Qoraqalpoq vaziri "bizda bolalar mehnati yo‘q" dedi

“O‘zbekiston inson huquqlari Alyansi” bolalar mehnatiga oid hujjatlarga fotosuratlarni ham ilova qilgan edi.

O‘zbekistonda, hususan Qoraqalpog‘istonda majburiy bolalar mehnati yo‘q! Qoraqalpog‘iston xalq ta‘limi vaziri B. Nurabillayeva imzosi bilan “O‘zbekiston inson huquqlari Alyansi”ga kelgan maktubdan shunday ma‘no chiqadi.

Bundan oldin O‘zbekiston inson huquqlari Milliy markazi raisi Akmal Saidov “O‘zbekiston inson huquqlari Alyansi”dan iyun oyida ariza olgach bolalar mehnatidan noqonuniy foydalanilayotgani to‘g‘risidagi faktlarni tekshirishni boshlagan edi.

“O‘zbekiston inson huquqlari Alyansi” yozgan maktub va undagi dalillar Milliy markaz tomonidan Qoraqalpog‘iston xalq ta‘limi vazirligiga jo‘natilgan edi.

Shundan so‘ng Qorqalpog‘iston xalq ta‘limi vaziri o‘rinbosari Ahmad Narimbetov Toshkentga uchib kelib, “O‘zbekiston inson huquqlari Alyansi” rahbari Yelena Urlayeva bilan uchrashdi. Huquq faoli vazir o‘rinbosariga maktab o‘quvchilarining bahorgi dala ishlariga majburan jalb qilingani aks etgan fotosuratlar va boshqa hujjatlarni taqdim etgan.

Ahmad Narimbetov bu faktlarni tekshirib, natijasi haqida xabar berishni va‘da qilgan edi.

E‘tirozga o‘rin bor

Mana javob ham keldi. Javob bizni mutlaqo qoniqtirmaydi deydi “O‘zbekiston inson huquqlari Alyansi” rahbari Yelena Urlayeva:

- Qoraqalpog‘iston Xalq ta‘limi vazirligiga taqdim qilgan hujjatlarga biz fotosuratlarni va videotasvirlarni ilova qilgan edik. Biz Qoraqalpog‘istondagi aniq adreslar, maktab nomlarini birma bir keltirib, majburiy boalar mehnati mavjudligini faktlar bilan isbot qilganmiz. Ular bo‘lsa oqni qora deb turishibdi. Biz javobdan mutlaqo qoniqmadik.

Urlayeva bu javob yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga shikoyat yozishini aytdi.

Bundan oldin Qoraqalpog‘iston xalq ta‘limi vaziri o‘rinbosari Axmad Narimbetov Ozodlik bilan suhbatda haqiqatan ham Yelena Urlayevadan fotosuratlar va hujjatlar qabul qilib olganini tasdiqlagan edi.

Qoraqalpog‘iston hududida 2009 va 2010 yillarda majburiy bolalar mehnatini kuzatib monitoring qilgan O‘zbekiston Germaniya forumi ingliz va nemis tilida chop qilgan xisobotida juda aniq faktlar keltirilgan.

Paxta haqida qo‘shiq

Bu nashrlarga ilova qilingan “Paxta gulining tikoni” filmida ham Qoraqalpog‘istondagi majburiy bolalar mehnatiga oid faktlar tasvirlangan.

O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati yuzasidan kuzatuvni tashkil qilgan O‘zbekiston Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova, bu muammo Qoraqalpog‘istonda boshqa hududlardan ko‘ra yomonroqdir, deydi.

Qoraqalpog‘istonlik talabalar ijtimoiy tarmoqqa chiqargan “Paxta” filmi ham ta‘lim vazirligi mulozimlarining bu hududda majburiy mehnat yo‘q degan iddaolarini puchga chiqaradi.

http://www.youtube.com/embed/5qBbzLbBvhE

Youtubeda yoyinlangan bu filmda o‘qish o‘rniga dalaga haydalgan qoraqalpoq yoshlari hajv qilinadi.

Filmda qo‘shiq kuylagan talaba Temur Sultonov xirmonga ulush qo‘shaman deb o‘qishdan qolganlarning abgor ahvoli haqida kuylaydi.

Qoraqalpog‘iston maktablarida shu yilning bahorida monitoring o‘tkazgan “O‘zbekiston inson huquqlari Alyansi” rahbari Yelena Urlayevaning aytishicha, deyarli barcha qishloq maktablari fermer xo‘jaliklariga hokim buyrug‘i bilan biriktirib qo‘yilgan.