24-fevralda Vladimir Putin Ukrainaga asossiz bosqinini boshlaganidan buyon Yevropa Rossiya energiyasiga qaramlikdan qanday qutulish yo‘llarini izlamoqda.
27 davlatdan iborat Yevropa Ittifoqining ijro organi may oyida Rossiya tabiiy gaziga qaramligini yil oxirigacha uchdan ikki qismga kamaytirish rejasini kelishib oldi, 2027-yil oxiriga qadar Rossiyaning gazidan butunlay voz kechish rejalashtirilgan. Ittifoqning ko‘p qismida ko‘mirdan foydalanish avgust oyigacha taqiqlandi.
Biroq bosqinning dastlabki kunlarida ukrainalik faollar va nohukumat tashkilotlarning kompaniyani qora ro‘yxatga kiritish va Rossiyadan yadro yoqilg‘isi importini taqiqlash to‘g‘risidagi yozma murojaatlariga qaramay, "Rosatom"ni qora ro‘yxatga kiritishni muhokama qilish u yoqda tursin, sanksiyalarga ham kiritilmadi.
Mart oyida AQSh Prezident Jo Bayden AQShni Rossiya nefti, tabiiy gazi va ko‘mir importini taqiqlashni e’lon qildi biroq unda ham "Rosatom" haqida hech narsa aytilmadi. Xabarlarga ko‘ra, Bayden ma’muriyati "Rosatom" ga sanksiya berishni ko‘rib chiqdi, ammo yadro sanoati lobbisi va Baydenning toza energiyaga o‘tishning bir qismi sifatida atom energiyasini foydalanish rejalaridan so‘ng bu amalga oshmadi deya xabar beradi Reuters.
“Buning sabablaridan biri, albatta, uran va yadro yoqilg‘isiga qattiq bog‘liqlikdir, chunki atom energiyasidan foydalanadigan 32 davlatning aksariyati yadroviy yoqilg‘i yetkazib berish zanjirining ma’lum bir qismida Rossiyaga tayanadi”, dedi energiya siyosati bo‘yicha ukrainalik tahlilchi Oksana Ananyeva Ozodlik bilan suhbatda.
Raqamlar
May oyida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, 2021-yilda dunyo bo‘ylab ishlayotgan 439 ta yadro reaktorining 38 tasi Rossiyada, 42 tasi Rossiya yadro reaktori texnologiyasi bilan ishlab chiqarilgan va yana 15 tasi Rossiya texnologiyasi asosida qurilmoqda. Mazkur ma’lumot Kolumbiya universitetining Global energiya siyosati markazi tomonidan e’lon qilindi.
Rossiya, shuningdek, yadroviy yoqilg‘ining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan uran manbai hisoblanadi. Yevropa uranning 20 foizini Rossiyadan oladi. Qo‘shma Shtatlar ham uranning 16 foizini Rossiyadan oladi, yana 30 foizini Moskvaning ikki yaqin hamkori Qozog‘iston va O‘zbekistondan oladi.
Kolumbiya universiteti hisobotiga ko‘ra, Rossiya 2020-yilda dunyodagi uranni konversiyalash bo‘yicha jami infratuzilmaning 40 foiziga va 2018 yilda uranni boyitish bo‘yicha dunyodagi umumiy quvvatning 46 foiziga egalik qilgan.
Yevropa Ittifoqi yadro energetikasini qayta ko‘rib chiqyaptimi?
Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda "Rosatom" atom energetikasi lobbichilari Yevropa Ittifoqini atom energiyasini qabul qilishga ko‘ndirish harakatlarida ishtirok etgan. Chunki blok energiyaning toza shakllariga tezroq o‘tishni ko‘rib chiqmoqda. Greenpeace ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining yangi yadroviy quvvatini qurish taxminan 500 milliard yevro (521 milliard dollar)ga tushishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi halokatli global isishning oldini olish uchun 2050-yilga qadar nol emissiya maqsadiga erishish uchun kurashmoqda. Ushbu jarayonning bir qismi iqlimga mos keladigan sarmoya nima ekanligini va nima emasligini aniqlashdan iborat. Bryusseldagi etakchilar Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevroparlamentdan yadro energetikasini o‘zlarining "taksonomiya" siyosatiga barqaror sarmoya sifatida "yashil" investitsiyalarga kiritish uchun ruxsat olishni talab qilmoqda.
Greenpeace faollari Moskvadagi Rosatom qarorgohi oldida norozilik namoyishida. 19-aprel, 2011
17-may kuni e’lon qilingan hisobotda Greenpeace Rossiya energetika kompaniyalari, jumladan, "Gazprom" Yevropa Ittifoqi komissarlari va yuqori martabali amaldorlar bilan Yevropa Komissiyasi o‘z harakat rejasini e’lon qilganidan beri to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki sho‘ba korxonalari va lobbi guruhlari orqali kamida 18 marta uchrashganini aniqlaganini bildirdi.
