yil iyunda mudofaa vaziri Sergey Shoygu 114 ming kishi – shartnoma bo‘yicha, yana 52 ming kishi ko‘ngilli sifatida xizmatga kirganini ma’lum qildi. Vazirga ko‘ra, kuniga 1336 kishi shartnoma imzolayotgan emish.
Ammo G‘arb mamlakatlari razvedkalari va Ukraina hukumati Rossiyada safarbarlikka hozirlik ko‘rilayotgani haqida ogohlantirmoqda. Darhaqiqat, Kreml safarbarlik imkoniyatlarini kengaytiruvchi qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Xususan, bir necha kun oldin Vladimir Putin zaxirada bo‘lishning eng yuqori yoshini besh yoshga uzaytirish to‘g‘risida farmon imzoladi. Yosh chegarasi birinchi toifadagi harbiy xizmatchilar uchun – 35 dan 40 yoshga, ikkinchi toifadagilar uchun – 45 dan 50 ga, uchinchi toifadagilar uchun 50 dan 55 ga uzaytirildi. Ofitser unvonli rossiyaliklar uchun ham yosh chegarasi uzaytirilgan: endilikda kichik ofitserlar 60 yoshgacha, katta ofitserlar esa 65 yoshgacha zaxirada deb hisoblanishi mumkin. Oliy ofitserlarning zaxirada bo‘lish uchun eng yuqori yoshi 70 yoshligicha qoldi.
Davlat Dumasi chaqiruvdan bo‘yin tovlaganlik uchun jarimani oshirdi, shuningdek harbiy xizmatga chaqirilgan shaxslarning chaqiruv qog‘ozi maxsus rey estrga joylangan ondan e’tiboran mamlakatdan tashqariga chiqishini taqiqladi. Mazkur taqiq fuqaro unga chaqiruv qog‘ozi yozilganini bilishi yoki bilmasligidan qat’iy nazar, tatbiq etiladi.