5-may kuni Istanbulda "Rosatom" ijrochi direktori bilan uchrashgandan so‘ng Vengriya tashqi ishlar vaziri Piter Siyyarto o‘z bayonotida Paksda "Rosatom" bilan hamkorlikda qurilishi rejalashtirilgan ikkita yangi blok Vengriyaning strategik manfaatlariga xizmat qilishini aytdi.
Biroq, Finlyandiya "Rosatom" bilan rejalashtirilgan reaktor loyihasidan chiqib ketayotganini e’lon qildi. 2-may kuni Finlyandiya boshchiligidagi Fennovoima konsorsiumi Ukrainadagi urush tufayli kechikishlar va xavflar kuchayganini vaj qilib, Rosatom bilan shartnomani bekor qilganini e’lon qildi.
Finlyandiya sho‘ba korxonasi orqali konsorssiumning 34 foiz ulushiga ega bo‘lgan "Rosatom" 6-may kuni shartnoma “noqonuniy bekor qilingani” uchun tovon talab qilishini ma’lum qildi.
Yevropaning qaramligi
Germaniyaning Siemens kompaniyasi yaqinda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralashini va Rossiyadagi "barcha yangi biznesni" to‘xtatganini, lekin "Rosatom" bilan allaqachon ishga tushirilgan yadroviy loyihalarni hurmat qilishini aytdi.
Fransiyaning Framatome yadroviy konglomerati hozirgacha "Rosatom" bilan hamkorlikni to‘xtatishdan bosh tortdi. 2021-yil dekabr oyida "Rosatom" va "Framatome" yadroviy yoqilg‘i va texnologiyalarni ishlab chiqishda sa’y-harakatlarni kengaytirish bo‘yicha “strategik hamkorlik” bitimi imzolagan.
“Yevratom ta’minot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidagi 103 ta elektr stansiyasidan 18 tasi, ya’ni Yevropa Ittifoqi yalpi yadroviy elektr quvvatining 10 foizini tashkil etuvchi stansiya Rossiya yoqilg‘isi ta’minotiga bog‘liq”, - deyiladi Nucleareurope Ozodlik radiosiga bergan bayonotida.
"Bular Bolgariya, Chexiya, Vengriya va Slovakiyadagi ba’zi operatorlarga va Finlyandiyada bitta operatorga tegishli. Aniqroq aytganda, bu yoqilg‘i Rossiyaning VVER-440 va VVER-1000 reaktor texnologiyalari uchun mo‘ljallangan. Bu mamlakatlarning aksariyati sobiq Sovet Ittifoqi bilan umumiy tarixga ega”, deb ta’kidladi Nucleareurope.
Vashington Chexiyaga Rossiya loyihlashtirgan oltita reaktorlari uchun yoqilg‘ini diversifikatsiya qilishga yordam berishga va’da berdi. AQShda joylashgan Westinghouse va Framatome kompaniyalari 2024-yilda Temelin atom elektr stansiyasiga yadro yoqilg‘isini yetkazib berishni boshlashi kerak, bu haqda aprel oyida Chexiya davlat kommunal kompaniyasi e’lon qildi.
Vengriyadagi Paks atom elektr stansiyasi.
2021-yilda Westinghouse Bolgariyaning Kozloduy atom elektr stansiyasi bilan yoqilg‘ini litsenziyalash to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi va bu Bolgariyaning energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishda oldinga qo‘yilgan katta qadam sifatida ta’riflandi.
Shartnoma, shuningdek, Westinghouse Ukrainada qurishi mumkin bo‘lgan yangi yadroviy reaktorlar sonini avvalgi beshtadan to‘qqiztaga oshirishini ham ko‘zda tutadi. Kompaniya mamlakatda muhandislik markazini tashkil etishga ham va’da bergan.
Asta-sekin, lekin ishonchli tarzda Yevropada yadro yoqilg‘isi ulushi pasayib bormoqda, dedi Ananyeva Ozodlikka yo‘llagan murojaatida.
“Atom elektr stansiyalarini boshqarayotgan Yevropa Ittifoqining 13 davlatidan faqat uchtasi – Bolgariya, Slovakiya va Vengriya butun atom energiyasi ishlab chiqarishda faqat Rossiya yoqilg‘isidan foydalanmoqda”, deb tushuntirdi energetika siyosati tahlilchisi Ananyeva.
"Boshqa ikki davlat - Finlyandiya va Chexiya Westinghouse tomonidan ishlab chiqarilgan yoqilg‘idan foydalangan holda yoqilg‘i ta’minotini muvaffaqiyatli diversifikatsiya qildi. Shunday ekan, Ukraina bu holatda namuna qilib ko‘rsatiladigan yagona davlat emas".